Yangi qurilgan uylarga kredit berishda bank kadastr hujjatini talab qilsa, shu holat to‘g‘rimi?

Yangi qurilgan uylarga kredit berishda bank kadastr hujjatini talab qilsa, shu holat to‘g‘rimi?

Prezident qarori bilan yangi qurilgan uylarni sotib olish uchun ipoteka kreditlari ajratilmoqda. Qiziqib uy qidirdim, yangi qurilayotgan uylarni topdim. Keyin bankka bordim, bank hujjatlar to‘plamini berdi. Ularning orasida kadastr hujjatlari nusxasi ham bor edi. Tabiiyki, yangi qurilayotgan uy hujjati qanchadir muddatdan keyin, uy foydalanishga topshirilish arafasida tayyor bo‘ladi. Lekin bu hujjatsiz bank kredit ajratmasdan meni ko‘p sarson qilyapti. Shu talab to‘g‘rimi?

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2007 yil 3 yanvardagi “Uy-joy qurilishiga, uni rekonstruksiya qilishga va sotib olishga ipoteka krediti berish to‘g‘risidagi nizomni tasdiqlash haqida”gi 2-sonli qaroriga asosan ipoteka krediti hisobiga sotib olinadigan va belgilangan tartibda qarz oluvchi mulkiga o‘tadigan yakka tartibdagi uy-joy yoki kvartira garovga qo‘yilgan holda amalga oshiriladi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmoni hamda 2020 yil 1 maydagi “Aholining uy-joy sharoitini yaxshilash hamda ipoteka krediti bozorini yanada kengaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PQ-4701-sonli Qarori asosida ipoteka krediti orqali aholini uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi amal qilib kelmoqda.

Yangi tartibga asosan ipoteka kreditlari birlamchi bozorda tayyor holda topshirish sharti bilan hamda tayyor holda topshirish shartisiz (pardoz ishlarini amalga oshirmasdan) qurilgan kvartiralarni sotib olish uchun ajratiladi.

Yuqoridagilardan kelib chiqib, amaldagi tartiblarga asosan ipoteka kreditlari hisobiga sotib olinadigan yakka tartibdagi uy-joy hamda ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralarni kadastr hujjatlari mavjud bo‘lishi talab etiladi.

Qurilish ishlari tugallanmagan yakka tartibdagi uy-joylar hamda ko‘p kvartirali uylardagi kvartiralar (kadastr hujjatlari mavjud bo‘lmagan) tabiiyki, o‘rnatilgan davlat standartlaridan o‘tkazilmagan va bu o‘z navbatida, tijorat banklari faoliyati uchun riskli operatsiyalar sifatida ko‘riladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar