Surxondaryoda yangi tashkil etilgan tumanga hokim, prokurori va ichki ishlar boshlig‘i tayinlandi

Surxondaryoda yangi tashkil etilgan tumanga hokim, prokurori va ichki ishlar boshlig‘i tayinlandi

Surxondaryo viloyatida qaytadan tashkil etilgan Bandixon tumanida Xalq deputatlari tuman Kengashining navbatdan tashqari birinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Unda viloyat hokimi To‘ra Bobolov, viloyatdan saylangan Oliy Majlis Senati a’zolari, tumandan saylangan Xalq deputatlari viloyat Kengashi, tuman Kengashi deputatlari, faollari va viloyat tashkilotlari rahbarlari ishtirok etdi.

8 yil avval tugatilgan tuman qayta tashkil etildi

Surxondaryo viloyatida bundan 28 yil muqaddam tashkil etilgan Bandixon tumani tugatilib, qo‘shni tumanlarga qo‘shilganiga 8 yil bo‘ldi. Biroq, shu davrda hudud ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishdan ancha ortda qolib ketdi. Aholining turmush sharoitida tub o‘zgarishlar sezilmadi. Xususan, 76 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladigan hududda 41 ta umumtalim maktabi, uchta o‘rta maxsus, kasb-hunar talimi, 1 ta tibbiyot, 3 ta maktabgacha talim muassasasi mavjud bo‘lib, shu yillarda mazkur sohalarda birorta yangi muassasa qurilmagan. Yo‘llar o‘nqir-cho‘nqir bo‘lib qolgan. Madaniyat, sport, tadbirkorlik sohalari rivojlanmadi. Aholini toza ichimlik suvi bilan taminlash ayanchli ahvolga kelgan.

Ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturiga ko‘ra tumanda ko‘plab tadbirlar amalga oshiriladi

Davlatimiz rahbarining bevosita e’tibori bilan qayta tiklanayotgan tumanni 2020-2022 yillarda kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish dasturi qabul qilindi. Keyingi 2-3 yil ichida hududda sanoat, xizmatlar va servis infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi sohalarini rivojlantirish bo‘yicha 130 ga yaqin loyihani amalga oshirish orqali 1 ming 200 dan ortiq yangi ish o‘rinlarini yaratish, tuman hududidan o‘tuvchi davlat va mahalliy ahamiyatdagi yo‘llarning 85 kilometr qismini ta’mirlash, ichki avtomobil yo‘llarining 50 kilometr qismiga asfalt va 309 kilometr tuproqli yo‘llarga shag‘al qoplama yotqizish, 38,4 kilometr elektr uzatish tarmoqlarini yangidan tortish va rekonstruksiya qilish, 15 dona transformator punktlarini o‘rnatish, 91 kilometr ichimlik suvi tarmoqlari, 11 dona suv quduqlarini qurish va ta’mirlash singari ko‘plab tadbirlarni amalga oshirish rejalashtirilgan.

Tumanning qayta tiklangani bu yerda yagona boshqaruvni yo‘lga qo‘yib, aholi uchun ijtimoiy-maishiy qulayliklar yaratishda muhim o‘rin tutadi.

Sessiyada tashkiliy masala ko‘rildi

Qiziriq tumani hokimining birinchi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelayotgan Choriyev O‘tkir Abduzoirovich Bandixon tumani hokim etib tasdiqlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokurorining buyrug‘iga asosan, Xudoyorov Anvar Eshmurodovich Bandixon tumani prokurori etib tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirining buyrug‘iga asosan, Berdinazarov Akmal Baratovich Bandixon tumani ichki ishlar bo‘limi boshlig‘i etib tayinlandi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi raisining buyrug‘iga asosan, Eshboyev Abdualim Muhammadiyevich Bandixon tumani davlat soliq inspeksiyasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar