O‘zbekistonda “UzNEX”​ kripto-birjasi ochildi​

O‘zbekistonda “UzNEX”​ kripto-birjasi ochildi​

Poytaxtimizdagi Koreya madaniyat markazida 20 yanvar kuni blokcheyn sanoati bo‘yicha xalqaro konferensiya hamda “UzNEX” kripto-birjasining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Raqamli iqtisodiyotni rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash “Raqamli ishonch” jamg‘armasi tomonidan tashkil etilgan tadbirdan ko‘zlangan maqsad blokcheyn texnologiyasini rivojlantirish, ushbu texnologiyaning ijtimoiy-iqtisodiy sohada tutgan o‘rni va vazifalari haqidagi ma’lumotlarni jamoatchilikka yetkazishdan iborat.

Anjumanda Janubiy Koreya, Yaponiya, Singapur davlatlarida faoliyat yuritayotgan blokcheyn sanoatidagi yetakchi kompaniyalar, mamlakatimiz vazirlik, idoralari rahbarlari ishtirok etdi. Tadbir doirasida “KOBEA GROUP” kompaniyasining Markaziy Osiyodagi ilk kripto-birjasi va ofisi ochilishi marosimi ham bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston ayni payt ko‘pgina sohalar, jumladan, raqamli iqtisodiyot bo‘yicha ham keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgan va jadal rivojlanayotgan davlatlardan biri sanaladi. Markaziy Osiyoning yuragida joylashgan, ulkan salohiyatga ega O‘zbekiston yaqin yillarda raqamli iqtisodiyot bo‘yicha dunyoning eng ilg‘or mamlakatlaridan biriga aylanishi mumkin.

“UzNEX” – Markaziy Osiyoda yagona birja bo‘lib, mazkur bozorda milliy valyuta, kredit kartalari va AQSh dollari amal qiladi. O‘zbekiston fuqarolariga kriptovalyutani birjada sotish huquqi beriladi, xorijiy rezidentlar esa kriptovalyuta birjasining O‘zbekiston qonunlariga zid bo‘lmagan barcha xizmatlaridan foydalanishi mumkin.

Bunda siz muayyan tajribaga ega bo‘lmasangiz-da, yuqori daromad olayotgan professional sarmoyadorlarning investitsion strategiyasini har kuni, har hafta va har oy kuzatib borishingiz mumkin bo‘ladi. Dunyodagi yetakchi kripto birjalarning xavfsizlik bo‘yicha ekspertlari uzluksiz 365 kun/24 soat mobaynida platforma tizimini muntazam monitoring qilib boradi. Muhandislik texnologiyasi markazi esa pulni yuvish bilan kurashish bo‘yicha FATF maslahatlariga muvofiq, ixtisoslashtirilgan yechimlar taqdim etadi. Bundan tashqari, raqamli aktivlar xavfsizligi bo‘yicha jahon miqyosida taniqli BitGo kompaniyasi “qaynoq hamyon” taqdim etadi.

Ijtimoiy raqamli resurslar taqdim etuvchi UzMex va UzSTX platformalarida dunyoning istalgan odami moliyaviy investitsiyalash, pul o‘tkazmalari va kreditlashtirishni mobil telefoni yoki shaxsiy kompyuteri orqali amalga oshirishi mumkin.

O‘zbekistondagi ilk kripto-birja – “UzNEX” ta’sischisi hisoblangan “KOBEA GROUP” kompaniyasi kelgusida O‘zbekistonning yetakchi oliy o‘quv yurtlarida blokcheyn bo‘yicha maxsus kafedralar ochishni rejalashtirmoqda.

Konferensiyada raqamli texnologiyalarning dunyo bo‘ylab rivojlanish tendensiyalari, jumladan, O‘zbekiston iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlashdagi ahamiyati, blokcheyn sanoati istiqbollari, “UzNEX” kripto-birjasining mamlakat iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi roli, “KOBEA GROUP” kompaniyasi tomonidan yurtimizda amalga oshirilishi mo‘ljallanayotgan ishlar va boshqa mavzularda ma’ruzalar tinglandi.

Manba: O‘zA

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar