Yanvar oyida O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi 12,5 trln so‘mni tashkil etdi

Yanvar oyida O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi 12,5 trln so‘mni tashkil etdi

2020 yil yanvar oyining yakunlari bo‘yicha O‘zbekistonning chakana savdo tovar aylanmasi 12,5 trln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilning mos davriga nisbatan 4,4 foizga o‘sdi. Bu haqda Davlat statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.

Ta’kidlanishicha, O‘zbekistondagi yirik korxonalarning tovar aylanmasi 1,8 trln. so‘mni (o‘sish sur’ati 4,6 foiz), kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining tovar aylanmasi 10,6 trln. so‘mni (o‘sish sur’ati 4,3 foiz), shundan uyushmagan savdo tovar aylanmasi 904,4 mlrd. so‘mni (2019 yil yanvar oyiga nisbatan 3,4 foizga kamaygan) tashkil etdi.

Respublika chakana savdo tovar aylanmasida eng yuqori ulush Toshkent shahrida - 22,9 foiz bilan 2,8 trln. so‘m. Respublika chakana savdo tovar aylanmasida eng quyi ulushni Sirdaryo viloyati 1,8 foiz bilan 225,5 mlrd. so‘mni tashkil etdi.

Respublika chakana savdo tovar aylanmasida deyarli barcha viloyatlarda o‘sish sur’atlari kuzatilib, asosan kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlari hissasiga (85,5 foiz) to‘g‘ri keldi. Yirik korxonalar savdo aylanmasi ulushida (14,5 foiz) korxonalar ulgurji savdoga o‘tib ketayotganligi sababli o‘tgan oyga nisbatan keskin kamayish kuzatildi.

2019 yilning yanvar oyiga nisbatan respublikaning barcha hududlarida chakana savdo tovar aylanmasining o‘sish sur’atlari kuzatilib, nisbatan yuqori o‘sish sur’atlari Jizzax (9,3 foiz), Samarqand (7,4 foiz), Namangan (5,8 foiz), Farg‘ona (5,3 foiz) viloyatlarida va Toshkent (5,0 foiz) shahrida qayd etildi.

Chakana savdo tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning tovar aylanmasi hajmi 2019 yilning yanvar oyiga nisbatan 4,6 foizga o‘sdi va 1,8 trln. so‘mni tashkil qildi. Bu esa umumiy savdo hajmining 14,5 foiz ulushiga to‘g‘ri keladi.

Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining chakana savdo tovar aylanmasi hajmi statistik hisob-kitoblarga ko‘ra, 10,6 trln. so‘mni tashkil etib, 2019 yilning yanvar oyiga nisbatan 4,3 foizga o‘sdi. Respublika miqyosida ushbu sektorning jami chakana savdo tovar aylanmasidagi ulushi 85,5 foizni tashkil etdi.

Tahliliy natijalarga ko‘ra, chakana savdo tovar aylanmasida kichik biznes va xususiy tadbirkorlik sub’yektlarining ulushi bo‘yicha Qashqadaryo (96,8 foiz), Sirdaryo (95,0 foiz), Toshkent (90,4 foiz), Navoiy (88,8 foiz) va Namangan (87,9 foiz) viloyatlari yetakchilik qilmoqda. Chakana tovar aylanmasi tarkibida yirik korxonalarning ulushi 15,7 foizni tashkil etib, eng katta ulush Toshkent shahrida (29,7 foiz), Xorazm (23,3 foiz) va Buxoro viloyatlarida (14,8 foiz) kuzatildi.

2020 yil yanvar oylari holatiga o‘rtacha aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi 372,6 ming so‘m (2019 yil yanvar oyiga nisbatan 2,4 foizga o‘sdi) va respublikaning barcha hududlarida aholi jon boshiga chakana savdo tovar aylanmasi ko‘rsatkichlarida o‘sish sur’atlari kuzatildi.

Ushbu ko‘rsatkichni hududlar kesimida solishtirilganda eng yuqorisi Toshkent shahri (1,1 mln so‘m), Toshkent (460,9 ming so‘m) va Navoiy (423,6 ming so‘m) viloyatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

Respublika bo‘yicha 2020 yilning yanvar oyida uyushmagan savdo tovar aylanmasi 904,4 mlrd. so‘mni tashkil etib, 2019 yil yanvar oyiga nisbatan 3,4 foizga kamaydi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar