Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Shavkat Mirziyoyev Xitoy delegatsiyasini qabul qildi

Bugun, 2 mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev mamlakatimizda amaliy tashrif bilan bo‘lib turgan Xitoy Kommunistik partiyasi Markaziy qo‘mitasi Siyosiy byurosi a’zosi, Tashqi ishlar bo‘yicha komissiya devonxonasi rahbari Yan Szechi boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Davlatimiz rahbari bugungi kunda O‘zbekiston va Xitoyni do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklik munosabatlari yaqindan bog‘lab turganini qayd etdi.

Mamlakatlarimiz yetakchilarining muntazam uchrashuvlari ikki tomonlama hamkorlikni sifat jihatidan yangi darajaga ko‘tarish, uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini berdi.

Birgalikdagi sa’y-harakatlar tufayli o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi izchil ortib bormoqda. Xitoyning ilg‘or kompaniyalari va moliyaviy institutlari ishtirokida O‘zbekistonda yirik investitsiya loyihalari amalga oshirilmoqda. Madaniy-gumanitar almashinuvlar kengaymoqda.

Yuqori martabali mehmon Prezidentimizga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va eng ezgu tilaklarini yetkazdi. Yan Szechi yangi turdagi koronavirus tarqalishiga qarshi kurashda ko‘rsatilayotgan ko‘mak uchun Xitoy rahbariyatining minnatdorligini yana bir bor izhor etdi hamda bu borada yaqindan hamkorlikni davom ettirishga tayyor ekanini tasdiqladi.

Uchrashuvda ko‘p qirrali O‘zbekiston-Xitoy sherikligining dolzarb masalalari muhokama qilindi, bo‘lajak oliy darajadagi tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.

Mamlakatimizda energetika, neft-gaz, kimyo, to‘qimachilik, qishloq xo‘jaligi va iqtisodiyotning boshqa tarmoqlarida hamda infratuzilmani modernizatsiya qilish bo‘yicha ustuvor loyihalarni birgalikda ishlab chiqish va amalga oshirishni davom ettirish zarurligiga alohida e’tibor qaratildi.

Shuningdek, xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, ShHT va boshqa tuzilmalar doirasidagi konstruktiv muloqotni mustahkamlash, shuningdek, “Bir makon, bir yo‘l” tashabbusini ilgari surish doirasidagi hamkorlik yuzasidan fikr almashildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar