O‘zbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda

O‘zbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan qiziqish ortib bormoqda

So‘nggi yillarda Islom moliya tizimi tushunchasi ko‘plab mamlakatlar moliyachilarining so‘z boyligidan mustahkam o‘rin oldi. Darhaqiqat, turli mamlakatlarda, hattoki aksariyat aholisi islom diniga mansub bo‘lmagan davlatlarda ham, jumladan AQSh va Buyuk Britaniyada, ushbu moliyaviy institut an’anaviy bank xizmatlariga muqobil moliyalash tizimi sifatida barqaror rivojlanmoqda. Shuning uchun islom bankchiligini o‘rganish global iqtisodiyotda dolzarb mavzu hisoblanadi. An’anaviy bank tizimiga muqobil moliyalash shakllari mavjudligini bilish qiziqarli va foydalidir.

Yillik 15-20% o‘sish sur’atiga ega Islomiy bank dunyo bo‘ylab o‘zining ufqlarini kengaytirdi va 75 dan ortiq mamlakatda o‘z muassasalariga ega.

Ushbu moliya tizimining O‘zbekistonda rivojlanish istiqbollari haqida Islom taraqqiyot bankining O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Husan Hasanov uzanalytics.com saytiga intervyu berdi.

Husan Hasanovning ma’lum qilishicha, O‘zbekiston Islom taraqqiyot banki guruhi tarkibidagi Xususiy sektorni rivojlantirish islom korporatsiyasi (XSRIK) va Xalqaro islom savdo-moliya korporatsiyasi (XISMK) bilan hamkorlik qiladi. XSRIK shu kungacha 15 ta tijorat banklari va 2 ta lizing kompaniyasi bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan va bugungi kungacha banklarga 285 million AQSh dollari miqdorida moliyalashtirish liniyalarini ajratgan. XISMK tomonidan ma’qullangan loyihalar qiymati esa 82 million AQSh dollarini tashkil etadi.

Shuningdek, bugungi kunda bankning Aloqabank, Asia Alliance Bank va Turonbank bilan hamkorlikdagi jami 30 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari mavjud. XISMK tomonidan esa, Asia Alliance Bank, Kapitalbank, O‘zsanoatqurilishbank va Trastbankga jami 32 million AQSh dollarlik moliyalashtirish liniyalari va Moliya vazirligi huzuridagi jamg‘armaga 50 mln. AQSh dollari ajratilgan.

O‘zbekistonda islom bankchiligini rivojlanishi to‘g‘risidagi savolga janob Hasanov: «O‘zbekiston aholisining qariyb 90 foizini musulmonlar tashkil qiladi va shu faktning o‘zi O‘zbekistonda Islomiy moliya va bankchilikka bo‘lgan qiziqishning qanchalik katta ekanligidan dalolat beradi.

Bilamizki, Islomda sudxo‘rlik, ya’ni pulni foizga berish orqali foyda olish taqiqlangan, an’anaviy bank tizimi esa foizlarga tayanadi. Diniy e’tiqodlarga tayangan, foiz, kredit va shu kabi bank xizmatlaridan foydalanishni istamagan aholi qatlami uchun Islomiy moliyalashtirish tamoyillariga asoslangan bank xizmatlari taklif etilsa, bu O‘zbekiston iqtisodiyotining o‘sishi va ichki investitsiya hajmining ortishiga katta turtki bo‘ladi, deb bemalol ayta olamiz. Bu tizimni joriy qilinishi O‘zbekistonda jamg‘arma va foydalanilmayotgan pul mablag‘larini bank tizimiga jalb qilish, xufyona iqtisodiyot salmog‘ini kamaytirish va tadbirkorlikni rivojlantirishga asos bo‘lib xizmat qiladi», - deya javob berdi.

Ma’lumot uchun: Islom taraqqiyot banki (ITB) 1973 yil 18 dekabrda Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) a’zo mamlakatlar moliya vazirlari yig‘ilishida tashkil etilgan va o‘z faoliyatini 1975 yil oktyabr oyida boshlagan.

ITBning bosh ofisi Saudiya Arabistonining Jidda shahrida joylashgan. Shu bilan birga, bankning Rabot (Marokash), Kuala-Lumpur (Malayziya), Olma ota (Qozog‘iston), Dakar (Senegal), Paramaribo (Surinam), Bandung (Indoneziya), Dakka (Bangladesh), Anqara (Turkiya), Kampala (Uganda), Qohira (Misr), Abuja (Nigeriya) kabi shaharlarda 13 ta vakolatxona va 11 ta mintaqaviy markazi mavjud.

Islom Konferensiyasi Tashkilotiga (IKT) a’zo barcha davlatlar ITBga a’zo bo‘lish huquqiga egadirlar. Hozirgi vaqtda Bank o‘ziga 57 a’zo davlatlarni birlashtiradi. To‘langan aksiyalar hajmi bo‘yicha bankning asosiy aksiyadorlari Saudiya Arabistoni, Kuvayt, Liviya, Turkiya, Birlashgan Arab Amirliklari, Eron, Misr va Qatar hisoblanadi.

ITBning nizom jamg‘armasi 100 milliard islom dinori bo‘lib, 10 million aksiyaga bo‘linadi. Har bir aksiyaning nominal qiymati 10 000 islom dinorini tashkil qiladi.

Har bir a’zo davlat Bank boshqaruv Kengashiga o‘zining boshqaruvchisi va boshqaruvchi o‘rinbosarini kiritgan. Boshqaruv Kengashi yiliga bir marta bankning o‘tayotgan yil faoliyatini ko‘rib chiqish va kelgusi siyosatini belgilash haqida qaror qabul qilish uchun yig‘iladi.

Bank a’zo mamlakatlarda davlat va xususiy sektor loyihalarini moliyalashtirish bilan shug‘ullanadi. U iqtisodiy va ijtimoiy infratuzilma loyihalariga sarmoya kiritadi, a’zo mamlakatlarga texnik yordam ko‘rsatadi va xalqaro savdoni rivojlantirishga ko‘maklashadi.

Hozirgi kunda ITB Islom taraqqiyot banki, Tadqiqotlar va treninglar Islom instituti, Investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash Islom korporatsiyasi, Xususiy sektorni rivojlantirish Islom korporatsiyasi va Savdoni moliyalashtirish xalqaro Islom korporatsiyasi kabilardan iborat bir qator tashkilotlar guruhidan tashkil topgan.

ITB Guruhining ijtimoiy va iqtisodiy rivojlanishni rag‘batlantirish ishlariga yo‘naltirilgan asosiy faoliyati quyidagilardan iborat: infratuzilmani rivojlantirish; institutsional salohiyatni mustahkamlash; a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni rag‘batlantirish; xususiy sektorni rivojlantirish va islom bank-moliya sanoatini qo‘llab-quvvatlash.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar