O‘zbekistonda ISUZU D-MAX pikaplari ishlab chiqariladi

O‘zbekistonda ISUZU D-MAX pikaplari ishlab chiqariladi
Poytaxtimizda O‘zbekistonda ilk bor ishlab chiqarilgan ISUZU D-Max kichik yuk tashish avtomobillarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. 2006 yilda “SamAvto” mas’uliyati cheklangan jamiyati Yaponiyaning “ISUZU Motors” kompaniyasi va “Itochu Corporation” korporatsiyasi bilan hamkorlik o‘rnatdi va zavodda ISUZU shassisi asosida avtobus va yuk mashinalari ishlab chiqarish boshlandi. Bugun taqdim etilgan kichik yuk tashish avtomobil turlaridan mamlakatimizda agrar, tog‘-metallurgiya, neftni qayta ishlash sanoati sohalarida, ekstremal sport, xususiy sektorlarda foydalaniladi. Avtomobil 3 ta modifikatsiyada va 7 ta rangda taqdim etiladi. Avtomobilda ham yo‘lovchilar, ham yuklarni tashish uchun birdek qulay universal dizayn konsepsiyasi namoyon bo‘lgan. 2002 yildan buyon ISUZU D-Max avtomobil modellari butun dunyo bo‘ylab Yaponiyaning “ISUZU Motors” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarib kelinmoqda. Bu yillar ichida avtomobillar yanada mukammallashdi. Shu paytgacha O‘zbekistonda ushbu turdagi avtomobillar ishlab chiqarilmagan. Faqat import qilingan. Ushbu turdagi avtomobillarga talab yil sayin oshib borgani, turli tarmoqlarda foydalanish uchun ancha qulay bo‘lgani sababli mamlakatimizda ishlab chiqarish uchun 2017 yilgi Isuzu D-Max modifikatsiyasining ikkinchi avlodi tanlab olingan. Mamlakatimizda ISUZU D-Max kichik yuk tashish avtomobillarining uchta modifikatsiyalari ishlab chiqariladi. Birinchisi D-MAX SAHAR modeli bo‘lib, ikki qatorli kabinaga ega. 2 yo‘lovchiga mo‘ljallangan, 2,5 litrlik dvigatel hajmi va mexanik uzatmalar qutisiga ega. D-MAX OKSUS modeli esa 4 yo‘lovchiga mo‘ljallangan bo‘lib, bir qatorli kabinasi bor. D-MAX IRBIS modeli boshqalaridan farqli ravishda 3 litrlik dvigatel hajmi va avtomat uzatmalar qutisiga ega. Avtomobillarning yuk ko‘taruvchanligi 865–1100 kilogrammni tashkil etadi. An’anaviy ravishda ISUZU avtomobillarida haydovchi va yo‘lovchilarning xavfsizligiga alohida e’tibor qaratiladi. ISUZU D-Max yapon standartlariga muvofiq yuqori mustahkamlikdagi po‘lat kabina, energiyani yuta oluvchi old qism, yon zarbga chidamli plankalar va tarang tortib turuvchi xavfsizlik yostiqchalari bilan jihozlangan. Avtomobillar oq, kumushsimon metallik, kulrang metallik, obsidian kulrang, qora, ko‘k va qizil rangda taqdim etilmoqda. Avtomobil intererida bezashning qora elementlari, xromlangan detallar va ushlab ko‘rganda yoqimli materiallar uyg‘unlashadi. Keng eshikarkalari kabinaga oson kira olish, ichkarida esa yo‘lovchilarni qulay joylashtirishni ta’minlaydi. ISUZU D-Max avtomobillari sotuvi 2020 yilning yanvar oyida boshlanadi. Ayni damda sotuvoldi buyurtmalar berish jarayoni boshlandi. Avtomobillar narxi 270 million so‘mdan 380 million so‘mgacha oraliqda belgilanadi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar