Byudjet xarajatlari optimallashtiriladi

Byudjet xarajatlari optimallashtiriladi

Mazkur Qonun Prezidentimizning “Koronavirus pandemiyasi va global inkiroz inqiroz holatlarining iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi Farmoni hamda “Koronavirus pandemiyasi davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti barqarorligini ta’minlash va birinchi navbatdagi tadbirlarni o‘z vaqtida moliyalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq qabul qilingan.

Qonunning qabul qilinishi koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash va ustuvor yo‘nalishlarini inobatga olgan holda xarajatlarni optimallashtirish maqsadlariga xizmat qiladi.

Farmonga muvofiq Inqirozga qarshi kurashish jamg‘armasi tashkil etilganligi munosabati bilan respublika byudjetidan ajratiladigan mablag‘larning chegaralangan miqdorlariga o‘zgartirishlar kiritilib, Qonunning 5-ilovasi yangi tahrirda berilmoqda.

Bundan tashqari, davlatimiz rahbarining qarorlariga asosan ayrim davlat boshqaruv organlari tuzilmasida ma’muriy o‘zgartirishlar amalga oshirilganligi, shuningdek, yillik byudjet to‘g‘risidagi qonun birinchi marta joriy etilishi munosabati bilan amaliyotda yuzaga kelayotgan ayrim holatlardan kelib chiqib, boshqa o‘zgartirishlar ham kiritish zarurati paydo bo‘lgan.

Shuningdek, Prezidentimizning qaroriga asosan respublika hamda mahalliy byudjetlardan amalga oshiriladigan xarajatlarni qisqartirish yuzasidan tegishli tadbirlar belgilangan va ular ijrosining huquqiy asoslari Qonunda belgilangan. Xususan, respublika byudjetidan advokatlar tomonidan yuridik yordam ko‘rsatilganligi uchun haq to‘lash, fermer xo‘jaliklari tomonidan iste’mol qilinadigan elektr energiyasi qiymatini qoplash uchun hamda nodavlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari uchun beriladigan subsidiyalar mahalliy byudjetlar orqali moliyalashtirishi belgilanayotganligi sababli hududiy byudjetlarga beriladigan transfertlar ko‘paytirilmoqda.

Qonun bilan koronavirus pandemiyasi va global inqiroz davrida Davlat byudjetining barqarorligini ta’minlash maqsadida byudjet xarajatlari optimallashtirilmokda hamda ustuvor yo‘nalishlarga, ya’ni kornovirus pandemiyasiga qarshi kurashish va uning iqtisodiyot tarmoqlariga salbiy ta’sirini yumshatish bo‘yicha birinchi navbatdagi chora-tadbirlarga safarbar qilinishi nazarda tutilgan.

Qonun senatorlar tomonidan ma’qullandi. Ma’qullangan Qonun Prezident tomonidan imzolanib, belgilangan tartibda e’lon qilingach rasmiy kuchga ega bo‘ladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar