Shavkat Mirziyoyev: Odamlarning daromadini oshirish sanoat rivoji bilan chambarchas bog‘liq

Shavkat Mirziyoyev: Odamlarning daromadini oshirish sanoat rivoji bilan chambarchas bog‘liq

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida 12 avgust kuni hududlarda sanoatni rivojlantirish, raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarishni kengaytirish masalalari bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.

Sanoat korxonalari iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, ish o‘rinlarini saqlab qolish va yangilarini yaratishda muhim o‘rin tutadi. Shu bois pandemiyaga qaramasdan mamlakatimizda bunday korxonalarning uzluksiz ishlashi uchun sharoitlar yaratib berildi.

Buning natijasida yilning birinchi yarmida “O‘zeltexsanoat”, “O‘zavtosanoat”, to‘qimachilik, charm-poyabzal, metallurgiya, elektr energiyasi tarmoqlarida o‘sishga erishilgan. Qo‘rg‘ontepa, Qumqo‘rg‘on, Romitan, Muzrabot, Izboskan, Norin va Yangibozor tumanlarida sanoat ishlab chiqarish hajmi bir necha barobar ko‘paygan.

Lekin, umumiy hisobda olganda, birinchi yarim yillikda sanoat mahsuloti hajmi 167 trillion so‘mni tashkil etib, o‘tgan yilgiga nisbatan 1,9 foizga kamaygan.

Tahlillarga ko‘ra, qolgan olti oyda 229 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarib, yil yakunigacha bu boradagi ko‘rsatkichni 3,5 foizga oshirish uchun barcha imkoniyatlar bor. Buning uchun hozirgi murakkab va favqulodda holatdan kelib chiqib, sanoat siyosati, ish uslubi va yondashuvlarni o‘zgartirish, raqobatbardosh tovarlar zanjirini tashkil etish zarur.

Videoselektor yig‘ilishida shu boradagi dolzarb masalalar muhokama qilindi. Eng avvalo, hududlar va tarmoqlar yaqin hamkorlikda ishlashi muhimligi ta’kidlandi.

Misol uchun, Qoraqalpog‘istonda ikkinchi yarim yillikda 7,8 trillion so‘mlik sanoat mahsuloti ishlab chiqarish rejalashtirilgan. 5 ta yirik loyihani foydalanishga topshirish mo‘ljallangan. To‘qimachilik, kimyo tarmoqlaridagi bu loyihalar hisobidan 500 ta yangi ish o‘rni tashkil etiladi.

Xuddi shunday, Toshkent shahri va viloyatlarda ham katta rejalar belgilangan.

Davlatimiz rahbari ularga birma-bir to‘xtalib, sanoat korxonalarida ishlab chiqarish marralarini kafolatli ta’minlash va investitsiya loyihalarini yakunlash bo‘yicha ko‘rsatmalar berdi.

Tarmoq va hududlarning o‘zaro hamkorligiga mas’ul ishchi guruh tuzib, hududlarga chiqqan holda, korxonalarning muammolarini hal qilish va qo‘shimcha zaxiralarni safarbar etish orqali sanoat ishlab chiqarish hajmini oshirish zarurligi ta’kidlandi.

Prezidentimiz “sanoat klasterlari”ni yo‘lga qo‘yish masalasiga alohida ahamiyat qaratdi.

Misol uchun, Namanganda to‘qimachilik va u bilan bog‘liq tarmoqlar, Navoiy viloyatida qurilish va bezak materiallari, Toshkent viloyatida farmatsevtika, Toshkent shahrida elektronika va mebel bo‘yicha “sanoat klasterlari”ni tashkil etish uchun tadbirkorlik muhiti shakllangan. Lekin, shu bilan birga, raqobatdosh mahsulot chiqarish uchun klasterda ilm, innovatsiya, loyiha, moliya, injiniring va investitsiya tashkilotlari bo‘lishi kerak.

Bosh vazir o‘rinbosariga ushbu tizimni yo‘lga qo‘yish, har bir hududda “sanoat klasterlari”ni tashkil etish vazifasi yuklatildi.

Pandemiya oqibatida 11 mingta sanoat korxonasining daromadi tiklangani yo‘q. Ularning asosiy qismi to‘qimachilik, oziq-ovqat, mebelsozlik, metall buyumlar, qurilish materiallari korxonalaridir.

Shu bois, to‘liq quvvatda ishlamayotgan korxonalarni jonlantirish, ularga borib, xomashyosi, aylanma mablag‘i, mahsulot bozori bilan bog‘liq masalalarga ko‘maklashish bo‘yicha topshiriqlar berildi. Hokimlar sanoat bilan shaxsan shug‘ullanishi kerakligi ta’kidlandi.

Iqtisodiyot tarmoqlarini elektr energiyasi va tabiiy gaz bilan barqaror ta’minlash, barcha loyihalarni o‘z vaqtida ishga tushirish bo‘yicha ko‘rsatmalar berildi.

Sanoat kooperatsiyasi va mahalliylashtirish masalalari atroflicha muhokama etildi. Rejadagi 133 ta loyiha ishga tushmagani, yana 261 tasi to‘liq quvvatga yetmagani, oqibatda 1,1 trillion so‘mlik mahsulot ishlab chiqarilmay qolgani ko‘rsatib o‘tildi. Bu boradagi kamchiliklar viloyatlar kesimida tahlil qilinib, ularni hal etish choralari belgilandi.

Pandemiya davrida mahsulotni namoyish qilish imkoniyati cheklangani bois Elektron kooperatsiya portalidan keng foydalanish muhimligi ta’kidlandi.

Mamlakatimizda ishlab chiqarilayotgan barcha tovarlarni ushbu kooperatsiya portaliga joylashtirish, uning maqomi va savdo hajmlarini keskin ko‘tarish bo‘yicha topshiriq berildi.

– Odamlarning daromadini oshirish, yangi ish o‘rinlari yaratish, investitsiyalar jalb qilish sanoat rivoji bilan chambarchas bog‘liq. Shuning uchun sanoat masalalari bundan buyon ham doimiy e’tiborimiz markazida bo‘ladi, – dedi Prezident.

Yig‘ilishda Bosh vazir o‘rinbosarlari, sanoat tarmoqlari rahbarlari va hokimlar axborot berdi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar