Xitoyning “Alibaba” kompaniyasi O‘zbekistonda ish boshladi

Xitoyning “Alibaba” kompaniyasi O‘zbekistonda ish boshladi

O‘zbekistonda Xitoyning gigant savdo platformasi “Alibaba” kompaniyasi ish boshladi, deb xabar qilmoqda O‘zA.

“Mazkur platforma ikki tomon manfaatlari uchun xizmat qiladi. Mazkur kompaniyaning mamlakatimizdagi rasmiy vakili O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi hisoblanadi”, deyiladi xabarda.

– Alibaba. som saytida ilgari ham o‘zbek mahalliy tadbirkorlarimiz, eksportyorlarimiz o‘z mahsulotlarini joylab, eksport qilishgan, – deydi O‘zbekiston eksportchilari uyushmasining yetakchi mutaxassisi Ma’ruf Pardayev. – Ammo bu juda katta portal, juda ham murakkab jarayon bo‘lgani uchun registratsiya jarayonidagi ko‘p savollar yuzasidan tushunmovchiliklar bo‘lgan. Shuning uchun ko‘pchilik tadbirkorlarimiz ishning yarmidan tashlab ketishga majbur bo‘lishgan. Endilikda mazkur kelishuv O‘zbekiston eksportchilar uyushmasiga Alibaba.som saytiga maxsus kalitlarni ochib berdi. Bu O‘zbekiston mahalliy kompaniyalari, eksportyorlari shu portalda, shu saytda mahsulot joylashi, umuman olganda “Alibaba” bilan savdo va mahsulotlarini eksport qilishda keng imkoniyatlar ochadi. – Aslida “Alibaba” shu vaqtgacha O‘zbekistonda o‘z shu’basini ochmagan, – deydi O‘zbekiston eksportchilar uyushmasi raisi Muxtor Umarov.

– Negaki ularning talablari yuqori. Ko‘pchilikda bu O‘zbekistonga qanday foydasi bor, degan savol tug‘ilishi tabiiy. Birinchidan, tez, qulay va arzon tarzda mahsulotlarimizni jahon elektron tarmog‘iga joylab olamiz. Ikki tarafga ham bu platforma kafolat vazifasini o‘taydi. Buning natijasida tadbirkorlarimiz ham xotirjam o‘z mahsulotlarini eksport qila oladi. Ikkinchidan, eng asosiysi, “Alibaba” orqali biz Xitoy bozoriga va Xitoy orqali qo‘shni davlatlarga chiqa olamiz. Bu O‘zbekiston eksportini 2-3 barobarga oshirishimizga yo‘l ochadi. Mazkur kompaniyaning mamlakatimizga rasman kirib kelganiga qisqa vaqt bo‘lgan bo‘lsa-da, ilk natijalar bor. Platforma orqali mahalliy qandolatchi korxonasi o‘zining 3 million AQSh dolloriga teng shartnomasini imzoladi. “Alibaba”ning rasmiy faoliyatini ekspertlar O‘zbekiston uchun iqtisodiy o‘zgarishlar va dunyo onlayn platformasini zabt etish sari qo‘yilgan qadam, deb baholashmoqda.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar