Ekspert Baxtishod Hamidovning inflyasiya haqida o‘ziga xos fikri

Ekspert Baxtishod Hamidovning inflyasiya haqida o‘ziga xos fikri

O‘zbekistondagi eng faol onlayn nashrlardan biri bo‘lgan Kun.uz sayti muxbiri Muhabbat Ma’mirova “Nega pulning qadri tushib ketyapti?” sarlavhali materialida ekspert sifatida Moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov, bakiroo tyelegram kanali muallifi Otabek Bakirovlar bilan bir qatorda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar sektori bosh ilmiy xodimi Baxtishod Hamidovning fikrini beribdi.

Quyida Iqtisodiy islohotlar va tadqiqotlar markazi ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish sohasidagi tadqiqotlar sektori bosh ilmiy xodimi Baxtishod Hamidovning mazkur masala bo‘yicha bildirgan fikri bilan tanishishingiz mumkin.

– Nazariy jihatdan inflyasiyaga taklif, talab va import omillari guruhi ta’sir qiladi. Hammaga ma’lumki, inflyasiya bu umumiy iste’mol mahsulotlari va xizmatlar narxlari oshishi. Agar ishlab chiqarish xarajatlari oshsa, mahsulotlar narxi oshadi va bu taklif inflyasiyasini keltirib chiqaradi. Boshqa tarafdan, aholi daromadlarining oshishi bozordagi mahsulot va xizmatlarga talabni oshiradi, bu esa talab inflyasiyasiga sabab bo‘ladi. Undan tashqari, milliy valyutaning qadrsizlanishi import qilinadigan iste’mol tovarlari narxining oshishiga sabab bo‘ladi va bu import inflyasiyasini keltirib chiqaradi. O‘zbekiston sharoitida har uch omil guruhi inflyasiya darajasiga o‘z ta’sirini ko‘rsatib kelmoqda. Lekin alohida omillar guruhining sof ta’sir kuchi haqida tahlilchilarning fikrlari turli xil.

Taklif omillari ichida oxirgi yillardagi soliq siyosati, xususan qo‘shilgan qiymat solig‘i to‘lovchi tadbirkorlik sub’yektlarining qamrovi kengayganini alohida aytish mumkin. Bu o‘z navbatida, mahsulotlar narxi oshishiga olib keldi. Boshqa tomondan, narxlar davlat tomonidan tartibga solinadigan tovar va xizmatlarning ko‘pchiligi uchun bozor narx shakllanish tizimiga o‘tildi. Bu tovar va xizmatlar uchun bozor narxlari ancha balandligi sababli iqtisodiyotdagi umumiy narxlar darajasida ta’sir ko‘rsatdi. Yaqinda Prezident ta’kidlagan davlat korxonalarining samarasiz ishlashi ham, bu korxonalar monopol statusga ega bo‘lgan sharoitda ularning mahsulot va xizmatlari narxi oshishga olib keladi va inflyasiyani keltirib chiqaradi.

Inflyasiyaga kreditlash ko‘lamining ta’siri katta, deb qarash keng tarqalgan. So‘nggi yillarda kreditlash ko‘lami oshgani rost. Jumladan, aholi uchun «Har bir oila tadbirkor» dasturi asosida kreditlar berilmoqda. Bu o‘z navbatida bozorda qo‘shimcha talab keltirib chiqarish orqali narxlarning oshishiga ta’sir ko‘rsatayotgan bo‘lishi mumkin. Bundan tashqari, davlat sektorida ish haqi o‘rtacha 30-40 foizga oshgani va daromad solig‘i tushirilgani ham bozordagi narxlarga o‘z ta’sirini ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.

Import inflyasiyasi omillari ichida valyuta liberalizatsiyasi (erkinlashtirilishi) siyosati omilining roli katta. Bu milliy valyuta so‘mning qadrsizlanishiga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmaydi. Valyuta kursi o‘zgarishi import narxlariga ta’siri orqali ichki inflyasiyaga bevosita ta’sir qiladi. Bu ta’sir odatda rivojlangan davlatlarga qaraganda rivojlanayotgan davlatlarda kattaroq bo‘ladi. Buning sababi iste’mol savatida xalqaro bozorda oldi-sotdi qilinuvchi, xususan oziq-ovqat tovarlarning ulushi katta. So‘nggi yillarda import ko‘lamining eksport ko‘lamiga nisbatan oshib ketishi ham devalvatsiyaga ta’sir qilmoqda. Natijada, import qimmatlashmoqda, narxlarning umumiy darajasi oshmoqda. Ba’zilar import aslida oshmadi, liberallashuv siyosati natijasida «rasmiylashdi» deyishi mumkin. Lekin liberallashuv siyosatining iqtisodiyotning ba’zi tarmoqlaridagi ishlab chiqarishning kamayishi bilan to‘g‘ri kelishi, haqiqatan ham import oshganini bildiradi.

Oxirgi yillarda inflyasiyani jilovlashga siyosiy xohish borligi ko‘rinib turibdi. Jumladan, inflyasion targetlashga o‘tish va byudjet qonun ko‘rinishida qabul qilinishi bir tarafdan siyosiy tartibni ta’minlaydi va davlat pul-kredit va fiskal siyosati borasidagi ishlarning aniqligi oshishi hisobiga inflyasion kutilmalarni jilovlanishiga xizmat qiladi.

Inflyasiya so‘zi aslida nazariy tushuncha bo‘lib, uni baholovchi ko‘rsatkichlar odatda iste’mol narxlar indeksi (INI) hisoblanadi. Bu indeksni hisoblash uchun aholi farovonligini ta’minlovchi tovar va xizmatlar ro‘yxati, ularning ahamiyatlilik darajasi va narxlaridagi o‘zgarishlar bo‘yicha ma’lumotlar kerak bo‘ladi. Bu ro‘yxatni shakllantirishda turli davlat idoralari bir-biriga o‘xshamagan hisob-qitoblar qiladi. Shu sababli hukumat va Markaziy bank inflyasiya darajasini ikki xil raqamda aytadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar