Toshkentdagi "O‘zbekiston" mehmonxonasi sotildi

Toshkentdagi

Toshkentdagi "O‘zbekiston" mehmonxonasidagi davlat ulushi sotilgan. Bu haqda Davlat aktivlarini boshqarish agentligi matbuot xizmati xabar qildi.

Vazirlar Mahkamasining 2018 yil 14 avgustdagi "Mehmonxona sohasiga qo‘shimcha investitsiyalarni jalb etish chora-tadbirlari to‘g‘risida" 661-son qaroriga muvofiq, "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi ommaviy savdolarda sotilishi belgilangan.

Shunga muvofiq, agentlik "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,1 foiz davlat ulushi dastlab 33 mln dollarga tanlov savdolari orqali sotuvga chiqarilgan edi.

Mazkur davlat ulushini sotish shartlari etib xarid to‘lovini to‘lashdan tashqari:

a) 2 yil muddatda 100 mlrd. so‘m investitsiya kiritish;

b) davlat ulushini sotib olgandan so‘ng 10 yil davomida asosiy faoliyat turini (mehmonxona xizmatini ko‘rsatish) saqlash;

v) tashqi fasadini o‘zgartirmasdan mehmonxonani ta’mirlash;

g) mehmonxonani boshqarishga eng yaxshi menejerlarni jalb qilish belgilangandi.

Yuqorida ko‘rsatilgan narxda (33 mln. dollar) talabgorlardan murojaat tushmagani sababli, davlat ulushining boshlang‘ich narxi prezidentning 2014 yil 3 iyuldagi "Davlat mulki ob’yektlarini kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlariga sotish borasidagi qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida" PQ–2200-son qaroriga asosan, 10 foizdan bosqichma-bosqich 30 foizgacha pasaytirilgan holda 23,1 mln. dollar narxida tanlov savdolariga chiqarildi.

"Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan salohiyatli investorlarni jalb etish maqsadida mehmonxona biznesi va turizm sohasida faoliyat yuritayotgan Buyuk Britaniya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Singapur davlatlarining bu sohadagi taniqli kampaniyalari bilan muzokaralar olib borildi.

Muzokaralar yakuni bo‘yicha yakuniy taklif bergan 6ta kompaniyalarning takliflari o‘rganib chiqildi.

O‘rganish natijalari bo‘yicha, "Otel Uzbekistan" MChJ QKning 80,13 foiz davlat ulushini sotib olish bo‘yicha "Bashan investment group pte ltd" (Singapur) kompaniyasining – 24 oy mobaynida 23,2 mln dollar to‘lash, 1,5 yil ichida 100 mlrd so‘m investitsiya kiritish va 4 yulduzli mehmonxona tashkil etish taklifi Davlat tender komissiyasi tomonidan ma’qullandi", deyiladi xabarda.

Ushbu qarorga asosan, agentlik va Singapur kompaniyasi o‘rtasida shartnoma imzolangan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar