Shavkat Mirziyoyev suv omborida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi (foto)

Shavkat Mirziyoyev suv omborida olib borilayotgan ishlarni ko‘zdan kechirdi (foto)

Prezident Shavkat Mirziyoyev bugun, 3 may kuni Sirdaryo viloyatida bo‘lib, Sardoba suv ombori hududida amalga oshirilayotgan tiklash-ta’mirlash ishlari bilan yaqindan tanishdi.

Ma’lumot o‘rnida shuni aytish lozimki, mazkur suv inshooti Sirdaryo va Jizzax viloyatlaridagi 6 ta tuman ekin maydonlarini suv bilan ta’minlash maqsadida barpo etilgan. Hozirgi vaqtda toshqin yuz bergan joyda 2 ta brigada tashkil etilib, to‘g‘on yorig‘ining chap va o‘ng qirg‘oqlarida jadal ish olib borilmoqda. Bu jarayonga yuzlab malakali mutaxassislar, mingdan ortiq maxsus texnikalar jalb etilgan. Katta harsang toshlar, beton bloklar va plitalar, boshqa tegishli qurilish materiallari keltirilib, to‘g‘on oldida yarim aylana shaklida to‘siq devor barpo etilmoqda. Ishchi-muhandislar, haydovchilar uchun barcha sharoit yaratilib, sa’y-harakatlar kechayu kunduz tashkil etilgan.

Shavkat Mirziyoyev bajarilgan ishlarni sinchiklab ko‘zdan kechirib, mutasaddi rahbarlar va mutaxassislarga zarur ko‘rsatmalar berdi.

Ma’lumki, suv toshqini asosan Sirdaryo viloyatining Sardoba, Oqoltin va Mirzaobod tumanlari aholi punktlari va ekinzorlariga zarar yetkazgan. Hukumat komissiyasi tomonidan amalga oshirilgan tezkor chora-tadbirlar natijasida ushbu tumanlardagi 22 ta qishloqdan jami 60 mingdan ziyod aholi evakuatsiya qilingan edi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar