Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi 2025 yil IV choragi yakunlari bo‘yicha «Banklar faollik indeksi» natijalariga asoslangan yangilangan Banklar reytingini taqdim etdi.
Tadqiqot respublikada faoliyat yuritayotgan 35 ta tijorat banklarini qamrab olgan bo‘lib, ularning 20 tasi filiallar soni va faoliyat ko‘lamiga ko‘ra yirik moliya institutlari toifasiga, qolgan 15 tasi esa kichik banklar toifasiga kiritilgan.
Indeks 27 turdagi koeffitsiyentlarni guruhlashtirish, respublika o‘rtacha koeffitsiyenti yoki Bazel qo‘mita talablari bilan solishtirish va reytinglash asosida aniqlanadi.
Mazkur reyting moliya tizimida shaffoflikni oshirish va unga bo‘lgan ishonchni mustahkamlashda muhim instrument hisoblanadi. Qo‘llanilayotgan yondashuv xalqaro amaliyotga to‘liq mos bo‘lib, yetakchi xalqaro moliya institutlari tomonidan keng foydalaniladi.
2025 yil IV choragi yakunlari bo‘yicha moliyaviy natijalar
Hisobot davrida bank tizimining jami aktivlari 892,9 trln so‘mni (74,2 mlrd dollar), majburiyatlari esa 759,8 trln so‘mni (63,1 mlrd dollar) tashkil etdi.
Kredit qo‘yilmalari 13%ga oshgan bo‘lsa, jalb qilingan depozitlar 31%ni tashkil etdi. Valyuta operatsiyalari ulushining pasayishi milliy valyutaning mustahkamlanayotganidan dalolat beradi.
Sof foyda 13,5 trln so‘mga (1,1 mlrd dollar) yetdi va bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 57,1%ga ko‘p.
Shu bilan birga, muammoli kreditlar ulushi o‘tgan yildagi 4,3%dan 3,5%gacha kamaydi, bu kredit portfeli sifatining yaxshilanayotganini ko‘rsatadi. Ayrim banklarda mazkur ko‘rsatkich o‘rtacha darajadan yuqori bo‘lib qolmoqda.
Kapital monandlik ko‘rsatkichlari minimal talablardan 1,4 barobar qori bo‘lib, bank tizimining barqarorligini tasdiqlaydi.
2025 yil IV choragi bo‘yicha yirik banklarning faollik reytingi
2025 yil IV choragi yakunlari bank sektoridagi yetakchi banklar o‘z barqaror pozitsiyalarini saqlab qolganini, reytingdagi qayta joylashuv esa cheklangan darajada qolganini ko‘rsatdi.

Eng sezilarli o‘sishni O‘zsanoatqurilishbank ko‘rsatib, umumiy reytingda 3 pog‘onaga ko‘tarildi. Shuningdek, Davr bank, Oriyent finans bank, Xalq banki hamda Ipoteka bank o‘z pozitsiyalarini yaxshilab, ijobiy dinamika namoyon etdi.
Ayni paytda, yirik banklar toifasida faqat ikki bankda faollikning pasayishi qayd etildi. Xususan, Invest finans bank va Aloqa bank umumiy reytingda mos ravishda 4 va 3 pog‘onaga pastladi.
Umuman olganda, 13 ta bank umumiy faollik reytingida o‘z pozitsiyalarini saqlab qolgan bo‘lib, raqobat kuchayib borayotgan sharoitda mazkur holat banklarning operatsion samaradorlikni, likvidlikning yetarli darajasini, aktivlar sifatini va barqarorlikni ta’minlash salohiyatini aks ettiradi.
Asosiy indikatorlar bo‘yicha o‘zgarishlar dinamikasi
Moliyaviy vositachilik yo‘nalishida Tenge bank va Ipak yo‘li bank resurslarni jalb qilish va joylashtirish samaradorligi bo‘yicha mos ravishda 4 va 3 pog‘onaga pasayishni qayd etdi. Shuningdek, ushbu toifada O‘zmilliy bank, Aziya Alyans bank, Anor bank, Biznesni rivojlantirish banki hamda Mikrokreditbank bir pog‘onaga pastladi.
Moliyaviy ommaboplik ko‘rsatkichlari bo‘yicha Oriyent Finans bank, Xalq banki, Agrobank, Biznesni rivojlantirish banki va Ipoteka bankda 1 pog‘onalik pasayish kuzatildi.
Aktivlar sifati bo‘yicha reytingda yirik banklarning oltitasida pasayish qayd etildi. Xususan, Agrobank 3 pog‘onaga, O‘zmilliy bank, Trast bank, Anor bank, Aloqa bank va Asaka bank esa 2 pog‘onadan pastladi.
Butun bank sektori bo‘yicha foyda ko‘rsatkichlarida umumiy ijobiy dinamika saqlanib qolgan bo‘lsa-da, daromad olish salohiyati bo‘yicha Milliy bank va Anor bankda mos ravishda 2 va 1 pog‘onalik pasayish kuzatildi.
Boshqaruv samaradorligi ko‘rsatkichlari bo‘yicha Mikrokreditbank va Anor bank zaif natijalarni qayd etib, 2 pog‘onadan pastladi.
Likvidlilik ko‘rsatkichlari bo‘yicha mamlakatdagi yirik banklarning qariyb uchdan bir qismi o‘z pozitsiyalarini yo‘qotgan. Eng katta pasayish Davr bankda qayd etilib, u 6 pog‘onaga pastladi, Agrobank esa ushbu indikator bo‘yicha so‘nggi o‘ringa tushib qoldi.
2025 yil IV choragida kichik banklar faolligi reytingi
Kichik banklar guruhida nisbiy barqarorlik saqlanib qolmoqda. Reyting peshqadamlari o‘z pozitsiyalarini mustahkam ushlab turibdi. Ushbu toifadagi asosiy o‘zgarishlar o‘rta segment hissasiga to‘g‘ri kelib, bir qator banklar moliyaviy vositachilik ko‘rsatkichlarining o‘sishi va daromad olish salohiyati darajasining oshishi hisobidan o‘z pozitsiyalarini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi.

Ushbu guruhda 15 ta moliyaviy muassasaning 6 tasi, jumladan reyting peshqadami bo‘lgan Universal bank o‘z pozitsiyasini saqlab qoldi.
Ayni paytda, beshta bank pasayishni qayd etdi, ular orasida eng katta pasayish Ziraat bank hissasiga to‘g‘ri kelib, u umumiy reytingda darhol uch pog‘onaga tushib ketdi. Shu bilan birga, Apeks bank umumiy reytingda 3 pog‘onaga ko‘tarildi.
Shuningdek, AVO bank va Madad invest bank har biri ikkitadan pozitsiyaga ko‘tarildi, Oktobank esa bir pog‘onaga ko‘tarilib, guruh bo‘yicha umumiy reytingda 3-o‘rinni egalladi.
Ja’far Xidirov
Bank-moliya va kapital bozorlarini o‘rganish sho‘’basi
tel: (78)150 02 02 (441)
OAV va jamoatchilik bilan aloqalar sho‘’basi
tel: (78)150 02 02 (417)
Izoh qoldirish