O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduxakimov hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining mamlakatdagi doimiy vakili Xelena Freyzer xonim ijtimoiy himoya bo‘yicha qo‘shma loyihani amalga oshirish to‘g‘risidagi shartnomani imzoladilar. Mazkur hujjat hech kimni e’tibordan chetda qoldirmaslik maqsadida aholining ijtimoiy jihatdan eng zaif bo‘lgan qatlamlariga ijtimoiy yordam ko‘rsatish borasidagi ustuvor yo‘nalishlarni belgilab beradi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston yillik yalpi ichki mahsulotining 6-9% foizini ijtimoiy himoya xizmatlariga yo‘naltirib kelmoqda. Shunga qaramasdan tizimda uning samaradorligiga salbiy ta’sir ko‘rsatuvchi to‘siqlar mavjud. Masalan, ijtimoiy himoya vazifalari hozirgi kunda bir nechta vazirliklar va idoralar zimmasida bo‘lib, tarqoq holdadir. Bu esa, himoyaga muhtoj insonlar va oilalarni tang vaziyatlardan chiqarish uchun zarur bo‘ladigan umumiy qarashlar va kompleks yondoshuvlar yo‘qligiga olib keladi.
Dunyo tajribasi shuni ko‘rsatadiki, mamlakatda davom etayotgan ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar ba’zi ijtimoiy jihatdan zaif aholi qatlamlari uchun qisqa muddatli kuchli ta’sirni yuzaga keltirishi mumkin. Shu bois bunday insonlarga kuchli ijtimoiy himoya tizimi orqali yordam ko‘rsatish zarur.
Bu borada, BMT hamda O‘zbekiston Hukumati mamlakatning ijtimoiy himoya tizimini isloh qilish dasturini birgalikda amalga oshirishga kelishdilar. Dasturning maqsadi yuqori sifatli ijtimoiy himoya xizmatlari barcha insonlar uchun butun umrlari davomida ko‘rsatilishini ta’minlashdan iborat. Dastur assoiy e’tiborni quyidagi uchta ustuvor yo‘nalishlarga qaratadi:
(1) ijtimoiy himoya bo‘yicha yagona davlat organini tashkil etish orqali ijtimoiy himoya vazifalari turli vazirliklar va idoralar o‘rtasida tarqoq holda ekanligi muammosini hal qilish;
(2) xalqaro standartlarga mos ravishda keng qamrovli milliy ijtimoiy himoya strategiyasini ishlab chiqish. Mazkur jarayon ijtimoiy himoya tushunchasini xayriyaga asoslangan yondoshuvdan inson huquqlariga asoslangan yondoshuv sifatida anglashga o‘tkazishga urg‘u berishi ko‘zda tutilgan;
(3) nogironligi bo‘lgan insonlarga ijtimoiy himoyani taqdim etishda “nafaqalar + xizmatlar” integrallashgan yondoshuvini sinov tariqasida amalga oshirish. Qo‘shma dastur Nogironligi bo‘lgan insonlar huquqlari tzg‘risidagi konvensiyani ratifikatsiya qilish hamda Faoliyatning xalqaro klassifikatsiyasini joriy etish orqali nogironligi bo‘lgan insonlarning huquqlarini yanada kengroq ta’minlash va ularning hayotlarini sezilarli darajada yaxshilashga e’tibor qaratadi.
Umumiy qiymati ikki million AQSh dollariga teng bo‘lgan qo‘shma dastur BMT tomonidan moliyalashtiriluvchi 24 ta muvaffaqqiyatli loyihalardan biri bo‘lib, ularni tanlash jarayonida ja’mi 114 ta taklif o‘rganib chiqildi. Qo‘shma dastur keyingi ikki yil davomida amalga oshiriladi.
Qo‘shma dastur O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi, Bosh Prokratura, turli vazirliklar hamda fuqarolik jamiyati tashkilotlari bilan birgalikda amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan. BMTning uchta agentligi – Xalqaro mehnat tashkiloti (XMT), BMT Taraqqiyot dasturi (BMTTD) va BMT Bolalar jamg‘armasi (YuNISEF) o‘z tajribalari va salohiyatlari doirasida ushbu loyihaning amalga oshirilishida ko‘mak beradilar.
Izoh qoldirish