Viloyatlarda «maxsus poliklinikalar» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Viloyatlarda «maxsus poliklinikalar» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

Qoraqalpog‘iston Respublikasi hamda viloyatlarda Toshkent shahri tajribasidan kelib chiqqan holda, koronavirus infeksiyasiga gumon qilingan shaxslar hamda ushbu infeksiya tasdiqlangan bemorlarga malakali tibbiy yordam ko‘rsatish va ularni ambulator davolashga ixtisoslashgan «maxsus poliklinikalar» faoliyati yo‘lga qo‘yiladi.

Fuqarolarga qulaylik yaratish, shuningdek, ularga malakali tibbiy yordamni o‘z vaqtida ko‘rsatishni ta’minlash maqsadida «maxsus poliklinikalar» va maxsus taqsimlash markazlarining tunu kun faoliyat ko‘rsatishi belgilandi.

O‘zbekiston musulmonlari idorasi Ulamolar Kengashining Qurbon hayitini koronavirus pandemiyasi davrida karantin talablariga muvofiq o‘tkazish to‘g‘risidagi bayonoti ma’lumot uchun qabul qilindi va mahalliy hokimliklarga tegishli chora-tadbirlarni amalga oshirish topshirig‘i berildi.

Fuqarolarga Qurbon hayitining karantin talablariga muvofiq, uy sharoitida, oila davrasida, hashamatsiz va kamtarona, tartibli hamda xalqimizning milliy qadriyatlariga mos ravishda karantin qoidalariga qat’iy rioya etgan holda o‘tkazish tavsiya etildi.

Yuqoridagilardan tashqari Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan homiylik, xayriyalarni muvofiqlashtirish va volontyorlik markazlarining faoliyatini jadallashtirish, shuningdek, ta’minot manbai bo‘lmagan yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan, boquvchisidan ajralgan, og‘ir kasallari bor, ko‘p bolali, ijtimoiy nafaqasi real ehtiyojlarini qoplamaydigan va undan boshqa daromad manbai bo‘lmagan, ota-onalaridan biri yoki ikkisi ham nogiron bo‘lgan oilalarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar belgilandi.

Koronavirus pandemiyasi davrida tibbiyot, sanitariya-epidemiologiya xizmati xodimlari va boshqa xodimlarga qonun hujjatlarida to‘lanishi nazarda tutilgan qo‘shimcha to‘lovlarning o‘z vaqtida va to‘liq to‘lab berilishini ta’minlash va nazorat qilish bo‘yicha ishchi guruh tashkil etildi va uning vazifalari belgilab berildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar