Shavkat Mirziyoyev: Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz

Shavkat Mirziyoyev: Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahriga tashrifi dasturining birinchi tadbiri o‘laroq oliy darajadagi muzokaralar bo‘ldi.

Kremlda davlatimiz rahbarini Rossiya Prezidenti Vladimir Putin kutib oldi.

Suhbat chog‘ida strategik sheriklik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada mustahkamlash masalalari ko‘rib chiqildi.

Ta’kidlash joiz, O‘zbekiston Prezidentining Rossiyaga davlat tashrifi bilan kelishi aynan shu kunlarga rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi ushbu rejalarni o‘zgartirib yubordi, tadbir boshqa muddatga ko‘chirildi.

Uchrashuv boshida Rossiya Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Buyuk G‘alabaga bag‘ishlangan tantanalarda ishtirok etish taklifini qabul qilgani uchun minnatdorlik bildirdi.

Vladimir Putin mamlakatimiz Qurolli Kuchlari vakillari mustaqil O‘zbekiston tarixida ilk bor ertaga, 24 iyun kuni Qizil maydonda bo‘lib o‘tadigan paradda ishtirok etishi haqida so‘z yuritar ekan, «bu o‘ziga xos ittifoqchilik munosabatlarimizning yaqqol namoyishi» ekanini ta’kidladi.

Rossiya Prezidenti, shuningdek, O‘zbekiston xalqi G‘alabaga ulkan hissa qo‘shganini, yurtdoshlarimiz front ortida fidokorona mehnat qilganini, elimiz evakuatsiya qilinganlarni bag‘rikenglik bilan qabul qilganini mamnuniyat bilan qayd etdi. Toshkent shahrida G‘alaba bog‘i tashkil etilgani alohida ta’kidlandi.

Davlatimiz rahbari, o‘z navbatida, Vladimir Putin va butun Rossiya xalqini ulug‘ ayyom bilan tabrikladi. «Bu – bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamiz”, - dedi Shavkat Mirziyoyev. Toshkentdagi G‘alaba bog‘ining Yodgorlik majmuasi fondini boyitish, shuningdek, O‘zbekiston xalqining G‘alabaga qo‘shgan hissasi to‘g‘risida yanada haqqoniy statistik ma’lumotlarni olish maqsadida arxiv materiallarini taqdim etishga tayyorlik namoyish etgani uchun Rossiya tomoniga minnatdorlik bildirildi.

Prezidentlar keyingi yillarda ikki tomonlama aloqalar jadal rivojlanib borayotganini katta mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Jahon inqirozi oqibatlarining salbiy ta’siriga qaramay, mamlakatlarimiz o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi izchil o‘smoqda. Xususan, o‘tgan yili ushbu ko‘rsatkich 6,6 milliard dollarga yetgan. Joriy yilning ilk oylarida o‘zaro savdo hajmi qariyb 2 milliard dollarni tashkil etdi.

Ikki davlat yetakchi kompaniyalarining kooperatsiyasi kengaymoqda: bugungi kunda 2 mingga yaqin qo‘shma korxona faoliyat yuritmoqda, yurtimiz iqtisodiyotining barcha asosiy tarmoqlarini qamrab olgan holda qiymati 12 milliard dollardan ziyod bo‘lgan yangi investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda.

Umuman, Rossiyaning O‘zbekiston iqtisodiyotiga kiritgan investitsiyalari hajmi 10 milliard dollardan oshdi.

Hamkorlikning yana bir ustuvor yo‘nalishi - fan va ta’lim sohalaridagi faol almashinuvlar. Keyingi bir necha yilda yurtimizda Rossiya yetakchi oliy ta’lim muassasalarining 7 ta filiali tashkil etildi. Ularning umumiy soni 10 taga yetdi. Rossiyaning yana 4 ta universiteti filiallarini ochish rejalashtirilgan.

Bunday o‘zaro manfaatli va samarali hamkorlikka ko‘plab misollar keltirish mumkin.

Bu nafaqat savdo, investitsiyalar, transport va ta’lim, balki qishloq xo‘jaligi, fan va innovatsiyalar, sog‘liqni saqlash, madaniyat, turizm va boshqa muhim yo‘nalishlardir.

Davlat rahbarlari O‘zbekiston-Rossiya munosabatlarining dolzarb masalalarini batafsil ko‘rib chiqdilar.

Faol muloqotni davom ettirish hamda Hukumat rahbarlari darajasidagi Qo‘shma komissiya va Hukumatlararo komissiya faoliyati doirasida kelishuvlarni hayotga tatbiq etish muhimligi qayd etildi.

Ikki mamlakat hukumatlariga bo‘lajak oliy darajadagi tashrifga puxta tayyorgarlikni davom ettirish, bunda yangi iqtisodiy dasturlar va ilg‘or investitsiya loyihalariga e’tibor qaratish topshirildi.

Prezidentlar xalqaro va mintaqaviy masalalar yuzasidan ham fikr almashdilar, bo‘lajak uchrashuvlar rejasini, shu jumladan MDH va ShHTning navbatdagi sammitlariga tayyorgarlik ko‘rish va ularni o‘tkazish borasida anglashib oldilar.

Shu bilan Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Vladimir Putinning uchrashuvi yakuniga yetdi.

Ertaga davlatimiz rahbari fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirlarda ishtirok etishi rejalashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar