So‘nggi o‘n yilda O‘zbekistonda ta’lim infratuzilmasini kengaytirish, ta’lim mazmunini yangilash va pedagoglarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirildi. Shu davrda 1 million 800 ming o‘rinli bog‘chalar va 1,5 million o‘rinli maktablar barpo etildi, 10 mingdan ziyod bog‘cha va maktab zamonaviy ko‘rinishga keltirildi. Bolalar paxta dalasidan maktab partasiga, o‘qituvchilar esa ta’lim jarayoniga qaytarildi.
2018 yildan yangi avlod darsliklarini yaratish boshlanib, jarayonga tajribali mutaxassislar, olimlar, pedagoglar, mualliflar va xususiy kompaniyalar jalb qilindi. Finlyandiya va Singapur tajribasi o‘rganildi. Joriy yilning o‘zida 400 nafardan ziyod mutaxassis ishtirokida 324 ta darslik yangilandi. Yangi darsliklarda milliy qadriyatlar, Vatanga muhabbat, tabiatni asrash, suvni tejash, raqamli texnologiyalar, moliyaviy savodxonlik, kelajak kasblari, mustaqil va tanqidiy fikrlashga alohida e’tibor qaratildi. 2030 yilga qadar 8–11-sinflar darsliklarini yangilash ishlari ham yakunlanadi.
Islohotlar natijasi xalqaro baholashlarda ham qayd etilmoqda. “MELQO” tadqiqotida maktabgacha ta’lim tizimi yuqori baholandi. PISA reytingida 15 yoshli o‘quvchilar tabiiy fanlar bo‘yicha 32 pog‘ona yuqorilab, dunyoda 48-o‘rinni egalladi. Joriy yilda yoshlar nufuzli olimpiadalarda 228 ta medal, jumladan, 38 ta oltin, 82 ta kumush va 108 ta bronza medalni qo‘lga kiritdi. O‘zbekiston ilk bor mezbonlik qilgan xalqaro kimyo va informatika olimpiadalarida yana 8 ta medal olindi. Maktabdayoq xorijiy til va fan sertifikatiga ega o‘quvchilar soni 100 mingga yetdi va 2,5 barobar ko‘paydi. Qariyb 5 ming bitiruvchi oliygohga kirishda eng yuqori ballni to‘pladi.
Pedagoglarning maqomi va mehnatini rag‘batlantirish borasida ham sezilarli natijalarga erishildi. Xalqaro va milliy sertifikatga ega o‘qituvchilar soni besh yilda 29 mingdan 143 mingga yetdi, maktablarda o‘qituvchi yetishmasligi uch barobar kamaydi. PISA tahliliga ko‘ra, mazkur ko‘rsatkich O‘zbekistonda 8 foizni, o‘rganilgan 91 davlatda o‘rtacha 40 foizni tashkil etadi. Hozir 40 ming muallim 1 ming dollardan, yana 1,5 ming nafari 2 ming dollardan yuqori maosh olmoqda. “Yil o‘qituvchisi” tanlovining 208 nafar tuman va shahar g‘olibi ilk bor 616 million so‘mdan mukofotlandi.
Inklyuziv ta’lim qamrovi ham kengaydi. Ikki yilda inklyuziv muhit yaratilgan maktablar soni 729 tadan 3 ming 591 taga yetdi. Alohida ehtiyojga ega 10 ming bola tengdoshlari bilan bir muhitda ta’lim olmoqda. Toshkent shahrida ko‘p funksiyali inklyuziv resurs maktabi ish boshladi.
Maktabgacha ta’limda Italiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Singapur va Xitoy tajribasi asosida milliy qadriyatlarga mos yangi dastur ishlab chiqildi. 180 ming tarbiyachi va pedagog yangi metodika bo‘yicha o‘qitilmoqda. O‘yin orqali ta’lim berish dasturi bog‘chalarning 30 foizida amal qilmoqda. Toshkentda UNESCO shafeligida Bolalarni erta yoshdan ta’limga jalb qilish mintaqaviy markazi va Italiyaning Rejjio Emiliya markazi ish boshladi. Bog‘cha tarbiyachilariga ishlab turib oliy ma’lumot olish imkoni yaratilib, joriy yilda 7 ming nafari oliygohga kirdi.
Kasbiy ta’limda so‘nggi ikki yilda 104 ta texnikumga Germaniya, Buyuk Britaniya, Shveysariya va Xitoyning xalqaro dasturlari olib kirildi. 25 ming korxona bilan hamkorlik natijasida 100 mingdan ziyod yosh o‘qish bilan birga daromad topish imkoniga ega bo‘ldi. Dual ta’limda kasb o‘rganayotgan yoshlarga 1 million 300 ming so‘mgacha stipendiya to‘lanmoqda, joriy yilda 9-sinfni bitirgan 220 ming o‘quvchi texnikumlarga jalb qilindi. “Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari” kasb tanlovida 170 ming o‘quvchi qatnashdi.
Oliy ta’lim imkoniyatlari kengayishi hisobiga talabalar soni 1 million 600 mingga yetdi. Yettita oliygoh 17 ta fan bo‘yicha nufuzli xalqaro reytinglarga kirdi. Universitetlarga akademik, tashkiliy va moliyaviy mustaqillik berildi. Bugun mamlakatda 32 ta xorijiy oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritmoqda.
Ta’lim sifati zamonaviy iqtisodiyot talablariga mos bo‘lishi zarur
Prezident uchrashuvda ta’lim tizimi oldida turgan qator masalalarga alohida e’tibor qaratdi. Sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar rivojlanishi natijasida yangi kasblar paydo bo‘layotgani, mavjud kasblar uchun talab etiladigan ko‘nikmalar ham o‘zgarayotgani qayd etildi. Shu sharoitda maktab bitiruvchisining til va kasbni egallamasdan katta hayotga kirib borishi jiddiy masala sifatida ko‘rsatildi. Maktab direktorlari har bir o‘quvchi qaysi til va kasbni o‘rganayotgani, bitirganda qanday hunarga ega bo‘lishi haqida o‘ylashi zarurligi ta’kidlandi.
Iqtisodiyotni texnologik va innovatsion o‘sish modeliga o‘tkazish uchun matematika, fizika, kimyo va biologiyani maktabdanoq chuqur o‘rganish zarurati belgilandi. Shu bilan birga, zamon o‘zgarishi bilan bolalarning qiziqishi, dunyoqarashi va axborot olish xususiyatlari ham o‘zgarayotgani, kecha samara bergan dars usuli bugun yetarli bo‘lmasligi mumkinligi qayd etildi. Shu sabab o‘qituvchilarning muntazam o‘qishi va o‘z ustida ishlashi zarur.
Maktablarda o‘quvchi o‘rinlariga talab ham ortib bormoqda. Joriy yil 1-sinfga 800 ming bola qabul qilindi, bu o‘tgan yilga nisbatan 10 foiz ko‘p. 2030 yilga borib, birinchi sinfga qabul qilinadigan bolalar soni 1 millionga yetishi kutilmoqda. Har yili investitsiya dasturlari orqali 180–200 ming yangi o‘quvchi o‘rni yaratilayotgan bo‘lsa-da, o‘quv yuklamasi yuqori bo‘lgan 52 ta tumanda qo‘shimcha imkoniyatlarga ehtiyoj mavjud.
Oliy ta’limda asosiy masalalardan biri darsliklar mazmunining bugungi kun talablariga mosligi bilan bog‘liq. Prezident “Oliygohdagi darsliklarning mazmuni bugungi kun talabiga qanchalik mos?” degan savolni qo‘yib, hozircha unga ijobiy javob yo‘qligini ta’kidladi. Muhandislik yo‘nalishlarida zamonaviy o‘quv adabiyotlarini yaratish va ilg‘or xorijiy kitoblarni moslashtirish, tibbiyotda transplantologiya, robot xirurgiyasi, kam invaziv jarrohlik va biomuhandislik kabi tez rivojlanayotgan sohalar uchun zamonaviy adabiyotlar tayyorlash zarurligi ko‘rsatildi. Oliygohlarda ta’lim sifati va mutaxassislar malakasida keskin o‘zgarish zarurligi qayd etildi.
Universitetlarga berilgan mustaqillik ta’lim sifati, ilm-fan va ish beruvchilar bilan hamkorlikda aniq natija berishi lozimligi ta’kidlandi. Mutaxassisliklar va o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga moslashtirish, bitiruv ishlari va dissertatsiyalarni iqtisodiyot tarmoqlaridagi amaliy muammolar yechimiga yo‘naltirish hamda xususiy sektor ehtiyojlariga mos ilmiy ishlanmalarni ko‘paytirish vazifasi belgilandi.
Ta’limning barcha bosqichlarida yangi rag‘bat va hamkorlik mexanizmlari joriy etiladi
Prezident ta’limning barcha bo‘g‘inlarini qamrab oluvchi yangi tashabbuslarni ilgari surdi. Ilg‘or pedagoglarni rag‘batlantirish uchun Abdulla Avloniy nomidagi alohida davlat mukofotini ta’sis etish va uning ilk sohiblarini kelasi yil O‘qituvchi va murabbiylar kuni arafasida taqdirlash taklif qilindi. “Yil o‘qituvchisi” tanlovi kelasi yildan 14 ta hududda bog‘cha tarbiyachilari va texnikum ustalari o‘rtasida ham o‘tkaziladi.
Maktab o‘quvchilarini kasb va tilga o‘rgatish uchun direktorlarga zarur vakolatlar beriladi, hamkorlikka tayyor tadbirkorlarga sharoit yaratiladi. Yoshlarni maktabdanoq kasbga tayyorlash va ta’lim bosqichlari uzviyligini ta’minlash bo‘yicha komissiya tuzilib, uch oy ichida yangi yechimlar e’lon qilinadi.
Matematika, fizika, kimyo va biologiya darslarida sinfda 25 nafardan ortiq o‘quvchi bo‘lsa, bolalar ikki guruhga bo‘lib o‘qitiladi. Milliy sertifikatga ega fundamental fanlar o‘qituvchilariga 50 foiz ustama to‘lanadi. Har yili 208 ta tuman va shaharning lider o‘qituvchilari 30 million so‘mdan mukofotlanadi, 1 ming o‘qituvchi xorijda stajirovka o‘taydi. Kamida 15 yillik stajga ega pedagoglarning farzandlariga oliygoh kontrakti uchun foizsiz kredit beriladi, xorijiy va milliy sertifikat olgan muallimlarning imtihon xarajatlari to‘liq qoplanadi. Xalqaro va mintaqaviy olimpiada g‘oliblarini tayyorlagan pedagoglarga to‘g‘ridan-to‘g‘ri oliy toifa beriladi. Mazkur tashabbuslar qariyb 100 ming o‘qituvchini qamrab olishi kutilmoqda.
Boshlang‘ich sinflar uchun fan olimpiadalari yo‘lga qo‘yiladi. 4-sinflar olimpiadasining tuman bosqichi g‘oliblariga kompyuter beriladi, ularning ustozlari tuman bosqichi uchun 10 million, viloyat bosqichi uchun 50 million, respublika bosqichi uchun 100 million so‘m bilan mukofotlanadi. Yangi o‘quv yilidan 100 ta maktabning bittadan sinfida matematika, informatika va tabiiy fanlar to‘liq ingliz tilida o‘qitiladi. Loyihaga jalb etilgan o‘qituvchilar va maktabga tayyorlov guruhi pedagoglari maoshiga 100 foiz ustama qo‘shiladi.
O‘rta ta’limda “sifat indeksi” joriy qilinib, maktablar pedagogik jamoa salohiyati hamda o‘quvchilarning ta’lim va tarbiya natijalariga qarab toifalarga ajratiladi. Ilg‘or maktab boshqa maktabga o‘z tajribasini o‘rgatib, uni yuqori toifaga olib chiqsa, pedagogik jamoasiga 30 foiz ustama beriladi. O‘qituvchilarning bir oylik majburiy malaka oshirish kursi bekor qilinib, kasbiy rivojlanish vaucherlari joriy etiladi. Muallim toifa sinovidagi natijasiga qarab 18 soatdan 72 soatgacha ta’lim oladi va kurs hamda malaka oshirish joyini o‘zi tanlaydi.
O‘quv yuklamasi yuqori 52 ta tumanda xususiy maktab tashkil etish uchun 7 yillik 10 foizli imtiyozli kredit hamda ochish va jihozlash xarajatining 15 foizigacha, ko‘pi bilan 1,5 milliard so‘m subsidiya beriladi. Binosini maktabga ijaraga berganlar yer va mol-mulk solig‘idan imtiyoz oladi. Barcha tumanlarda bo‘sh davlat binolari xususiy maktablar uchun 10 yilga bepul ijaraga beriladi, xalqaro akkreditatsiya xarajatining yarmi qoplanadi. Xususiy maktabda o‘qiydigan farzandi uchun ota-onalarning soliq solinmaydigan daromad chegarasi 3 milliondan 6 million so‘mga oshiriladi. Bu oilalarga yiliga 6–7 million so‘m tejash imkonini beradi.
Inklyuziv resurs maktablari yil oxirigacha Xorazm, Jizzax va Samarqand viloyatlarida, keyingi ikki yilda esa barcha hududlarda ochiladi. Maktabgacha ta’limda o‘yin orqali o‘qitish dasturi yil yakuniga qadar 38 mingdan ortiq bog‘chaning barchasiga joriy qilinadi. Har yili 50 nafar ilg‘or tarbiyachi xorijda stajirovka o‘taydi, bog‘chalar uchun 100 ta videokontent tayyorlanadi va davlat bog‘chalari uch yillik dastur asosida elektron doska, kompyuter hamda rangli printerlar bilan jihozlanadi.
Kelasi yil 1 yanvardan 2–3 yoshli farzandini oilaviy bog‘chaga bergan ishli onalarning badal puli byudjetdan qoplanadi. Kelasi o‘quv yilidan tarbiyachilar uchun pedagogika oliygohlarida o‘qish muddati to‘rt yildan uch yilga qisqartiriladi. Bog‘chada kamida besh yil ishlagan tarbiyachi yordamchilari ham ushbu imkoniyatdan foydalanadi.
Kasbiy ta’limda xalqaro dasturlar barcha texnikumlarga bosqichma-bosqich joriy qilinadi. Xalqaro kasb sertifikatiga ega ustalarga 50 foiz ustama to‘lanib, sertifikat xarajati to‘liq qoplanadi. Har yili 500 nafar texnikum ustasi Germaniya, Shveysariya, Turkiya va Xitoy kabi davlatlarda stajirovka o‘taydi. Mintaqaviy va xalqaro kasb tanlovi g‘olibini tayyorlagan ustaga 100 million so‘m, jahon miqyosidagi nufuzli musobaqa g‘olibini tayyorlagan ustozga 200 million so‘m mukofot beriladi.
Xususiy texnikum tashkil etadigan tadbirkorlarga soliq imtiyozi va yer narxidan chegirma beriladi. Kelasi o‘quv yilidan sanoat, servis va infratuzilma kabi sohalar uchun kadr tayyorlaydigan xususiy texnikum o‘quvchilarining 50 foiziga davlat granti ajratiladi. Xalqaro dastur va franshiza olib kelish xarajatining 75 foizi qoplanadi, laboratoriya va jihozlarni olib kirish bojxona to‘lovlaridan ozod qilinadi.
Oliy ta’limda 22 ta muhandislik oliygohi mualliflar jamoalarini tuzib, xorijiy hamkorlar bilan har yili 25–30 ta yangi o‘quv adabiyoti yaratishi yoki ilg‘or kitoblarni tarjima va moslashtirishi belgilandi. Davlat universitetlari kuzatuv kengashlari a’zolarining uchdan ikki qismi xususiy sektor va xorijiy oliygohlar vakillaridan iborat bo‘ladi. Kengashlar o‘quv dasturlarini mehnat bozori talablariga mos ravishda qayta ko‘rib chiqib, xorijiy mualliflar bilan hamkorlikda har yili kamida 50 ta darslik yaratadi.
Xalqaro standartlarga asoslangan milliy ta’lim dasturlari kelasi yildan yana 20 ta oliygohda joriy etiladi. Xorijiy standartlarni milliy ta’lim mazmuni bilan uyg‘unlashtirish va talabaga jahonda tan olinadigan tayyorgarlik berish maqsad qilingan.
Oliygohlarda dual ta’lim uchun “korxona – oliygoh – maqsadli kadr” tizimi kelasi yildan 75 ta oliy ta’lim muassasasida, 2028 yildan esa barcha oliygohlarda ishlaydi. Ish beruvchi o‘ziga zarur nomzodni o‘qitish bo‘yicha oliygohga buyurtma beradi, nomzod testsiz, suhbat asosida qabul qilinadi. Ishga olingan talabaga to‘langan maoshning yarmini davlat qoplaydi. Korxona biriktirgan ustozga qo‘shimcha haq to‘lanadi, zarur hollarda ijara xarajati qoplanadi. O‘qish va ishda yaxshi natija ko‘rsatgan talabalar ikkinchi kursdan davlat grantiga o‘tadi.
Endi asosiy vazifa sifatida dunyoning eng kuchli 300 universiteti filiallarini O‘zbekistonga olib kelish belgilandi. Nufuzli universitetlar franshizasini olib kelgan xususiy oliygohlarning laboratoriya va jihozlar hamda brend uchun xarajatlarining 50 foizigacha, kampus qurish xarajatining 30 foizigacha qismi qoplanadi. Muhandislik, qishloq va suv xo‘jaligi, energetika, sun’iy intellekt va tibbiyot kabi iqtisodiyot uchun muhim yo‘nalishlarga ustuvor ahamiyat beriladi.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish