“UzAgroExpo – 2019” “UzProdExpo – 2019” XV xalqaro ko‘rgazmalari ochildi

“UzAgroExpo – 2019” “UzProdExpo – 2019” XV xalqaro ko‘rgazmalari ochildi
“O‘zekspomarkaz” milliy ko‘rgazmalar zalida 27 noyabr kuni qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat sanoati bo‘yicha “UzAgroExpo – 2019” “UzProdExpo – 2019” XV xalqaro ko‘rgazmalari ochildi. Mazkur ko‘rgazmalar “Internetional Expo Group” kompaniyasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi, “O‘zbekoziqovqatxolding” xolding kompaniyasi, Toshkent shahar hokimligi ko‘magida tashkil etildi. Ko‘rgazmalar ishtirokchilarining 80 foizi Germaniya, Fransiya, Niderlandiya, Ispaniya, Turkiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Rossiya, Belarus, Qozog‘iston, Eron, Isroil, Chexiya, Ukraina, Gruziya, Latviya, Moldova, Shri-Lanka kabi mamlakatlardan kelgan 150 ga yaqin xorijiy kompaniyalardir. Tadbirlarning ochilishida chet el biznes vakillarining O‘zbekiston bozoriga qiziqishi ortib borayotgani, mahalliy hamkorlar bilan aloqalarni kengaytirishdan manfaatdor ekani ta’kidlandi. An’anaviy “UzAgroExpo” xalqaro ko‘rgazmasi Osiyo va Yevropa mintaqasida qishloq xo‘jaligi sanoatiga bag‘ishlangan yirik tadbirlardan biridir. Bu yilgi ko‘rgazmada zamonaviy qishloq xo‘jaligi texnikalari, asbob-uskuna va ehtiyot qismlar, texnologik materiallar, issiqxona xo‘jaliklari, chorvachilik, parrandachilik, don sanoati texnologiyalari namoyish etilmoqda. Ulardan biri Toshkent shahridagi “Ekosuv» kompaniyasi taqdim etayotgan tuproq osti tomchilatib sug‘orish tizimidir. Mazkur texnologiya ko‘rgazma ishtirokchilarida qiziqish uyg‘otmoqda. “UzProdExpo – 2019” ekspozitsiyalarida oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga qayta ishlash, sovutish, qadoqlash texnologiyalari, uskunalar namoyish etilmoqda. Rossiya eksport markazi qo‘magida Voronej, Penza, Bryansk viloyatlari, Oltoy, Stavropol o‘lkalari, Boshqirdiston Respublikasi stendlari ham tashkil etilgan bo‘lib, ular yanada gavjum. Belarus Respublikasi stendida mazkur mamlakat yetakchi kompaniya va korxonalari tomonidan ishlab chiqarilgan oziq-ovqat mahsulotlarining sifatini baholash imkoniyati yaratilgan. Ko‘rgazmalar 29 noyabrga qadar davom etadi. Ular doirasida mahalliy va xorijiy tadbirkorlar uchun maxsus seminarlar tashkil etiladi. Manba: O‘zA
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar