Shavkat Mirziyoyev: Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat ko‘rib chiqamiz

Shavkat Mirziyoyev: Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat ko‘rib chiqamiz

Prezident Shavkat Mirziyoyev 14 aprel kuni global inqiroz va pandemiya sharoitida O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi oldida turgan dolzarb vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishi avvalida koronavirus infeksiyasiga qarshi kurash doirasida mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ishlarga yana bir bor alohida to‘xtalib o‘tdi.

Davlatimiz rahbari, jumladan, shunday dedi:

– Kundalik matbuotdan xabaringiz bor, butun dunyoda, jumladan respublikamizda ham kasallikka chalinganlar soni tobora ko‘payib borayotgani barchamizdan, butun xalqimizdan hushyorlik va ogohlikni keskin kuchaytirishni, karantin bilan bog‘liq joriy etilgan barcha tartib-qoidalarga so‘zsiz va qat’iy amal qilishni talab etmoqda.

Albatta, barcha amalga oshirayotgan sa’y-harakatlarimiz hamda shifokorlarimizning qahramonona mehnatlari evaziga bugungacha ushbu kasallikka chalingan 100 nafar yurtdoshimiz to‘liq tuzaldi.

Karantinga olingan 222 ming nafar kishidan 141 ming nafari undan chiqarildi.

Mavjud vaziyatdan kelib chiqib, Hukumat komissiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari quyidagi kechiktirib bo‘lmaydigan choralarni ko‘rishlari zarur.

Birinchidan, biz pandemiya bilan bog‘liq jarayonlarning izidan quvib emas, balki uning barvaqt oldini olish uchun bor kuch va imkoniyatlarimizni va barcha resurslarimizni safarbar etishimiz zarur.

Ikkinchidan, mavjud vaziyatni har tomonlama chuqur tahlil qilib, bo‘lajak xavf-xatarlarni, ular bilan bog‘liq muammolarni oldindan prognoz qilishimiz va ularning yechimiga aniq reja va puxta choralarimiz bilan tayyor turishimiz zarur.

Uchinchidan, bu kasallikni yengish uchun barcha davlatlar va xalqaro tashkilotlar bilan o‘zaro hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz kerak.

Xitoy, Janubiy Koreya, Rossiya, Isroil, Buyuk Britaniya, Germaniya va Yaponiyaning yetakchi mutaxassislari bilan bemorlarni davolash bo‘yicha telemeditsina orqali olib borayotgan muloqotlarimizni boshqa ilg‘or davlatlar bilan ham kengaytirishimiz, ularning tavsiyalarini o‘zimizda faol joriy etishimiz shart.

Bugun Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi ekspertlari bilan o‘tkazilgan videokonferensiya ham, albatta, bemorlarimizni davolashda o‘zining ijobiy natijasini beradi, deb qat’iy ishonaman.

To‘rtinchidan, Respublika komissiyasi mutasaddi vazirlik va idoralar bilan birga, joylardagi hokimlar, sektorlar rahbarlarining koronavirus tarqalishi oldini olish hamda uning iqtisodiyot va insonlar hayotiga salbiy ta’sirini imkon qadar cheklash uchun mas’uliyatini yanada oshirish choralarini kuchaytirishi kerak.

Ayniqsa, hokimlar va sektor rahbarlari aholining eng muhim hayotiy ehtiyojlarini to‘liq ta’minlash, narx-navoning oshib ketmasligiga erishish va kam ta’minlangan oilalarni qo‘llab-quvvatlash borasidagi ishlar samaradorligi uchun shaxsan javob beradi.

Ayni paytda, kam ta’minlangan, ehtiyojmand va yordamga muhtoj oilalarga muruvvat va saxovat ko‘rsatish, ularning holidan xabar olish, bu kabi ezgu tashabbuslarni ko‘paytirish joylardagi barcha mutasaddi rahbarlarning asosiy vazifalaridan biri bo‘lmog‘i lozim.

Hurmatli do‘stlar!

Ta’kidlash kerakki, pandemiya va karantin bilan bog‘liq mavjud qiyinchiliklarga qaramasdan, xalqimiz tushkunlik va sarosimaga tushgani yo‘q.

Mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan biron-bir tizim to‘xtab qolmadi. Biz vaziyatdan kelib chiqib, xalqimizning sog‘lig‘ini o‘ylab, ishimizni boshqa shaklda tashkil etyapmiz.

Aqliy mehnat, ta’lim-tarbiya bilan bog‘liq faoliyat turlari masofadan turib, “onlayn” rejimda olib borilmoqda.

Shu bilan birga, rahbarlarga murojaat qilib shuni aytmoqchimanki, respublikamiz hududlarida qishloq xo‘jaligida, sanoat va qurilish, iqtisodiyotning boshqa ustuvor tarmoqlarida, tadbirkorlik sub’yektlarida ishlarni samarali davom ettirishimiz kerak.

Chunki kun kutib turmaydi, hayot davom etmoqda. Bugungi yo‘qotilgan vaqt va imkoniyatlarni ertaga tiklab bo‘lmaydi.

Bizning oldimizda 34 millionlik aziz xalqimizni boqish barobarida qanchadan-qancha yetishtirgan mahsulotlarimizni chetga eksport qilish vazifalari ham turibdi.

Albatta, biz yaxshi tushunamiz, uyda o‘tirish oson ish emas, lekin biz ayni paytda elimizning sog‘lig‘ini va hayotini saqlab qolish uchun eng maqbul vosita sifatida shu tavsiyaga amal qilishga majburmiz.

Biz karantinni qachon bekor qilishni xalqimiz bilan bamaslahat, har tomonlama chuqur o‘ylab va tahlil qilib, albatta, ko‘rib chiqamiz.

Ko‘pni ko‘rgan, turli sinovlarda toblangan mard va matonatli xalqimiz bilan bu vaqtinchalik qiyinchiliklarni biz, albatta, yengib o‘tamiz.

Buyuk shoirimiz Abdulla Oripov qalamiga mansub, hammamiz g‘urur bilan kuylaydigan Davlat madhiyamizda “Ulug‘ xalq qudrati jo‘sh urgan zamon”, degan chuqur ma’noli so‘zlar bor.

Chindan ham, mana shunday murakkab va sinovli damlarda biz ulug‘ va mehnatkash xalqimizning qudrati, aql-zakovati va sabr-matonati, mehr-oqibati va samimiyati bilan ushbu og‘ir sinovlarni ham, albatta, yengib o‘tamiz, – deb ta’kidladi Prezident Shavkat Mirziyoyev.

Davlatimiz rahbari, shuningdek, markaziy idoralar rahbarlaridan, boshqa mutasaddilardan ular biriktirilgan hududlarda har bir bemor ahvoli yuzasidan hisobot oldi, yaratilgan sharoitlar haqida batafsil so‘rab surishtirdi.

Undan tashqari, respublika ixtisoslashtirilgan tibbiyot ilmiy markazlari rahbarlari o‘zlari mas’ul bo‘lgan hududlardagi har bir bemor holidan shaxsan xabar olishlari, davlatimiz tomonidan yana qanday sharoit va yordam kerakligi ustida tinimsiz qayg‘urishlari zarurligi ta’kidlab o‘tildi. Hech bir fuqaro qiyinchilik bilan yuzma yuz qolmasligi yana bir bor alohida qayd etildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar