Taksi litsenziyasiga ega avtomobillarga stiker talab etilmaydi

Taksi litsenziyasiga ega avtomobillarga stiker talab etilmaydi

Adliya vazirligi Respublika maxsus komissiyasi va Maxsus shtabning 2020 yil 14 apreldagi qo‘shma yig‘ilishi qaroriga asosan, koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish va e’lon qilingan karantin talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlashga qaratilgan yangi choralar belgilanganini xabar qildi.

Qo‘shma yig‘ilish qaroriga asosan quyidagi choralar belgilanmoqda:

  • Toshkent, Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida joriy etilgan koronavirus infeksiyasi keng tarqalishining oldini olish bo‘yicha barcha cheklovlar Toshkent viloyatining Angren, Bekobod, Olmaliq, Chirchiq va Yangiyo‘l shaharlariga nisbatan ham tatbiq etiladi;
  • pensioner va nafaqaxo‘rlarning salomatligini saqlash maqsadida, shuningdek, Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyalariga ko‘ra, respublikadagi epidemiologik holat barqarorlashgunga qadar may oyidan pensiya va nafaqalarni to‘liqligicha plastik kartalarga o‘tkazish orqali amalga oshirish choralari ko‘riladi. Bunda barcha hududlar naqd pul olish imkonini beruvchi bankomatlar bilan hamda ular naqd pul bilan ta’minlanadi;
  • naqd pullar saqlanadigan pul omborxonalari va qayta sanash kassalari haftada 2 marotaba dezinfeksiya qilinadi;
  • davlat xizmatlari markazlari tomonidan viloyatlararo, Toshkent va Nukus shaharlari hamda viloyatlar markazlarida harakatlanish uchun berilgan maxsus ruxsatnomalar karantin tugaguniga qadar amal qiladi (bunda maxsus ruxsatnomalarning amal qilish muddatini uzaytirish bo‘yicha qo‘shimcha harakatlar talab etilmaydi).

Qo‘shma qarorda Respublika maxsus komissiyasining 2020 yil 8 apreldagi 17-son bayoni bilan tasdiqlangan Avtotransport vositalari harakatlanishiga maxsus ruxsatnomalar talab etilmaydigan holatlar ro‘yxatini amaliyotda qo‘llash bilan bog‘liq turli tushunmovchiliklarning oldini olish maqsadida quyidagi avtotransport vositalari harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma talab etilmasligi alohida ko‘rsatib o‘tildi:

  • davlat sog‘liqni saqlash tizimiga kiruvchi tashkilotlarning xizmat va xodimlarning shaxsiy avtotransport vositalari (1-band);
  • xususiy tibbiyot tashkilotlari (xususiy klinika, dorixona va boshqa tibbiyot tashkilotlari)ning xizmat avtotransport vositalari (2-band);
  • yo‘lovchi tashish faoliyati bilan shug‘ullanish litsenziyasiga ega bo‘lgan yo‘nalishsiz taksilar (shu jumladan, shaxsiy davlat raqamli avtotransport vositalari) yo‘lovchilarsiz, yetkazib berish xizmati ko‘rsatish maqsadida (4-band) harakatlanishi uchun maxsus ruxsatnoma (stiker) talab qilinmaydi.

Shuningdek, qo‘shma qarorda Davlat soliq qo‘mitasiga oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy buyum va vositalar, shuningdek, birinchi navbatdagi zarur mahsulotlar yetkazib berish xizmati ko‘rsatishda narxlarning asossiz ravishda ko‘tarilishining oldini olish choralarini ko‘rish topshirildi.

Qo‘shma qarorga muvofiq, karantin davrida nogironlik muddati tugaydigan fuqarolarni qayta ko‘rikdan o‘tkazmasdan, nogironlik muddatlari avtomatik tarzda uzaytirilgan holda pensiya (nafaqa) to‘lovlari davom ettiriladi.

Shuningdek, karantin davrida pensiya va nafaqa (jumladan, dafn marosimi va bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa)larga huquqi paydo bo‘lgan fuqarolarga karantin tadbirlari tugagandan keyin 1 oy davomida Pensiya jamg‘armasi tuman (shahar) bo‘limlariga murojaat etish huquqi taqdim etiladi, bunda ularga pensiya (nafaqa)lar karantin cheklovlari davridagi huquqi paydo bo‘lgan sanadan tayinlanadi.

Bank plastik kartalari va ishonchnoma orqali pensiya (nafaqa) olayotgan hamda tayinlangan pensiya (nafaqa)ga bo‘lgan huquqini tasdiqlash muddati kelgan, shaxsni tasdiqlovchi hujjati (pasport) muddati tugagan fuqarolardan hujjat talab etmasdan, to‘lov muddatlari 4 oy muddatga uzaytiriladi.

Iqtisodiyot tarmoqlarining muhim yo‘nalishlari va yirik ishlab chiqarish tashkilotlarining faoliyatini davom ettirish, shuningdek, yirik qurilish ob’yektlarida qurilish, rekonstruksiya qilish va ta’mirlash ishlarini davom ettirish (boshlash)ga Respublika maxsus komissiyasining hududiy shtablari rahbarlarining qarori (yig‘ilish bayoni)ga muvofiq ruxsat berilishi belgilandi. Bunda ushbu tashkilotlarning faoliyati davrida sanitariya va gigiyena qoidalariga to‘liq rioya qilishi, o‘z faoliyatini faqatgina tegishli ob’yekt hududi doirasida tashkil etishi, shuningdek, ularni ovqatlantirishni mazkur ob’yekt hududida tashkillashtirish uchun shaxsiy javobgarlik tegishli xo‘jalik birlashmasi rahbari hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari zimmasiga yuklanadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar