O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida GES qurishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosida GES qurishni muhokama qildi

O‘zbekiston va Tojikiston Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatatsiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilishda davom etmoqda. Bu haqda Energetika vazirligi matbuot xizmati xabar bergan.

O‘zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining navbatdagi yig‘ilishi mart oyida Dushanbe shahrida o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Qayd etilishicha, Tojikistonda Zarafshon daryosida umumiy quvvati 320 MVt ga teng ikkita GES qurish masalasini o‘rganib chiqish O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti va Tojikiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 17 avgustda imzolangan Qo‘shma bayonotida ko‘zda tutilgan.

Gidroelektrstansiyalarni bosqichma bosqich qurish rejalashtirilgan: avvaliga qiymati 282 mln doll. ga teng, quvvati 140 MVt tashkil etuvchi hamda 700-800 mln kVt-saot elektroenergiya ishlab chiqaruvchi Yovon GESi qurilishi ko‘zda tutilmoqda.

Navbatdagi bosqichda tomonlar Fandaryoda qiymati 270 mln doll. ga teng, quvvati 135 MVt ni tashkil etuvchi hamda 500-600 mln kVt-soat elektroenergiya ishlab chiqaruvchi GES qurilishi mo‘ljallangan.

Loyihani moliyalash xalqaro moliyaviy tashkilotlarning qarz va grant mablag‘lari, shuningdek tomonlarning o‘z mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

Qurilgan gidroelektrostansiyalar faqat O‘zbekiston ehtiyojlari uchun 1400 mln kVt.s ekologik sof elektr energiya ishlab chiqaradi.

Shuningdek loyiha yagona energo tizimni qo‘llab-quvvatlashga hamda GES ni birga qurish va ulardan foydalanish jarayonida qo‘shimcha ish o‘rinlarini yaratishga, shuningdek elektr energiyani teng asosda O‘zbekiston va Tojikistonga yo‘naltirishga ko‘maklashadi.

Ilk bor Tojikiston tomonidan taqdim qilingan Zarafshon daryosida GES qurilishida ulushbay ishtirok etish tartibi va shartlari to‘g‘risidagi hukumatlararo Bitim loyihasi 2019 yil 24 aprelda O‘zbekistonning manfaatdor vazirliklari va idoralari vakillaridan tashkil topgan ishchi guruh tomonidan ko‘rib chiqildi.

2020 yil 28-29 yanvar kunlari Toshkentda O‘zbekiston Respublikasi Hukumati va Tojikiston Respublikasi Hukumati o‘rtasidagi Zarafshon daryosi havzasida GES qurish va uni ekspluatatsiya qilish tartibi va ulushbay ishtirok etish shartlari to‘g‘risidagi Hukumatlararo Bitim loyihasini muhokama qilish bo‘yicha O‘zbekiston – Tojikiston ishchi guruhining birinchi yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Qo‘shma ishchi guruhning navbatdagi majlisida investitsiyalarni himoya qilish va xatarlar darajasiga ta’sir etuvchi O‘zbekiston tomonidan kiritilgan o‘zgarishlar, bahsli masalalarni ko‘rib chiqish mexanizmi, ishlab chiqarilayotgan elektr energiyasini O‘zbekiston tomonidan xarid qilish tartibi va boshqalar muhokama qilinadi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar