Sherzod Saparov: “Temir daftar”ga kiritish paytida mahalla raislari muayyan yordam oluvchilarni e’tiborsiz qoldirgan

Sherzod Saparov: “Temir daftar”ga kiritish paytida mahalla raislari muayyan yordam oluvchilarni e’tiborsiz qoldirgan

12 oktyabr kuni “Yuksalish” umummilliy harakati hamkor tashkilotlar bilan birgalikda Xalqaro munozara klubi doirasida “Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash: O‘zbekiston va Germaniya tajribasi” mavzusidagi ikkinchi uchrashuvini tashkil etdi.

Aholining ijtimoiy-iqtisodiy farovonligi masalalariga ixtisoslashgan Yevropaning yetakchi xorijiy ekspertlari, bir qator mustaqil ekspertlar, parlament, vazirlik va idoralar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatlari vakillari koronavirus pandemiyasi davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash jihatlarini O‘zbekiston va Germaniya tajribasiga asoslangan holda ochiq muloqot shaklida muhokama qildilar. Muhokama chog‘ida Germaniya va dunyoning bir qator boshqa mamlakatlari pandemiya paytida aholining ijtimoiy zaif qatlamlariga moliyaviy ko‘mak berish bo‘yicha tajribasi o‘rganildi.

"Pandemiya davrida aholining ijtimoiy zaif qatlamlarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash butun dunyoda bo‘lgani kabi O‘zbekistonda ham dolzarb masalaga aylandi. Shunday qiyin vaziyatda, davlat va fuqarolik jamiyati o‘rtasidagi samarali sheriklik namoyon bo‘lmoqda, ya’ni Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi, fuqarolik jamiyati institutlari, jamoat tashkilotlari birlashib, inqirozni yengib o‘tishga harakat qilinmoqda. Ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga ko‘mak berish maqsadida ularning ro‘yxati, ya’ni “Temir daftar” shakllantirildi. Biroq mahalla raislari ob’yektiv/sub’yektiv sabablarga ko‘ra, muayyan yordam oluvchilarni e’tiborsiz qoldirgan, odamlar davlat ko‘magisiz qolgan holatlar ham uchradi. Bunday vaziyatda ko‘pincha inson omili rol o‘ynadi, shuningdek, ehtiyojmand oilalarning farovonligini baholash mezoni standartlashtirilmagani va ko‘p hollarda sub’yektiv mezonlarga asoslangani ko‘zga tashlandi. Masalan, “temir daftar”ga kiritish paytida mahalla xodimlari va sektorlar rahbarlari bir necha yil davomida to‘plangan mol-mulk (transport vositalari, ko‘chmas mulk va boshqalar) asosida moddiy ahvolni baholashgani, ular oilalarning daromadsiz qolganini inobatga olishmaganini aytish mumkin. “Ijtimoiy himoya”, “reabilitatsiya” kabi atamalar mohiyati yanada chuqurlashdi. Bu hayotimiz holatini to‘liq baholash, aholi bilan ishlashda boshqaruv tamoyillarini o‘rganish, ijtimoiy himoya uchun mas’ul bo‘lgan davlat idoralari tarkibida oliy ma’lumotli xodimlarning yangi ish uslublarni o‘zlashtirishni taqozo etadi. Hozirgi kunda mamlakatimizda ijtimoiy himoya bilan shug‘ullanuvchi kadrlarni 3 ta OTM tayyorlaydi. Har yili 900 dan ortiq bitiruvchi diplomga ega bo‘ladi, ammo aksariyat davlat idoralarida ijtimoiy xodimlar shtat birliklari mavjud emas. Vaholanki, bu davlat idoralari uchun keng inson resursi bo‘lishi mumkin. Mamlakatda muhtojlarga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish uchun ijtimoiy xodimlar tizimini yaratish kerak. Bunda ijtimoiy himoya nafaqat moddiy yordam shaklida, balki inqirozga uchragan oilalarga patronaj xizmati, yolg‘iz keksalarga, yetimlarga yordam va mehnat muhojirlari oilalari bilan ishlash shaklida ham bo‘lishi mumkin", dedi “Yuksalish” umummilliy harakati raisi o‘rinbosari Sherzod Saparov.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar