“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi rasmiy munosabati: O‘zbekiston Qirg‘izistonga meva-sabzavotlarni eksport qilishda davom etadi

“O‘zdavkarantin” inspeksiyasi rasmiy munosabati: O‘zbekiston Qirg‘izistonga meva-sabzavotlarni eksport qilishda davom etadi
Internet tarmog‘ida joriy yilning 14 noyabr kuni tarqalgan xabarlarga ko‘ra, O‘zbekistondan Qirg‘izistonga meva-sabzavot mahsulotlarini olib kirilishiga Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligi tomonidan taqiq qo‘yilishi bildirilgan. Xabarlarga qaraganda, bunga sabab sifatida O‘zbekistondan Qirg‘izistonga olib kirilayotgan anor mahsulotida Sharq mevaxo‘ri – “Grapholita Molesta” hasharoti aniqlanganligi ta’kidlangan. Ayrim axborot manbalarida mazkur hasharot “virus” sifatida nomlanib, noto‘g‘ri ma’lumotlar keltirilgan. Shu bilan birga, “Do‘stlik” chegara nazorat punktida joriy yilning 12 noyabr kuni O‘zbekistondan 35 tonna nok, behi, no‘xat va ziravor mahsulotlar fitosanitar sertifikatsiz va maxsus etiketkalarsiz yuklanganligi bois to‘xtatib qolingani ma’lum qilingan. Ushbu xabarlar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi tomonidan quyidagilar ma’lum qilinadi. Avvalambor, “Do‘stlik” chegara nazorati punktidan o‘zbek qishloq xo‘jaligi mahsulotlari eksport qilinishi davom ettirilayotganligi va hech qanday yukning orqaga qaytarilish holatlari qayd etilmaganliginialohida ta’kidlaymiz. Hozirgi kunda, O‘zbekiston va Qirg‘iziston karantin xizmatlari o‘rtasidagi o‘zaro hamkorlik munosabatlari 2019 yil 1 avgustda imzolangan “O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Qirg‘iziston Respublikasi hukumati o‘rtasida o‘simliklar karantini sohasida hamkorlik Bitimi” asosida amalga oshiriladi. Xalqaro amaliyotga ko‘ra, mahsulotda zararli karantin organizmlar aniqlanganda, Xalqaro sanitariya va fitosanitariya choralari talablaridan kelib chiqib, import qiluvchi davlatning karantin xizmati fitosanitariya talablari buzilgani yuzasidan mahsulotni eksport qilgan davlatga notifikatsiya (bildirishnoma) yuborishi lozim. Biroq, shu kunga qadar hech bir holat yuzasidan Qirg‘iziston karantin xizmati tomonidan asoslantirilgan rasmiy notifikatsiyalar (bildirishnomalar) kelib tushmagan. Ta’kidlash joizki, joriy yilning 15 noyabr kuni “O‘zdavkarantin” inspeksiyasiga Qirg‘iziston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat sanoati va melioratsiya vazirligidan O‘zbekistondan eksport qilinayotgan qishloq xo‘jaligi mahsulotlari 356 ta holatda fitosanitar sertifikatlarsiz olib kirishga urinish sodir etilgani, bunday xatti-harakatlarning 10 foizida mahsulotlarda zararli organizmlar aniqlanganligi haqida xat kelib tushgan. Xatda, shuningdek, bu kabi holatlarga qarshi birgalikda kurashilishiga va ikki davlat karantin xizmatlari o‘rtasidagi hamkorlik yanada kuchaytirilishiga umid bildirilgan. O‘z navbatida, “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi mazkur masala yuzasidan javob xati yo‘llagan bo‘lib, unda Inspeksiya yuqoridagi kabi holatlarga qarshi hamkorlikda kurashishga tayyor ekanligi qayd etilgan hamda qirg‘iz tomonidan ko‘rsatilgan holatlar yuzasidan asoslangan dalillar va ma’lumotlar tezkorlikda yuborilishi so‘ralgan. Qirg‘iz tomonidan javob xatlari olinishi bilanoq, Inspeksiya bu haqda jamoatchilikni xabardor qiladi. “O‘zdavkarantin” inspeksiyasi
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar