Toshkentdagi 514 ta mahalla fuqarlar yig‘inlari bilan masofaviy muloqot o‘rnatildi

Toshkentdagi 514 ta mahalla fuqarlar yig‘inlari bilan masofaviy muloqot o‘rnatildi

Joriy yilning 7 oyi mobaynida Toshkent shahridagi Prezident Xalq qabulxonalariga jami 3800 mingdan ziyod murojaat kelib tushgan. Ularda 4 ming 100 dan ortiq masala ko‘tarilgan. Shu davr mobaynida 3940 ta masallar ko‘rib chiqilgan. Ko‘rib chiqilgan ariza va shikoyatlarning 3241 tasi yoki 84 foizi qanoatlantirilgan, 465 tasi bo‘yicha huquqiy tushuntirishlar berilgan bo‘lsa, 234 ta murojaat yuzasidan aniq muddat hamda mas’ullar belgilanib, nazoratga olingan.

Aniq misollarga o‘tsak, Bektemir tumani 1-sektor hududidagi “Majnuntol” mahalla fuqarolar yig‘inida 6 mingdan ko‘proq aholi yashaydi. Mahalladagi ko‘chalarning holati aholining e’tirozlariga sabab bo‘lgan. Mahalla ahli Xalq qabulxonasiga murojaat qilgach, 1-sektor rahbari bilan bu muammoni hal qilish tegishli dasturlarga kiritildi. Joriy yil iyul oyi yakunida mahallaning 7 ta ko‘chasi – 11 ming kvadrat metr joy yangidan asfaltlandi. Asfaltlash ishlari davom ettirilmoqda.

Xuddi shuningdek, bir murojaat tufayli “Oltintopgan”liklar ham bugun oltinga barobar suv bilan ta’minlanadigan bo‘ldi. Ayni paytda hududiy dastur asosida toshloq hududda joylashgan bu mahallaga suv olib kelinmoqda. Rejada 4,4 kilometrlik ichimlik suvi tarmog‘i tortish belgilangan, hozir tarmoqning yarmidan ko‘pi o‘tkazib bo‘lindi. Tez orada Oltintopgan mahallasi aholisining ham ko‘p yillik katta muammosi ariydi.

Yashnobod tumani “Go‘zal”mahallasi Sokin 2-tor ko‘chasidagi xonadonlarda ham suv ta’minoti bo‘yicha muammo bor edi. Quvurlar eskirgan, aholi soni ortib borgani sayin suv bosimi pasayib borar edi. “Yoz kunlari quvur bo‘laturib suv topolmaganmiz” deydi mahalla ahli.

Shu yerda yashovchi Umidjon Masharipovning Yashnobod tumanidagi Xalq qabulxonasiga murojaatidan so‘ng tuman mutasaddilari mas’ul tashkilotlar bilan birga mazkur muammoni hal etishga kirishdi. Bugungi kunda yangi quvurlarni tortish ishlari nihoyasiga yetib qoldi.

Aholi muammolarini o‘rganish jarayonida ishsiz insonlarni doimiy ish bilan ta’minlab, kambag‘allikdan chiqishiga yordam berishga ham doimiy e’tibor qaratilmoqda. Shu bilan birga, karantin davrida og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan insonlar, nogironligi bor, yakka-yolg‘iz insonlarga, boquvchisini yo‘qotgan ayollarga oziq-ovqat mahsulotlari va dori-darmonlar yetkazib berilishi ham nazoratga olingan.

Toshkent shahrida joylashgan 514 ta mahalla fuqarlar yig‘inlari bilan masofaviy muloqot o‘rnatildi. O‘tkazilgan muloqotlar natijasida hududlarda surunkali kasalligi bo‘lgan va dori-darmonga muhtoj fuqarolar ro‘yxatlari shakllantirilib, bugunga kunga qadar 90 mln. so‘mlik dori-darmonlar 980 dan ortiq fuqarolarga bepul yetkazib berilishi va ularni sog‘liqlarini nazoratdan o‘tkazish bo‘ycha patronajlar tashkil etildi.

Bektemir tumani 1-sektor hududidagi “Majnuntol” MFY Rohat 11-tor ko‘chasi 39-“j” uyda yashovchi 2-guruh nogironi Sayfilla Muftillayev ikki farzandning otasi. Ayolida, o‘g‘lida ham nogironlik bor. Mazkur xonadon muammolari o‘rganilganda, dastlab bu oilani “temir daftar”ga kiritish aytilgan edi. Ammo otaxon karantin talablariga asosan faoliyat olib borishi – o‘z avtomashinasida qurilish mollarini mijozlarga yetkazib berishiga qonunan ruxsat berishlarini so‘radi. Shundan so‘ng Sayfilla Muftillayevga o‘zini o‘zi band qilish bo‘yicha guvohnoma rasmiylashtirib berildi.

2-sektor hududidagi “Zilola” mahallasidamiz. 77-uy 26-xonadonda yashovchi Alla Ogay ishemik kasalliklar bilan og‘rib tuman tibbiyot birlashmasida ro‘yxatda turar ekan. Tibbiyot xodimlari onaxonni tekshiruvdan o‘tkazgach, unga zarur dori vositalari yetkazib berildi. Xuddi shu kabi 2-sektor Iqbol MFY 12-uy 117-xonadonda yashovchi Bobir Boltayev ham astma kasalligi bo‘yicha dorilar bilan ta’minlandi. Shu kuni sektorlar rahbarlari “Chashma” mahallasidagi ishsiz, ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarga oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berishdi.

Yashnobod tumani “Semurg‘” mahallasidagi ijtimoiy himoyaga muhtoj 43 ta oila “temir daftar”ga kiritilgan. Bundan tashqari, keyingi o‘rganishlar natijasida yana hududdagi xuddi shunday 70 ta ehtiyojmand oilaga bir martalik moddiy yordam pullari berildi. Mahalladagi dardmand fuqarolar holidan xabar olinib, ularga kasalligi bo‘yicha dori vositalari yetkazildi.

Tumanning “Go‘zal” mahallasi Sokin ko‘chasi 48-xonadonda Alimovlar istiqomat qiladi. Uch o‘g‘ilni oilali qilgan Baxtiyor ota afsuski 6 yildan buyon to‘shakka mixlangan. Ana shunday sinovli damlarda 4 ro‘zg‘or bir hovlida sabr bilan hayotning mashaqqatli kunlarini yengib kelyapti. Mutasaddilar bu oila holidan xabar olgach, tibbiyot xodimlari otaxonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazdi, belgilangan dori-darmonlar topshirildi.

Albatta hal bo‘layotgan har bir masala zamirida davlatimiz rahbari asos solgan xalq bilan muloqot instituti, hech bir murojaat e’tiborsiz qolmaydigan yaxlit tizim, Xalq qabulxonalari va sektorlar hamkorligi mexanizmi mujassam. Hayotning achchiq tajribalarida yaratilgan bu tizim esa bugun eng murakkab sinovlarda ham o‘zini to‘la oqlab, minglab oilalar, millionlab insonlarning eng birlamchi hayotiy muammolarini hal qilishda muhim asos bo‘lmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar