O‘zbekiston-Yaponiya: o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi

O‘zbekiston-Yaponiya: o‘zaro hamkorlik yangi bosqichga ko‘tariladi
O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Alisher Sultonov Yaponiyaning “Mitsubishi Corporation” kompaniyasi rahbariyati a’zosi Yasayuki Asakura bilan uchrashdi. Vazirlikda bo‘lib o‘tgan uchrashuv haqida matbuot xizmati ma’lum qildi. Uchrashuv O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Yaponiyaga tashrifiga tayyorgarlik ko‘rish doirasida tashkil etildi. Tomonlar “Mitsubishi Corporation” kompaniyasida ishlab chiqarilgan oxirgi avlodga mansub bug‘-gaz qurilmalari (BGQ) o‘rnatilgan To‘raqo‘rg‘on IES qurilishi va Navoiy IESni modernizatsiya qilish loyihalari doirasidagi hamkorlik muvaffaqiyatli tarzda amalga oshirilganini ta’kidladi. Qayd etish kerakki, O‘zbekistonning elektr energetikasi sohasidagi ushbu loyihalari Yaponiya xalqaro hamkorlik agentligining (JICA) moliyaviy ko‘magida amalga oshirildi. Tashrifda Navoiy IESda quvvati kamida 600 MVt bo‘lgan uchinchi bug‘-gaz qurilmasini qurish loyihasini moliyalashtirish uchun kredit shartnomasi imzolash, shuningdek, “Navoiy IES”da 4 ta BGQ qurilmasini o‘rnatish bo‘yicha hamkorlik masalalarini muhokama qilish rejalashtirilgan. Hozirgi vaqtda O‘zbekistonda “Mitsubishi Corporation” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan jami oltita BGQ qurilmasi o‘rnatilgani e’tiborga olingan holda, ularga xizmat ko‘rsatuvchi servis markazini tashkil etish imkoniyati uchrashuvda muhokama qilindi. Yaponiya tomoni BGQ uchun ehtiyot qismlarni mahalliylashtirishga ham qiziqish bildirdi. Muloqot davomida “Mitsubishi Corporation” kompaniyasining Sirdaryo IESda uchinchi va to‘rtinchi bug‘-gaz qurilmasi qurilishi bo‘yicha tanlovda ishtirok etish masalasi ham muhokama qilindi. Mazkur loyiha davlat-xususiy sheriklik tamoyili asosida amalga oshiriladi. Shuningdek, unda “Mitsubishi Corporation” kompaniyasining “Navoiyzot“ AJda yangi barpo etilayotgan ammiak va karbamid kompleksida xizmat ko‘rsatishni tashkil etishda ishtiroki imkoniyatlari xususida ham so‘z bordi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar