Shavkat Mirziyoyev G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanada ishtirok etdi (foto)

Ma’lumki, bu yil Rossiya Federatsiyasi poytaxti Moskva shahrida Buyuk G‘alabaning 75 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbir 9 may kuni o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Ammo koronavirus pandemiyasi sababli uni tashkillashtirish keyingi muddatlarga surildi. Zafarli 1945 yilda G‘alabaning birinchi markaziy paradi 24 iyun sanasida o‘tkazilgani bois joriy yil ham bunday tantana uchun aynan shu kun tanlandi.

Mazkur tarixan muhim voqeani birgalikda nishonlash maqsadida Rossiya hukumati muzaffar mamlakatlar rahbariyatlari nomiga taklifnomalar yubordi. O‘zbekiston ham, albatta, o‘sha g‘olib davlatlar sirasida. Xalqimizning o‘sha mash’um urushda muvaffaqiyat uchun qo‘shgan hissasi, hech mubolag‘asiz, ulkan.

Masalan, so‘nggi paytlarda olib borilgan tadqiqotlar natijasida yurtimizdan 2 millionga yaqin kishi urushga safarbar etilgani aniqlandi. Front ortida ham o‘zbekistonliklar ko‘rsatgan matonat kelajak avlodlarga cheksiz faxr va iftixor bag‘ishlaydi.

Shu bois mamlakatimiz vakillari G‘alabaning 75 yillik shonli sanasi munosabati bilan Moskva shahrida o‘tkaziladigan tantanaga taklif etildi.

Ta’kidlash joiz, pandemiya butun dunyoga o‘z ta’sirini ko‘rsatayotgan hozirgi og‘ir sharoitda davlatimiz rahbarining bunday tadbirda ishtirok etishining o‘zi ajdodlarga xos qahramonlik ifodasidir. Ekspertlar fikriga qaraganda, mustaqil O‘zbekiston Prezidentining ilk bor qatnashishi paradning nufuzini sezilarli darajada oshiradi.

Harbiylarimiz ham mazkur tadbirda yurtimiz istiqlolga erishganidan keyin birinchi bor ishtirok etishlari. Zero, davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev kecha Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan Kremlda bo‘lib o‘tgan uchrashuvida ta’kidlanidek, bu bizning umumiy tariximiz, umumiy g‘alabamizdir. Xalqlarimiz namoyish etgan jasorat barchamiz uchun cheksiz g‘urur manbai bo‘lib xizmat qiladi.

Mamlakatimiz rahbari Moskvaning Qizil maydonida bo‘lib o‘tgan tantanali tadbirda o‘z ishtiroki bilan O‘zbekiston elining shonli G‘alabaga erishishdagi umum e’tirof etilgan buyuk xizmatiga hurmat bajo keltirdi.

Shu bilan bir qatorda, mard va jasur xalqimizning shafqatsiz urush sabab chekkan mislsiz aziyati, azob-uqubatlari yana bir bor xalqaro maydonda yodga olindi.

Bo‘lib o‘tgan paradda O‘zbekiston Qurolli Kuchlari vakillari ham ulug‘ ajdodlarga munosib tarzda ishtirok etdi. Umumiy hisobda, tantanada 13 ta davlatdan 225 ta harbiy texnika, 14 ming askar va ofitser qatnashdi. Rossiya poytaxti osmonidan 55 samolyot va 20 ta vertolyotning uchib o‘tishi bayramga o‘zgacha ruh bag‘ishladi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar