Tadbirkorlar diqqatiga: Davlat byudjetidan tadbirkorlik sub’yektlariga 611,6 mlrd. QQS summasi qaytarildi

Tadbirkorlar diqqatiga: Davlat byudjetidan tadbirkorlik sub’yektlariga 611,6 mlrd. QQS summasi qaytarildi

Karantin davrida davlat byudjetidan tadbirkorlik sub’yektlarining hisobvaraqlariga 611,6 mlrd. so‘m kelib tushdi, deb xabar bermoqda Davlat soliq qo‘mitasi matbuot xizmati.

Bu tovarlarni eksport qilishda qo‘shilgan qiymat solig‘ining nol stavkasini qo‘llagan korxonalar uchun qaytarilgan QQS summasidir.

"Inqirozga qarshi choralar sharoitda Davlat soliq qo‘mitasi tovarlarni eksport qilishda nol stavkasini qo‘llash natijasida hosil bo‘lgan ortiqcha QQS miqdorini qaytarish tartibini sezilarli darajada soddalashtirdi. Soliq to‘lovchi QQS ni qaytarish uchun shaxsiy kabineti orqali DSQ ga elektron shaklda murojaat yuborishi kifoya. Hujjatlar Davlat soliq qo‘mitasining ishchi guruhi tomonidan tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqiladi", deyiladi xabarda.

Joriy yil 1 iyun holatiga DSQ tomonidan 804 ta ariza ko‘rib chiqildi. Shundan 194 tasi Toshkent shahri, 102 tasi Toshkent viloyati, 86 tasi Andijon, 81 tasi Namangan, 73 tasi Buxoro viloyati va 34 tasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi hissasiga to‘g‘ri keladi. 661,6 mlrd. so‘mlik 336 ta ariza Moliya vazirligiga yuborildi. 468 ta ariza asoslanmaganligi va xato-kamchiliklari sababli korxonalarga qaytarildi.

Eslatib o‘tamiz, hisobotida nomuvofiqliklar aniqlangan tadbirkorlik sub’yektlari xatolarini tuzatib, QQS summasini qaytarish uchun qayta murojaat qilish huquqiga ega.

Ma’lumot uchun, 2020 yil 1 iyuldan boshlab soliq organlari hisoblangan soliq summasidan hisobga olinadigan qo‘shilgan qiymat solig‘i summasining oshib ketishi natijasida hosil bo‘lgan QQS summasini soliq to‘lovchiga qaytarishni amalga oshiradi. Ya’ni soliq organlari QQSni nafaqat eksport qiluvchilar, balki boshqa QQS to‘lovchilariga ham qaytaradilar.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar