YuNVTOning 66-mintaqaviy yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilyapti

YuNVTOning 66-mintaqaviy yig‘ilishi Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilyapti

1 iyun kuni O‘zbekiston tashabbusi bilan BMT qoshidagi Jahon sayyohlik tashkiloti (YuNVTO) shafeligida «Tiklanish yo‘li» nomidagi onlayn anjuman uyushtirildi. Bu haqda «Dunyo» AA xabar berdi.

Tadbirda ishtirok etgan YuNVTO bosh kotibi Zurab Pololikashvili 2021 yilda tashkilotning navbatdagi 66-mintaqaviy komissiya yig‘ilishi 2021 yili Samarqandda bo‘lib o‘tishi mumkinligi haqida e’lon qildi.

O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari — Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisi Aziz Abduhakimov mamlakatda koronavirus pandemiyasining salbiy ta’siri oqibatida eng ko‘p zarar ko‘rgan turizm sohasini «qayta jonlantirish» uchun bozorning barcha ishtirokchilariga juda ko‘p imtiyozlar taqdim etilayotganini ma’lum qildi.

Zurab Pololikashvilining ta’kidlashicha, bugungi kunda YuNVTO pandemiyaga qarshi kurashdan kelajakka faol tayyorgarlik ko‘rish jarayoniga o‘tmoqda. Shu maqsadda tashkilotga a’zo davlatlar uchun bir nechta tamoyillar ishlab chiqilgan. Ularga davlatning moliyaviy yordamiga muhtoj bo‘lgan turistik sub’yektlarga ko‘mak berish, xavfsiz hududlarda sayohat sharoitlarini yengillashtirish, iste’molchilarni himoya qilish orqali ishonchni tiklash va xavfsiz turizmni ta’minlashga qaratilgan qo‘shma protokollardan foydalanish kiradi.

YuNVTO hisobotiga ko‘ra, 2020 yilda xalqaro turistlarning soni amaldagi cheklov choralarining davomiyligiga qarab 60−80 foizga qisqarishi mumkin. Bu xalqaro turizmdan keladigan daromadlarning 910 milliarddan 1,2 trln AQSh dollarigacha kamayishi va dunyo iqtisodiyotiga sezilarli darajada zarar yetkazishi mumkin. Ushbu vaziyat 100 milliondan 120 milliongacha to‘g‘ridan-to‘g‘ri ish o‘rinlariga salbiy ta’sir ko‘rsatib, turizmning barcha qiymat zanjiriga, ayniqsa, kichik va o‘rta biznes sohasiga qattiq zarba yetkazishi mumkinligi prognoz qilingan.

«Xalqaro turizmning tiklanishi ish o‘rinlarini saqlab qolishiga yordam beradi, farovonlikni ta’minlaydi va sektorga barqaror rivojlanishda hal qiluvchi rolni olishga imkon beradi», — deyiladi O‘zbekiston delegatsiyasining bayonotida.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar