Sindi Malvichini: Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston islohotlar yo‘lini davom ettirmoqda

Sindi Malvichini: Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston islohotlar yo‘lini davom ettirmoqda

4 sentyabr kuni Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan “O‘zbekiston 24” telekanalida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining “2020-2021 yillarda iqtisodiy o‘sishni tiklash va iqtisodiyot tarmoqlarida tizimli islohotlarni davom ettirish to‘g‘risidagi qarori yuzasidan ko‘rsatuv tashkil etildi.

Unda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi, Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi, Markaziy bank, Moliya vazirligi, Savdo-sanoat palatasi, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Energetika vazirligi, “O‘zeltexsanoat” aksiyadorlik jamiyati, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi, Tadbirkorlik faoliyatini rivojlantirishni ko‘llab-quvvatlash davlat jamg‘armasi, Eksportni rag‘batlantirish agentligi mutaxassislari va Siyosatni o‘rganish va targ‘ib qilish markazi direktori Piter Malvichini ishtirok etishdi.

Ko‘rsatuvda qarorda keltirilgan 8 ta yo‘nalish haqida suhbat olib borildi. O‘rtaga tashlangan savollarga soha vakillari va ekspertlar batafsil javob berishdi.

Shuningdek, ushbu qaror yuzasidan Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini ham o‘z fikr-mulohazalarini bildirib o‘tdi.

Xususan, xalqaro ekspertning fikricha, O‘zbekiston 2017 yildan buyon ulkan va juda zarur bo‘lgan islohotlarni amalga oshirmoqda. Mazkur islohotlar 2017-2021 yillar uchun milliy rivojlanish strategiyasini bayon qilishdan boshlandi. Ushbu rivojlanish dasturi asosida OTB bilan ham o‘zaro hamkorlik kengaymoqda.

“Bir yil oldin biz O‘zbekistonning bozorga asoslangan iqtisodiyotga o‘tishini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan Mamlakat bilan hamkorlik strategiyasini qabul qildik. OTB ko‘magi Hukumatning aholini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturiga qaratilgan bo‘lib, bu ko‘mak texnik maslahat va moliyaviy resurslari shaklida amalga oshiriladi. Xususan, biz strategik islohotlarning ayrim yo‘nalishlari bo‘yicha maslahat va yordam beryapmiz. Bular jumlasiga energetika, avtomobil va temir yo‘llari, suv ta’minoti va kanalizatsiya hamda chiqindilarni boshqarish, suv resurslarini boshqarish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va davlat moliyasi, shu jumladan, moliya sektorini rivojlantirish va kapital bozorlarini rivojlantirish kiradi”, deydi Sindi Malvichini.

OTBning O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori COVID-19 dunyoning boshqa mamlakatlarida bo‘lgani kabi, O‘zbekistonning rivojlanish yo‘lida va barqaror iqtisodiy kengayishida qiyinchiliklar yaratayotganini aytib o‘tdi. Shuningdek, pandemiya va shu bilan bog‘liq milliy bozorlar, O‘zbekiston eksportidagi o‘zgarishlar 2020 yilda iqtisodiy o‘sishni sekinlashtirayotganini ta’kidladi.

“Pandemiyaning iqtisodiyotga ta’sirini minimallashtirish va aholining turmushini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan hukumatning dadil choralari iqtisodiy faoliyatni barqarorlashtirishga yordam beradi.

Pandemiyaga qaramay, O‘zbekiston islohotlar yo‘lini davom ettirayotganini biz e’tirof etamiz. Bank sektorini isloh qilish, qishloq xo‘jaligini diversifikatsiya qilish va suv resurslarini boshqarishni takomillashtirish bo‘yicha asosiy qadamlar pandemiyaga qaramay, joriy yilda amalga oshirildi. Tarkibiy islohotlar ham izchil davom etmoqda va qishloq xo‘jaligi va uy-joy qurilishidagi bozor og‘ishuvlarini kamaytirmoqda. Biz Hukumatning islohotlar va COVID-dan keyingi kengayishni tiklash bo‘yicha oldiga qo‘ygan maqsadlarni o‘rinli va dolzarb deb bilamiz.

Rejalashtirilgan chora-tadbirlar ulkan va keng qamrovli bo‘lsada, biz Hukumatning 2020 va 2021 yillarda iqtisodiyotni va aholining turmushini tiklash va islohotlarni davom ettirish maqsadini e’tirof etamiz. deydi Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori.

Hukumat bank sektorini isloh etishni davom etar ekan, OTB banklarni qayta tashkil etish bo‘yicha maslahatlarini kengaytirmoqda. Shuningdek xususiy sektorning ishchi kuchiga bo‘lgan bozor talabini qondirish va ish bilan ta’minlashni yaxshilash bo‘yicha Hukumatning sa’y-harakatlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida OTB malakali kadrlarni tayyorlash borasida ko‘makni davom ettirmoqda.

“Biz kichik va o‘rta biznes rivojlanayotgan paytda ularni qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqdamiz va bu O‘zbekistonning xususiy tadbirkorligi va biznesning raqobatbardoshligini rivojlantirish bo‘yicha say-haraktalariga mos keladi. OTB ning agro-logistika markazlarini rivojlantirishdagi ko‘magi O‘zbekiston eksportini tiklash va diversifikatsiyalashga yordam beradi.

Xulosa qilib aytganda, Osiyo taraqqiyot banki iqtisodiyotni tezroq tiklash va islohotlardan ko‘zlangan maqsadlariga erishishda O‘zbekistonning muhim rivojlanish hamkori bo‘lib qolmoqda”, deydi Osiyo taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi direktori Sindi Malvichini.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar