O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida mamlakatimizda karantin talablarini hushyorlikni oshirgan holda yanada yumshatish, iqtisodiyot tarmoqlarini bosqichma-bosqich ishlatish, aholi bandligi va daromadlarini oshirish chora-tadbirlari yuzasidan 13 may kuni videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida pandemiya sharoitida tadbirkorlar va aholini qo‘llab-quvvatlash davom ettirilishini ta’kidladi.
Ular quyidagicha:
- Kichik biznes va fermer xo‘jaliklariga ijtimoiy soliq stavkasi may-iyul oylarida 12 foizdan 1 foizga tushiriladi.
- Kichik biznes vakillari, yakka tartibdagi tadbirkorlar kelgusi uch oy davomida yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi.
- Avvalgi qarorga asosan, aprel-may oylarida 1 mingdan ziyod tadbirkorning yer va mol-mulk soliqlari va penyalari bo‘yicha kechiktirilgan 80 milliard so‘m to‘lovlari kechib yuboriladi.
- Tadbirkorlarga bojxona to‘lovlarini 120 kungacha kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.
- Ehtiyojmand oilalarni yanada qo‘llab-quvvatlash maqsadida nafaqa oluvchi oilalar soni qo‘shimcha 70 mingtaga yoki 10 foizga ko‘paytirilib, byudjetdan yana 200 milliard so‘m ajratiladi.
- Ilgari stavkasi 22 foizgacha bo‘lgan investitsiya kreditlari bo‘yicha foizlar qisman davlat tomonidan qoplab berilgan bo‘lsa, endi stavkasi 26 foizgacha bo‘lgan kreditlarning foizlari ham qisman qoplab beriladi.
- Tadbirkorlarga aylanma mablag‘larini to‘ldirish uchun 500 milliard so‘mgacha (ilgari 10 milliard so‘mgacha) berilgan kreditlar bo‘yicha kompensatsiya miqdori 5 foizdan 10 foizga oshiriladi.
- Andijon, Namangan va Farg‘ona viloyatlarida joriy qilingan aholiga yakka tartibda uy-joy qurish va ta’mirlash uchun kredit berish tajribasi Toshkent shahrida ham tatbiq etiladi.
- Mahalliy korxonalarning mahsulotiga nisbatan ichki talabni oshirish va shu orqali ularni qo‘llab-quvvatlash maqsadida davlat tashkilotlariga III-IV chorakdagi xaridlarini II chorakda amalga oshirish huquqi beriladi.
Izoh qoldirish