Ombordagi savdodan raqamli vitrinaga o‘tish

Ombordagi savdodan raqamli vitrinaga o‘tish

Kiyim-kechak savdosida endi xaridor faqatgina vitrina oldida qaror qabul qilmayapti. Ko‘p hollarda u mahsulotni avval internetda ko‘radi, sotuvda bor-yo‘qligini aniqlaydi, variantlarni solishtiradi, messenjerlarda savollar beradi, fikr-mulohazalarni o‘qiydi va shundan keyingina do‘konga borish yoki buyurtmani onlayn rasmiylashtirishga qaror qiladi.

Erkaklar kiyimi bozorida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlar uchun bu shunchaki onlayn-mavjudlik masalasi emas. Savdoni tashkil etish tizimining o‘zi o‘zgarmoqda: do‘kon nafaqat mahsulot sotishi, balki assortimentni ko‘rsata olishi, o‘lchamlar va qoldiqlarni kuzatib borishi, mijozlarning savollariga javob berishi, yetkazib berishni ta’minlashi va xaridor bilan doimiy aloqada bo‘lishi kerak.

Bunday o‘tishning yaqqol misollaridan biri — «Skyseven Invest» kompaniyasi va «ZAYTUNNI» erkaklar kiyimi brendi asoschisi Sardor Dadamuhamedovning hikoyasidir. Uning tadbirkorlikdagi yo‘li tayyor chakana savdo tarmog‘i yoki onlayn-loyihadan emas, balki erkaklar kiyimining ombordagi savdosidan boshlangan. Keyinchalik bu tajriba shaxsiy chakana savdo do‘konlariga, yanada tizimli boshqaruvga va raqamli yo‘nalishga o‘tdi.

Bugungi kunda uning tadbirkorlik yo‘li mahalliy biznes qanday qilib shunchaki mahsulot sotishdan assortimentni, mijozlar tajribasini, jamoani, obro‘-e’tiborni va onlayn-kommunikatsiyani boshqarishga bosqichma-bosqich o‘tayotganini ko‘rsatib beradi.

Tadbirkorning tashrif qog‘ozi

Sardor Dadamuhamedov — toshkentlik tadbirkor, «Skyseven Invest» kompaniyasi va «ZAYTUNNI» erkaklar kiyimi brendi asoschisi. Unda tadbirkorlikka bo‘lgan qiziqish hali universitetda o‘qib yurgan kezlaridayoq paydo bo‘lgan edi. Vaqt o‘tib Sardor Dadamuhamedov o‘z professional faoliyatini amaliy tajriba, talabni his qilish, mahsulot bilan ishlash va mijozlar bilan kundalik muloqot hal qiluvchi ahamiyatga ega bo‘lgan soha – erkaklar kiyimi savdosi bilan bog‘ladi.

Biznesdagi ilk jiddiy qadamlarini u erkaklar kiyimining ombordagi savdosidan boshladi — o‘z do‘konlari va savdo shoxobchalari uchun assortiment sotib oladigan tadbirkorlar bilan hamkorlik qildi. Ushbu bosqich u uchun amaliy bozor maktabiga aylanib, mavsumiylikni, o‘lchamlar jadvalini (setkasini), talab tarkibini va mahsulot bilan ishlashning o‘ziga xos xususiyatlarini yanada chuqurroq tushunishga imkon berdi.

2017 yilda Sardor Dadamuhamedov o‘zining ilk erkaklar kiyimi do‘konini ochdi. 2018 yilda yana bir do‘konni ishga tushirdi va shu davrning o‘zida chakana savdo yo‘nalishi, jamoa, xaridlar va biznesning keyingi rivojini yanada tizimli boshqarish maqsadida «Skyseven Invest» kompaniyasiga asos soldi.

2025 yilda u erkaklar kiyimi sohasida onlayn yo‘nalish sifatida «ZAYTUNNI» brendini ishga tushirdi. Bu loyiha an’naviy chakana savdoda to‘plangan tajribaning davomi bo‘ldi va tadbirkorning oflayn-do‘kon, onlayn-vitrina, mijozlarga xizmat ko‘rsatish hamda mahsulot tanlashning yanada qulay jarayonini o‘zaro birlashtirishga bo‘lgan intilishini aks ettirdi.

Sardor Dadamuhamedov, shuningdek, «Muvaffaqiyatli tadbirkorlik sirlari» kitobining muallifi hamdir. Ushbu kitobda u savdo-sotiq, mavsumiylik, xatolar, boshqaruv, intizom va biznesni rivojlantirish haqidagi o‘z amaliy kuzatuvlarini jamlagan.

– Sizning yo‘lingiz erkaklar kiyimining ombordagi savdosidan boshlangan. Bu tajriba sizga nima berdi va nima uchun vaqt o‘tib shaxsiy chakana savdoga o‘tishga qaror qildingiz?

– Mening yo‘lim chindan ham chakana savdo do‘konidan emas, balki erkaklar kiyimining ombordagi savdosidan boshlangan. Bu bosqichda men asosan o‘z do‘konlari va savdo shoxobchalari uchun mahsulot xarid qiladigan tadbirkorlar bilan ishladim. Bu juda katta amaliy tajriba bo‘ldi, chunki men bozorni chiroyli vitrina orqali emas, balki sotib olish, mavsumiylik, o‘lchamlar, qoldiqlar va sotuvchilarning o‘zini tutishi orqali ko‘rganman.

Ombordagi savdo orqali kuchli bazaga ega bo‘ldim. Mavsum oldidan qaysi modellar xaridorgir bo‘lishini, qaysi o‘lchamlar tezroq sotilib ketishini, qaysi mahsulotlar bazaviy bo‘lishini va qaysilari omborda qolib ketishi mumkinligini tushuna boshladim. Vaqt o‘tib shu ayon bo‘ldiki, bu biznesda tadbirkorning daromad ko‘rishi nafaqat sotuvga, balki qarorlar qanchalik aniq bo‘lishiga ham bog‘liq bo‘lar ekan.

Biroq ombor formatining o‘z cheklovlari bor: sen mahsulotni, xaridlarni va ulgurji talabni yaqqol ko‘rib turasan, lekin har doim ham yakuniy xaridorni ko‘ra olmaysan. Vaholanki, bozorni qanchalik to‘g‘ri tushunganingni aynan o‘sha oddiy xaridor ko‘rsatib beradi. Men uchun inson nima sababdan bir modelni tanlab, boshqasiga umuman e’tibor qaratmasligini, do‘kondagi mahsulot bo‘yicha maslahat (konsultatsiya), ishonch, servis va muhit bunga qanday ta’sir qilishini tushunish muhim bo‘lib qoldi.

Shu bois, chakana savdoga o‘tish men uchun shunchaki do‘kon ochish ishtiyoqi emas, balki bozorni tushunishning keyingi bosqichi edi. Men zanjirning barcha xalqalarini: mahsulot xaridi va assortimentdan tortib, yakuniy mijozning munosabatigacha bo‘lgan jarayonni ko‘rishni istadim. Vaqt o‘tib shunday xulosaga keldim: ombordagi savdosi assortiment bilan ishlashni o‘rgatsa, chakana savdo ishonch bilan ishlashni o‘rgatadi.

– 2017 yilda birinchi erkaklar kiyimi do‘koningizni ochdingiz. Tadbirkorlar bilan ishlashdan yakuniy xaridor bilan ishlashga o‘tishda eng qiyin tuyulgan jihat nima bo‘ldi?

Eng qiyini — chakana savdo butunlay boshqa darajadagi mas’uliyat ekanligini anglash bo‘lgan. Ombordagi savdoda tadbirkor ko‘proq assortiment, mahsulotning sotuvda borligi va xarid hajmiga e’tibor qaratadi. Chakana savdoda esa buning o‘zi yetmaydi. Bu yerda har kuni servis, konsultatsiya, mijozning ishonchi, sotuvchilarning intizomi va qoldiqlar bilan ishlashda aniqlik muhim ahamiyatga ega bo‘ladi.

Birinchi do‘konimni ochganimda, xaridor nafaqat mahsulotning o‘ziga, balki boshqa jihatlarga ham baho berishi ayon bo‘ldi. U o‘zi bilan qanday muomala qilishayotgani, unga qanchalik tez yordam berishgani, kerakli o‘lcham bor-yo‘qligi, do‘konga ishonsa bo‘ladimi-yo‘qmi va bu yerga yana qaytib kelishni xohlaydimi — mana shularning barini baholaydi. Bu esa tadbirkorning fikrlashini butunlay o‘zgartiradi.

Men uchun chakana savdo kundalik intizom maktabiga aylandi. Do‘konni shunchaki ichki hissiyotga tayanib rivojlantirib bo‘lmaydi. Nima sotilayotgani, nima qolayotgani, mijozlar qanday savollar berayotgani va qaysi modellarga talab yuqoriligini doimiy ravishda tahlil qilib borish kerak. Aynan o‘sha payt men do‘kon shunchaki mahsulot sotiladigan joy emas, balki xaridor bilan o‘rnatiladigan munosabatlar tizimi ekanligini anglab yetdim.

Chakana savdoda tadbirkor har kuni mijozlardan fikr-mulohaza olib turadi. Ba’zan ular yoqimli, ba’zida esa noqulay bo‘ladi, lekin aynan o‘sha fikrlar biznesni yaxshiroq tushunishga yordam beradi. Agar bu mulohazalarga e’tiborli bo‘linsa, do‘kon asta-sekin yanada rivojlanib boradi.

- Sizning erkaklar kiyim-kechagi savdosidagi amaliy faoliyatingiz birinchi do‘kon ochilishidan ancha oldin boshlangan. So‘nggi yillarda davlat siyosati va biznes muhitida qanday o‘zgarishlar yuz berdi?

– 2016 yildan keyin tadbirkorlik muhitida katta o‘zgarishlar boshlandi. Men buni o‘z faoliyatimda ham yaqqol his qildim. Men erkaklar kiyimlari savdosidagi amaliy ishimni 2009 yildan ombordan savdo qilish shaklida boshladim. Keyinchalik bu tajriba asta-sekin o‘z chakana savdomni tashkil qilishga o‘tdi. Ilgari biznesda ko‘p narsa tadbirkorning shaxsiy harakatlari, tajribasi va kundalik nazoratiga bog‘liq edi. Ya’ni, tovar izlash, yetkazib berish, sotish, qolgan mahsulotlarni tekshirish, mijozlar bilan ishlash – bularning barchasini tadbirkor o‘zi nazorat qilardi.

So‘nggi yillarda tadbirkorlikka bo‘lgan munosabat sezilarli darajada o‘zgardi. Biznes yuritish uchun sharoitlar asta-sekin ochiqroq va qulayroq bo‘la boshladi. Korxonani ro‘yxatdan o‘tkazish, bank hisob-kitoblari, soliq va hisobot jarayonlarini yuritish, elektron xizmatlardan foydalanish, mijozlar bilan onlayn rejimda ishlash kabi masalalarda oldingidan ancha katta imkoniyatlar paydo bo‘ldi.

Bu o‘zgarishlar, eng avvalo, biznesni kengaytirishga bo‘lgan ishonchimni mustahkamladi. Masalan, 2017 yilda o‘zimning ilk erkaklar kiyimi do‘konimni ochdim. 2018 yilda yana bir do‘kon ochildi va shu davrda «Skyseven Invest» kompaniyasi tashkil qilindi. Bu oddiy savdo nuqtasidan biznesni tizimli boshqarishga o‘tish zarurati bilan bog‘liq edi. Chunki do‘konlar soni ko‘payganda, tadbirkor faqat o‘ziga suyanib ishlay olmaydi, bunda jamoa, hisob-kitoblar, xaridlar, balans, xizmat ko‘rsatish sifati va moliyaviy intizomni ham to‘g‘ri tashkil etish zarur.

Sohamizdagi yana bir muhim o‘zgarish – xaridor xulq-atvorining o‘zgargani bo‘ldi. Bugungi kunda xaridor avval tovarni internetda ko‘radi, narxlari va modellarini, o‘lchami hamda mavjudligini surishtiradi va shundan keyingina do‘konga keladi yoki onlayn buyurtma beradi. Shu sababli tadbirkor uchun faqatgina bitta oflayn-do‘konning o‘zi yetarli bo‘lmay qoldi. Onlayn-vitrina, tezkor aloqa, mijozlarga qulay xizmat ko‘rsatish va ishonch masalalari muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Shu munosabat bilan, 2025 yilda ZAYTUNNI onlayn yo‘nalishining yo‘lga qo‘yilishi ushbu o‘zgarishlarning davomi bo‘ldi. Bu loyiha men uchun an’anaviy savdodan butunlay voz kechish emas, balki ko‘p yillik chakana savdo tajribasini raqamli muhit bilan bog‘lashga bo‘lgan urinishdir. Ya’ni do‘kon, tovar, mijoz, xizmat va onlayn-kommunikatsiya bir-biri bilan uzviy bog‘liqlikda ishlashi kerak.

Nazdimcha, so‘nggi 10 yil ichidagi eng katta o‘zgarishlardan biri – tadbirkor o‘zini shunchaki sotuvchi emas, balki biznes boshqaruvchisi sifatida ko‘ra boshlagani bo‘ldi. Davlat tomonidan yaratilgan qulayliklar, raqamlashtirish va tadbirkorlikka qaratilayotgan e’tibor biz kabi kichik va o‘rta biznes vakillariga o‘z faoliyatimizni yanada rasmiyroq, tizimli va uzoq muddatli reja asosida yuritish imkonini berdi.

– Sizning sohangizda qanday islohotlar amalga oshirildi, qanday soliq imtiyozlari berildi, biznes muhitini soddalashtirish uchun nimalar qilindi? Bu sizning faoliyatingizga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

– Sohamizdagi islohotlar haqida gapirganda, birinchi navbatda savdo muhitidagi erkinlikni tilga olgan bo‘lardim. 2016 yilgacha ko‘plab tadbirkorlarda o‘sish nuqtalari kamroq edi. Savdo, tovarlarni olib kirish va biznesni kengaytirish masalalarida ehtiyotkorlik juda yuqori edi. 2016 yildan keyin esa sohada sekin-asta yanada ochiq va raqobatbardosh muhit shakllana boshladi.

Mening soham – erkaklar kiyimi savdosi. Bu sohada tovar, mavsum, o‘lcham, assortiment va mijozlar talabi juda muhim. Savdo erkinligining oshishi, xorijdan tovarlar olib kirish imkoniyatlarining kengayishi, bozorda raqobatning kuchayishi tadbirkorlar uchun katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Chunki tovar ko‘paysa, tanlov ortadi. Tanlov ortganda esa, tadbirkor ham yaxshiroq ishlashga, assortimentni to‘g‘ri tanlashga va mijozga sifatliroq xizmat ko‘rsatishga harakat qiladi.

Bunday muhit o‘z-o‘zidan savdo hajmi oshishiga ham ta’sir qiladi. Ilgari tadbirkorni «tovarni qanday topsam bo‘ladi?» degan savol qiynagan bo‘lsa, vaqt o‘tishi bilan «assortimentni qanday to‘g‘ri shakllantirish, mijozni qanday ushlab qolish, xizmat ko‘rsatish sifatini qanday yaxshilash mumkin?» kabi savollar muhim ahamiyat kasb eta boshladi. Ya’ni, haqiqiy raqobatbardosh bozor muhiti shakllandi.

Soliq islohotlari ham biznes muhitiga juda katta ta’sir ko‘rsatdi. Mening fikrimcha, bu yerda eng muhimi – faqatgina soliq stavkalarining o‘zgarishi emas, balki tadbirkorga bo‘lgan munosabatdir. Ilgari tadbirkor ko‘pincha tekshirishlardan, qog‘ozbozlikdan va ortiqcha tashvishlardan cho‘chib turardi. So‘nggi yillarda davlat tadbirkorga ko‘proq ishonch bildira boshladi. Masalan, asossiz tekshiruvlarning qisqartirilgani, hisobotlarni onlayn topshirish imkoniyati, «yagona darcha» tizimi, elektron xizmatlar – bularning barchasi tadbirkor uchun katta ustuvorlikdir. Ilgari hujjatlarni yuritish va idoralarda sarson bo‘lishga ko‘p vaqt ketgan bo‘lsa, hozir ko‘p narsani onlayn tarzda hal qilish mumkin. Bu esa tadbirkorga vaqtni tejash, ishini rasmiy va tartibli yuritish imkonini berdi.

Biznes muhitining soddalashtirilishi va rasmiy ishlash imkoniyatlarining kengaytirilishi bizga ham o‘z faoliyatimizni yo‘lga qo‘yib olishga yordam berdi.

Yana bir muhim o‘zgarish – raqamlashtirishdir. Bugungi kunda tadbirkor shunchaki do‘kon ochish bilan cheklana olmaydi. Mijoz mahsulotni avval internet orqali ko‘radi, o‘lchamini so‘raydi, narxini solishtiradi, shundan keyingina do‘konga keladi yoki onlayn buyurtma beradi. Shu sababli onlayn-vitrina, tezkor aloqa, mijozlarga qulay xizmat ko‘rsatish va ishonch masalalari dolzarbdir.

Bugungi kunda do‘kon, tovar, mijoz, xizmat va onlayn-kommunikatsiya o‘zaro uzviy bog‘liqlikda ishlashi kerak. Shu bois men sohamizdagi islohotlarni faqatgina qonun yoki soliq nuqtai nazaridan emas, balki amaliy hayot ko‘zgusi orqali baholayman. Savdo erkinligi ortdi, import imkoniyatlari kengaydi, rasmiy idoralar bilan ishlash yengillashdi, onlayn-xizmatlar soni ko‘paydi, tadbirkorga bo‘lgan ishonch mustahkamlandi. Bu esa biz kabi savdo sohasida faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga biznesni kengaytirish, rasmiylashtirish, tizimlashtirish va keyingi bosqichga olib chiqish imkonini berdi.

– Ko‘pgina tadbirkorlar savdoda eng muhimi – yaxshi tovar topish, deb hisoblaydi. Amaliyotda nima muhimroq bo‘lib chiqdi: tovarmi, assortimentmi, o‘lchammi, servismi, ishonchmi yoki boshqaruv intizomimi?

– Mahsulotning yaxshi bo‘lishi chindan ham muhim, lekin chakana savdoda u faqat assortimentga to‘g‘ri kiritilganda va xaridorga tushunarli bo‘lgandagina samara beradi. Amaliyotda ko‘rdimki, bitta tovar qanday taqdim etilgani, qanday o‘lchamlar mavjudligi, sotuvchi uning xususiyatlarini qanday tushuntirishi va mijoz do‘konga qanchalik ishonishiga qarab har xil sotilishi mumkin.

Erkaklar kiyimida xaridor uchun ko‘pincha quyidagilarni tez tushunib olish muhim: model unga mos keladimi, kerakli o‘lcham bormi, kiyim qanchalik qulay va uni nima bilan moslab kiyish mumkin? Agar do‘kon insonga qaror qabul qilishda yordam bersa, tovar osonroq sotiladi. Agar mijoz tanlov qarshisida yolg‘iz qolsa, hatto eng yaxshi tovar ham o‘z salohiyatini ko‘rsata olmasligi mumkin.

Shu sababli, men uchun savdo – bu shunchaki mahsulot sotib olish emas. Bu – tovar, assortiment, konsultatsiya va ishonchning o‘zaro birlashuvidir. Tovar e’tiborni tortadi, ammo aynan servis va mijozni tushunish oddiy qiziqishni xaridga aylantiradi va insonning yana qaytib kelishiga yordam beradi.

– Siz erkaklar kiyimi savdosida mahsulotlarni sotib olishda xatolik ko‘pincha mavsum boshlanganidan keyingina ko‘zga tashlanishini aytdingiz. Tadbirkor talabni oldindan his qilishni qanday o‘rganishi va mablag‘ni qoldiq tovarlarda muzlatib qo‘ymasligi mumkin?

– Xariddagi xatolardan butunlay qochib qutulishning iloji yo‘q, chunki bozor doimo o‘zgarib turadi. Mavsum kutilganidan boshqacha boshlanishi, xaridor boshqa modellarni tanlashi, assortimentning bir qismi esa sekinroq sotilishi mumkin. Ammo nafaqat ichki hisga, balki kuzatuvlar va avvalgi savdolar tahliliga tayangan holda riskni kamaytirish mumkin.

Tadbirkor uchun qaysi modellarning talabgirligi takrorlanayotgani, qaysi o‘lchamlar tezroq sotilib ketilayotgani, qaysi ranglar barqaror sotilayotgani, qaysi pozitsiyalar assortimentning asosini tashkil qilayotgani va qaysilari ko‘proq mavsumga bog‘liqligini kuzatib borish muhimdir. Asta-sekin bunday kuzatuvlar amaliy xarid tizimiga aylanib boradi.

Qoldiq mahsulotlar men uchun – bu shunchaki sotilmay qolgan tovar emas. Bu – biznesda aylanishi mumkin bo‘lgan puldir. Shu sababli, qoldiqlar bilan ishlash – moliyaviy intizomning bir qismi hisoblanadi. Tadbirkor nafaqat nima sotilganini, balki nima qolganini, nima uchun qolganini va bu keyingi xaridga qanday ta’sir qilishini ham tushunishi kerak.

– 2018 yilda «Skyseven Invest» kompaniyasiga asos solib, erkaklar kiyimining yana bir do‘konini ochdingiz. Nima uchun bu bosqichda biznesga shunchaki bitta savdo nuqtasi emas, balki kompaniya va yanada tizimli boshqaruv zarur bo‘lib qoldi?

– Tadbirkorning bitta do‘koni bo‘lsa, ko‘p narsa egasining shaxsiy ishtirokiga bog‘liq bo‘lishi mumkin. U tovarni, xaridorlarni, jamoani va biznesning kundalik holatini o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turadi. Ammo yana bir savdo nuqtasi paydo bo‘lganida, boshqaruv murakkablashadi: endi faqat shaxsiy ishtirokka va qo‘lda boshqariladigan nazoratga suyanib bo‘lmaydi.

2017 yilda birinchi do‘kon ochilganidan so‘ng, keyingi rivojlanish uchun yanada tizimli model zarurligini anglay boshladim. 2018 yilda, yana bir chakana savdo yo‘nalishi ochilib, «Skyseven Invest» kompaniyasiga asos solinganda bir narsa ayon bo‘ldi: o‘sish uchun tushunarli boshqaruv tizimi talab etiladi.

Men uchun «Skyseven Invest» «do‘kon – savdo nuqtasi sifatida» mantig‘idan «biznes – tashkilot sifatida» degan mantiqqa o‘tish bo‘ldi. Vazifalarni taqsimlash, jamoa ishini yo‘lga qo‘yish, jarayonlarni nazorat qilish, servisning yagona darajasini ushlab turish va qarorlarni endi bitta do‘kon bo‘yicha emas, balki butun bir yo‘nalishning rivojlanishidan kelib chiqib qabul qilish kerak edi.

Shu ma’noda kompaniya shunchaki yuridik shakl emas, balki boshqaruv vositasiga aylandi. U biznesga kengroq qarash imkonini berdi: unga nafaqat kundalik savdo-sotiq, balki har bir jarayonning o‘z o‘rni, mas’uliyati va umumiy natijaga ta’siri bo‘lgan yaxlit bir tizim sifatida qarala boshlandi.

– Erkaklar kiyimi savdosi sohasidagi ko‘p yillik faoliyatingiz davomida o‘zingiz uchun chiqargan eng asosiy tadbirkorona xulosa qanday bo‘ldi?

– Men uchun eng asosiy xulosa shu bo‘ldiki, barqaror biznesni faqatgina ichki intuitsiyaga suyanib qurib bo‘lmaydi. Intuitsiya ish boshlashda yordam beradi, ammo biznesni rivojlantrishda tadbirkorga tartib, tahlil va qaror qabul qilish tizimi kerak bo‘ladi.

Vaqt o‘tishi bilan shuni tushundimki: biznesning rivojlanishi – bu shaxsiy nazoratdan ichki tizimga o‘tish demakdir. Avvaliga har bir jarayonni o‘zing his qilasan, keyin esa biznes barqaror ishlashi uchun qoidalar joriy qilishni o‘rganishing kerak bo‘ladi.

Men aynan mana shu yo‘lni: ombordagi savdodan chakana savdoga, keyinchalik kompaniya boshqaruviga, onlayn yo‘nalishga va «ZAYTUNNI» brendini rivojlantirishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdim.

– Onlayn yo‘nalish g‘oyasiga an’anaviy chakana savdo tajribasidan so‘ng keldingiz. Nima uchun «ZAYTUNNI» uchun onlayn tizimi do‘konning o‘rnini bosuvchi emas, balki oflayn biznesning davomiga aylandi?

– Men onlayn albatta oflaynning o‘rnini bosishi kerak, deb hisoblamayman. Bizning segmentda xaridor uchun ko‘pincha kiyimni o‘z ko‘zi bilan ko‘rish, kiyib ko‘rish, sifatini his qilish va maslahat olish muhim ahamiyatga ega. Ammo shu bilan birga, tovar bilan ilk tanishuv ko‘proq internetda bo‘lmoqda.

Xaridor modelni onlayn tarzda ko‘rishi, o‘lchamini aniqlashtirishi, mavjudligini so‘rashi, variantlarni solishtirishi, do‘konning qanday muloqot qilishini kuzatishi va shundan keyingina bir qarorga kelishi mumkin. Ba’zan u oflayn do‘konga keladi, ba’zan esa buyurtmani masofadan turib rasmiylashtiradi. Shu sababli, biz uchun onlayn – bu alohida dunyo emas, balki mijoz bosib o‘tadigan yo‘lning davomidir.

Pandemiya davridayoq raqamli yo‘nalishni rivojlantirish g‘oyasiga jiddiy qaray boshlagan edim. O‘shanda biznes faqatgina jismoniy savdo nuqtasiga bog‘liq bo‘lishi mumkin emasligi ayniqsa yaqqol sezilgandi. Do‘kon ishlashda davom etgan taqdirda ham, mijoz baribir assortimentni oldindan ko‘rishni va tezkor javob olishni xohlaydi.

«ZAYTUNNI» onlayn yo‘nalish sifatida shunchaki «internetda bo‘lish» istagi tufayli paydo bo‘lgani yo‘q. U chakana savdodagi tajribadan kelib chiqdi. Biz allaqachon xaridorni, tovar, o‘lchamlar, mavsumiylik va mijozlarning savollarini yaxshi tushuna boshlagandik. Onlayn-vitrina esa ushbu tajribani yanada qulay va oson yetkazib berish vositasiga aylandi.

– 2025 yilda «Muvaffaqiyatli tadbirkorlik sirlari» nomli kitobingiz nashrdan chiqdi. Nega siz uchun shunchaki biznes yuritish emas, balki o‘z tajribangizni tizimlashtirish va uni boshqa tadbirkorlar bilan o‘rtoqlashish muhim bo‘ldi?

– Biznesda ko‘p xulosalar tez kelavermaydi. Ba’zan tadbirkor biror narsani faqat xato qilganidan keyingina tushunib yetadi: noto‘g‘ri xarid, bo‘sh nazorat, talabni noto‘g‘ri baholash, jamoa bilan bog‘liq muammolar yoki intizomning yetishmasligi. Xatodan shunchaki o‘tib, uni unutib yuborsangiz, u og‘riqli tajriba bo‘lib qolaveradi. Agar u tahlil qilinsa, bilimga aylanadi.

Men uchun kitob savdo va tadbirkorlik sohasidagi ko‘p yillik faoliyatim davomida to‘plangan tajribalarni tizimlashtirish vositasi bo‘ldi. Men nazariyani emas, balki tovar, mavsumiylik, sotib olish, qoldiqlar, boshqaruv, intizom, mijozlar va biznesni rivojlantirish haqidagi amaliy kuzatuvlarni jamlashni istadim.

Nazarimda, tadbirkorlik muhitida nafaqat muvaffaqiyat haqida, balki jarayon haqida ham gapirish muhim. Har bir natija ortida qarorlar, shubha-gumonlar, xatolar, tuzatishlar va kundalik mehnat yotadi. Ayniqsa, ko‘p narsa faqat amaliyotda ko‘rinadigan savdo sohasida bu juda muhim.

Men uchun kitob — tadbirkorlik yo‘limning davomidir. Avvaliga tajriba savdoda shakllandi, keyin biznes boshqaruvida, vaqt o‘tib esa onlayn yo‘nalishda boyidi. Kitob ushbu tajribani boshqa tadbirkorlar uchun ham foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan tizimga aylantirish harakati bo‘ldi.

– «ZAYTUNNI» brendini rivojlantirish bilan bog‘liq qanday rejalaringiz bor va biznesning keyingi bosqichini qanday tasavvur qilasiz?

– Men uchun «ZAYTUNNI» shunchaki onlayn-vitrina yoki internetdagi alohida loyiha emas. Men uni erkaklar kiyimi savdosida to‘plangan tajribaning keyingi bosqichi sifatida ko‘raman.

Yaqin oradagi vazifa – «ZAYTUNNI» brendini O‘zbekistonda erkaklar kiyimining mahalliy brendi sifatida rivojlantirishdan iborat. Buning uchun nafaqat assortimentni kengaytirish, balki tushunarli tizimni yo‘lga qo‘yish ham muhim: bunga onlayn-katalog, mahsulotlarning ayni vaqtda mavjudligi, o‘lchamlar bilan ishlash, mijozlar bilan tezkor aloqa, servis, yetkazib berish va brendga bo‘lgan ishonch kiradi.

Shu bilan birga, bozorning asta-sekin yanada raqamlashgan model sari harakat qilayotganini yaxshi tushunaman. Bugungi kunda kiyim-kechak sohasidagi tadbirkor uchun shunchaki mahsulot va savdo nuqtasiga ega bo‘lishning o‘zi kifoya qilmay qoldi. Unga assortimentni ko‘rsatish, xaridorni tezroq topish, buyurtmalar bilan ishlash, tovarlarning ko‘rinuvchanligini boshqarish va mijoz bilan muloqotni yo‘lga qo‘yishda yordam beradigan vositalar kerak.

Shu sababli, kelajakda men nafaqat bitta brendga, balki kiyim-kechak sohasidagi boshqa tadbirkorlarga ham foydali bo‘lishi mumkin bo‘lgan keng qamrovli raqamli modelni rivojlantirishni ko‘rib chiqyapman. Hozircha men uchun bosqichma-bosqich harakat qilish muhim: avval o‘z brendimizni va onlayn yo‘nalishimizni mustahkamlash, keyin esa bozorning yanada tizimli ishlashiga yordam beradigan vositalarni asta-sekin rivojlantirish lozim.

Men raqamlashtirish an’anaviy savdoning o‘rnini butunlay bosishi kerak, deb hisoblamayman. Aksincha, u real tajribaning davomiga aylanishi lozim: do‘kon, tovar, mijoz, servis va onlayn-vitrina birlikda ishlashi shart. Men «ZAYTUNNI» brendining va o‘z tadbirkorlik faoliyatimning keyingi rivojini aynan shu yo‘nalishda ko‘raman.

Tahririyatdan

Sardor Dadamuhammedovning hikoyasi mahalliy tadbirkorlik loyihasi qanday qilib bosqichma-bosqich: erkaklar kiyimining ombordagi savdosidan tortib, shaxsiy chakana savdo yo‘nalishini yo‘lga qo‘yish, kompaniyaga asos solish, onlayn-vitrinani ishga tushirish va to‘plangan tajribani kitob orqali tizimlashtirishgacha rivojlanishi mumkinligini ko‘rsatib beradi.

Bu yo‘l chakana savdoda asta-sekin yuz berayotgan yanada keng jarayonni aks ettiradi. Xaridor o‘z xulq-atvorini o‘zgartirmoqda, onlayn makon qaror qabul qilishning bir qismiga aylanyapti, do‘kon esa shunchaki savdo nuqtasi bo‘lishdan to‘xtamoqda. Tadbirkor uchun bu nafaqat tovarni, balki servis, qoldiqlar, jamoa, kommunikatsiya va ishonchni ham boshqarish zarurlgini anglatadi.

«ZAYTUNNI» misolida raqamli vitrina an’anaviy chakana savdoning o‘rnini bosuvchi emas, balki uning mantiqiy davomi bo‘lishi mumkinligini ko‘rish mumkin. Bunday modelda oflayn-do‘kon, onlayn-kanal va mijozlar bilan ishlash yagona bir tizimning uzviy qismlariga aylanadi.

Erkaklar kiyimi bozori uchun bu yo‘nalish juda muhim: tadbirkor nafaqat tovarni his qilishi, balki mavsumiylik, o‘lchamlar, xaridor xulq-atvori, moliyaviy intizom va yangi kommunikatsiya kanallarini ham yaxshi tushunishi kerak. Aynan shunday amaliy qarorlardan asta-sekin mahalliy riteylning yanada boshqariluvchan, tizimli va xaridorga yaqinroq bo‘lgan yangi shakli shakllanadi.

Odil Olimjonov

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2026

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar