"Raqamli iqtisodiyot" bo‘yicha yana bir muhim hujjat imzolandi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 24 yanvardagi Oliy Majlisga Murojaatnomasi va 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini va hayot sifatining barqaror yaxshilanishini ta’minlash hamda tadbirkorlik faoliyatini yuritish va “raqamli iqtisodiyot”ni rivojlantirish uchun qulay muhit yaratish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining "Toshkent shahrida raqamli texnologiyalarni keng joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi qarori imzolandi.

Qarorga ko‘ra:

  1. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va Toshkent shahar hokimligining “Raqamli Toshkent” kompleks dasturi (keyingi o‘rinlarda – Dastur) amalga oshiriladi.
  2. “Raqamli Toshkent” kompleks dasturining asosiy vazifasi etib shahar xizmatlarini boshqarish, ijtimoiy soha ob’yektlari, ishlab chiqarish, yo‘l transport va kommunal infratuzilmaning integratsiyalashgan axborot muhitini yaratish va keyinchalik muvaffaqiyatli tajribani respublikaning boshqa hududlarida tatbiq etish belgilandi.
  3. Dasturga asosan 2020 yil 1 mayga qadar avia, temir yo‘l va boshqa transport xizmatlariga elektron chiptalarni onlayn sotib olish yagona axborot tizimini joriy etiladi.

Shuningdek, 1 sentyabrga qadar barcha umumta’lim maktablarida jurnal va o‘quvchilarning kundaliklarini qog‘oz shaklida yuritishni bekor qilinib, ularni elektron tarzda yuritishga mo‘ljallangan yagona axborot tizimini ishga tushiriladi.

Joriy yilning 1 noyabriga qadar kommunal xizmatlar (tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suv va issiq suv) bo‘yicha to‘lovlarni onlayn to‘lash hamda kommunal xizmat ko‘rsatuvchi tashkilotlar bilan elektron hamkorlikni ta’minlovchi “Mening uyim” yagona axborot tizimini joriy etiladi.

2020 yilning 1 dekabrigacha “Yagona elektron tibbiy karta” axborot tizimini joriy etish va “Elektron poliklinika” axborot tizimiga 62 ta oilaviy poliklinika ulanadi.

  1. Toshkent shahar hokimligi ta’sischiligida mas’uliyati cheklangan jamiyati shaklida Raqamli rivojlanish departamenti (keyingi o‘rinlarda – Departament) tashkil etilib, quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:
  • shaharning geografik axborot-tahlil tizimini yaratish;
  • davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlarini, ma’lumotlar bazalarini va boshqa axborot manbalarini yagona dasturiy platforma orqali Toshkent shahar hokimligining axborot tizimlari bilan integratsiyasini ta’minlash;
  • Dasturning o‘z vaqtida va sifatli bajarilishi, Toshkent shahar hokimligi axborot tizimlarida ma’lumotlarning himoyasi va saqlanishini ta’minlash bo‘yicha samarali ishlarni tashkil etish;
  • axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni tijoratlashtirish, xalqaro moliya institutlari va xorijiy tashkilotlarning kreditlari va grantlari, shuningdek, qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa manbalarni jalb qilish;

Departament tuzilmasida tarmoq Loyiha ofislari (keyingi o‘rinlarda – Loyiha ofislari) tashkil etiladi va ularning asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilanadi:

  • Dastur doirasida amalga oshirilayotgan loyihalarning konsepsiyalari, loyiha va texnik hujjatlarini ishlab chiqish, tegishli yo‘nalishlardagi axborot tizimlari, ma’lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarga xizmat ko‘rsatish;
  • shahar xizmatlarining raqamli ma’lumotlarini birxillashtirish va ularning Dasturga integratsiyalashuvi, davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarida yagona identifikator va tasniflagichlarni joriy qilish hamda ulardan foydalanish;

Departament huzurida “Raqamli poytaxt” axborot-tahlil markazi (keyingi o‘rinlarda – Markaz) tashkil etiladi va quyidagilar uning asosiy vazifalari etib belgilanadi:

  • shahar xizmatlarida axborot tizimlarining idoralararo elektron hamkorligi natijasida olingan ma’lumotlarni tahlil qilish va qayta ishlash;
  • shahar atrof-muhitini rivojlantirishda tizimli muammolarni aniqlash, shahar xizmatlari samaradorligini oshirish va umuman, shahar muhitini yaxshilash bo‘yicha takliflarni ishlab chiqish.
  • Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda Departament faoliyatini tashkil etsin, uni malakali mutaxassislar bilan to‘ldirsin.
  1. Departament xodimlariga davlat boshqaruvi organlarining xodimlariga belgilangan ish haqi miqdori hamda qonunchilikda belgilangan qo‘shimcha va ustamalar qo‘llaniladi.

Toshkent shahar hokimiga Departamentga mutaxassislarni bir yillik mehnat shartnomalari asosida ish haqini mustaqil belgilagan holda hamda loyihalarni amalga oshirish uchun tanlov (tender) savdolarini o‘tkazmasdan, to‘g‘ridan-to‘g‘ri shartnoma tuzish orqali mustaqil konsalting tashkilotlarini jalb qilish huquqi berildi.

Toshkent shahar mahalliy byudjeti mablag‘lari Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirish manbai etib belgilansin.

O‘zbekiston Respublikasi Moliya vazirligi, Toshkent shahar hokimligi Departamentning joriy xarajatlarini moliyalashtirishni 2020 yilda Toshkent shahar mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan, 2021 yildan boshlab Toshkent shahar mahalliy byudjeti hisobidan amalga oshiradi.

  1. Joriy yilning 1 aprelidan boshlab quyidagi yig‘imlar va jarimalar Toshkent shahar mahalliy byudjetiga o‘tkaziladi:
  • Toshkent shahrida tashqi reklama ob’yektlarida (konstruksiyalarida) tashqi reklamani joylashtirish (tarqatish) huquqi uchun oylik yig‘im, tashqi reklama ob’yektlari uchun reklama joylari pasportlarini berishdan tushadigan mablag‘lar hamda tashqi reklama ob’yektlarini qurish huquqi uchun elektron auksion yakunlari bo‘yicha to‘langan mablag‘lar (auksion savdolarini o‘tkazganlik uchun savdo tashkilotchisiga to‘lanadigan mablag‘ chegirib qolingan holda);
  • Toshkent shahrida tashkil etilgan yo‘l chetida pullik vaqtincha avtomobil to‘xtab turish joylarida to‘xtab turish qoidalarini buzilganligi uchun jarimalar;
  • Toshkent shahrida maxsus avtomatlashtirilgan foto va videofiksatsiya texnika vositalari qayd etgan yo‘l harakati qoidalari buzilganligi uchun jarimalarning 80 foizi, qolgan 20 foizi esa – Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasining byudjetdan tashqari rivojlantirish jamg‘armasiga.
  1. Toshkent shahar hokimligining Ijro apparati tuzilmasiga axborot texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha hokim o‘rinbosari – Departament rahbari lavozimi kiritiladi.

Vazirliklar va boshqa davlat organlari rahbarlarining axborot-kommunikatsiya texnologiyalarini rivojlantirish uchun mas’ul bo‘lgan o‘rinbosarlari Departament va Loyiha ofislari bilan samarali hamkorlik qilish uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

  1. Dastur doirasida loyihaoldi o‘rganishlar, loyihani amalga oshirish bo‘yicha konsepsiya va texnik topshiriqlarni ishlab chiqish Loyiha ofislari tomonidan amalga oshiriladi.

Shuningdek:

  • Loyiha-texnik hujjatlarining ekspertizasi faqat Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi va “Kiberxavfsizlik markazi” DUK tomonidan o‘tkaziladi;
  • Axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilarni va integratorlarni jalb qilish, ular bilan shartnomalar tuzish Departament tomonidan tanlov orqali amalga oshiriladi;
  • Departament axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlar ishlab chiquvchilar va integratorlar bilan 1 milliard so‘mgacha bo‘lgan miqdorda loyihalar bo‘yicha Dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari texnoparki rezidentlari o‘rtasida tanlov o‘tkazish yo‘li bilan shartnoma imzolash huquqiga ega.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi vazirlik va idoralar bilan birgalikda ikki oy muddatda:
  • noyob identifikatorlar, kataloglar va tasniflagichlardan foydalanilishi bo‘yicha davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va ma’lumotlar bazalarini to‘liq xatlovdan o‘tkazilishini;
  • idoralararo elektron hamkorlikning yagona texnologik talablari, standartlari va shakllarini, shuningdek, Dasturni amalga oshirish doirasida tasniflagich va ma’lumotnomalar ro‘yxati tasdiqlanishini;
  • amaldagi ma’lumotlar bazalari va dasturiy mahsulotlarning boshqa axborot tizimlari bilan o‘zaro integratsiyasini amalga oshirish maqsadida davlat organlari va tashkilotlarini integratsiya qilish choralari ishlab chiqilishini;
  • Departament va Markazga Toshkent shahrining “Xavfsiz shahar” integratsiyalashgan tizimiga kirish huquqi beriladi.
  1. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi Toshkent shahar hokimligi bilan hamkorlikda bir oy muddatda Muhammad al-Xorazmiy nomidagi Toshkent axborot texnologiyalari universiteti negizida davlat organlari va tashkilotlarining mas’ul xodimlari – Dastur ijrochilarining raqamli texnologiyalar va dasturiy mahsulotlardan samarali foydalanish ko‘nikmalarini bosqichma-bosqich oshirish dasturi ishlab chiqiladi.
  2. “O‘zstandart” agentligi O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bilan birgalikda 2020 yil 1 avgustga qadar apparat-dasturiy komplekslarni yaratish bo‘yicha mavjud davlat standartlari va texnik talablarini qayta ko‘rib chiqiladi.
  3. 2020 yil 1 sentyabrdan axborot tizimlari va dasturiy mahsulotlarni ishlab chiqishda davlat organlari va tashkilotlari quyidagilarga majburdirlar:
  • O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tasdiqlangan yagona texnologik yechimlar, tasniflagichlar va standartlardan foydalanish;
  • dasturiy mahsulotlarni joriy etishda asosan litsenziyalash cheklovlaridan xoli yagona ochiq formatdagi elektron hujjatlardan foydalanishni ta’minlash;
  • tasdiqlangan tegishli milliy standartlar va texnik talablarga muvofiq apparat-dasturiy tizimlarni o‘rnatish;

2020 yil 1 maydan davlat organlari va tashkilotlarining axborot tizimlari va resurslarida axborotni shakllantirish, saqlash va qayta ishlash faqat quyidagi noyob identifikatorlardan foydalangan holda amalga oshiriladi:

  • jismoniy shaxslar – jismoniy shaxsning shaxsiy identifikatsiya raqami (JShShIR);
  • yuridik shaxslar – soliq to‘lovchining identifikatsiya raqami (STIR);
  • ko‘chmas mulk – kadastr raqami;
  • manzillar – geografik kod;
  • transport vositalari – transport vositasining identifikatsiya raqami.

Alohida hollarda O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi tomonidan tegishli yo‘nalishlarda maxsus o‘ziga xos identifikatorlar belgilanishi mumkin.

  1. Toshkent shahar hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi 2020 yil 1 mayga qadar shahar infratuzilmasining holati, davlat xizmatlarining sifati va aholini qiziqtirgan boshqa masalalar yuzasidan jamoatchilik nazoratini tashkil etish uchun “Xalq nazorati” portali va mobil ilovasini ishga tushiradi.
  2. O‘zbekiston Respublikasi Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Milliy geografik axborot tizimi faoliyati doirasida Toshkent shahar hokimligiga zarur kartografiya materiallarini taqdim etadi. Shuningdek, ko‘chmas mulk ob’yektlari manzillarining yagona reyestriga kirish, ko‘chmas mulk ob’yektlariga geografik joylashishni hisobga olgan holda ob’yektning fazoviy ma’lumotlari taqdim etiladi.
  3. Toshkent shahar hokimligining Raqamli Toshkent vaziyatlar markazi Toshkent shahri, Shayxontohur tumani, I.Karimov ko‘chasi, 51-binoda joylashgan Toshkent shahar hokimligi hududida quriladi.
  4. O‘zbekiston Respublikasi Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligi bir oy muddatda “O‘zbektelekom” AK Axborotni qayta ishlash markazining texnologik maydonchasida Dastur loyihalarini joylashtirish uchun zarur server imkoniyatlarini belgilangan tartibda ajratiladi.
  5. Toshkent shahar hokimligi bir oy muddatda kompleks dastur loyihalari amalga oshirilishining jamoatchilik nazoratini tashkil etish, loyihalarning holati, ishtirokchilari, moliyalashtirish va zarur uskunalarni yetkazib beruvchilari to‘g‘risida to‘liq ma’lumot berish uchun ochiq axborot portalini ishga tushiradi.
Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar