O‘zbekistonda asal iste’moli aholi jon boshiga qanchaga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi

O‘zbekistonda asal iste’moli aholi jon boshiga qanchaga to‘g‘ri kelishi ma’lum qilindi
Joriy yilning o‘tgan davri mobaynida O‘zbekistonda asalari oilalarining eksporti 245 ming donaga yetkazildi.

«O‘zekspomarkaz»da Xalqaro press klub tomonidan o‘tkazilgan navbatdagi sessiyada ma’lum qilinishicha, asalarilarning zotini yaxshilash borasida Ukrainadan 2 ming 450 ta «karpat», Germaniyadan 125 ta «karnika» zotli naslli ona-arilar keltirildi. Ilmiy maqsadlar uchun esa Germaniyadan mahalliy sharoitga moslashishni o‘rganish uchun 50 ta «bakfast» zotli onalar olib kelindi. Yil davomida 19 ming tonnadan ortiq asal yetishtirildi. Hozirda asal iste’moli aholi jon boshiga 0,56 kilogrammga to‘g‘ri kelmoqda.

Tadbirda ta’kidlanishicha, o‘tgan 10 oy ichida asalarichilik sub’yektlari soni 14 ming 430 taga, asalari oilalari soni esa 816 mingtaga yetkazildi. 300 ming dollar miqdordagi asalarichilik sohasida ishlatiladigan zamonaviy uskuna va jihozlar, mumparda va mum mahsulotlari bojxona to‘lovlaridan ozod qilingan holda import qilindi.

Matbuot anjumanida aytilishicha, O‘zbekiston asalarichilar uyushmasi tashabbusi bilan 2,5 mingdan ziyod asalarichilar oilalari bahorgi-yozgi davrda Qirg‘iziston tog‘lariga vaqtinchalik olib chiqilib, qo‘shimcha 120 tonna tog‘ asali imtiyozli asosda respublikaga olib kirildi. So‘nggi uch yil ichida mum va mumni qayta ishlash sexlari soni 5 tadan 12 tagacha ko‘paytirildi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar