Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari bo‘yicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi

Shavkat Mirziyoyev: Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari bo‘yicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi

Davlatimiz rahbarining tumanga avvalgi tashrifi chog‘ida bu korxona faoliyati haqida taqdimot o‘tkazilgan edi. Umumiy qiymati 50 million dollardan ziyod bo‘lgan loyihaning birinchi bosqichi 2018 yilda ishga tushirilgan. Bugungi kunda ikkinchi bosqichi faoliyat boshlash arafasida.

Buning uchun yangi majmuaga Germaniyaning “Vollert”, “Würschum”, Italiyaning “Maema”, “Schnell”, “AWM”, Rossiyaning “Tochnaya Stroitelnaya Mexanika”, “Gruzopod’yem”, Polshaning “Airpol” va Ispaniyaning “Azcona Y Pantoja SL” kompaniyalari bilan hamkorlikda zamonaviy texnologiya va dastgohlar keltirib o‘rnatilgan.

Shu o‘rinda eslash joizki, avvalgi yigirma yilda ko‘p qavatli uylar qurish tajribasi yo‘q bo‘lish holatiga kelib qolgandi. Bunga ixtisoslashgan avtokranlar ham, mutaxassislar ham yetishmasdi. Oxirgi 3 yilda birgina Sergeli tumanida 460 ta ko‘p qavatli uy barpo etildi. Mamlakatimiz bo‘ylab bunday bunyodkorlik ishlari jadal davom etmoqda.

«Binokor» korxonasida tayyorlanayotgan temir-beton panellar ko‘p qavatli uylar va boshqa inshootlar qurishda qo‘llanilmoqda. Hozirgacha bu yerda 1 ming 200 dan ziyod muhandis va mutaxassislar ishlab, yiliga 150 ming kvadrat metr mahsulot ishlab chiqarayotgan edi. Korxona to‘liq quvvatga chiqqach, yiliga yana 180 ming kvadrat metr qurilish paneli tayyorlanib, qo‘shimcha 670 ta ish o‘rni yaratiladi.

Prezident korxona faoliyati bilan tanishar ekan, mas’uliyati cheklangan jamiyatning moddiy-texnik bazasidan foydalanib, bu yerda o‘quv-amaliyot kombinati tashkil etish bo‘yicha ko‘rsatma berdi.

- Mamlakatimizda katta-katta qurilishlar bo‘lyapti, yana rejalar ko‘p. Yoshlarga zamonaviy qurilish texnologiyalari bo‘yicha yetarli malaka bersak, daromadlari ham ikki-uch barobar oshadi, - dedi davlatimiz rahbari.

Shu yerda 2020-2022 yillarda Toshkent shahri hamda Bektemir tumanida amalga oshiriladigan eksport va investitsiya loyihalari bo‘yicha ma’lumot berildi.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar