Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish salohiyatini baholadi

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo hajmini oshirish salohiyatini baholadi

O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi iqtisodiy hamkorlik barqaror ijobiy o‘sishni namoyon etmoqda, ammo ikki tomonlama munosabatlar salohiyati hali to‘liq ro‘yobga chiqarilmagan. Bu haqda bugun Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari Xurshed Asadov Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan “O‘zbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiyada ma’lum qildi.

Ekspertning ta’kidlashicha, so‘nggi yillarda ikki mamlakat o‘rtasidagi munosabatlar sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarildi. Strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlari to‘g‘risidagi kelishuvlar bilan mustahkamlangan hamkorlik iqtisodiy aloqalarni faol rivojlantirish uchun mustahkam institutsional asos yaratdi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga ko‘ra, 2017–2025 yillar davomida O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi o‘zaro tovar ayirboshlash hajmi 3,8 barobarga oshib, 238 mln dollardan 912 mln dollargacha yetdi. Bunda O‘zbekiston eksporti 3,7 barobarga, Tojikistondan import esa 4 barobardan ortiqqa oshdi.

Bugungi kunda Tojikiston O‘zbekistonning asosiy mintaqaviy hamkorlaridan biri hisoblanadi va o‘zbek mahsulotlarini import qiluvchi davlatlar orasida to‘qqizinchi o‘rinni egallaydi.

Shu bilan birga, hozirgi ko‘rsatkichlar iqtisodiy hamkorlik imkoniyatlarining faqat bir qisminigina aks ettiradi. Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi baholashiga ko‘ra, Tojikistonning uchinchi davlatlardan import qilayotgan ayrim mahsulotlarini O‘zbekistonlik ishlab chiqaruvchilari mahsulotlari bilan almashtirish orqali o‘zaro savdo hajmini yana 30–40 foizga oshirish mumkin.

Ekspertning ta’kidlashicha, ikki mamlakatning geografik yaqinligi, umumiy chegaraning mavjudligi va rivojlangan transport aloqalari savdo munosabatlarini yanada chuqurlashtirish uchun qulay sharoit yaratadi. Ayniqsa, O‘zbekistonning sanoat mahsulotlari, jumladan avtomobillar, maishiy texnika, to‘qimachilik mahsulotlari va kimyo sanoati mahsulotlari eksportini kengaytirish istiqbolli yo‘nalishlardan hisoblanadi.

Shu bilan birga, sanoat kooperatsiyasi sohasida ham katta imkoniyatlar mavjud. Ekspert fikricha, hamkorlikning eng istiqbolli yo‘nalishlaridan biri chegaraga yaqin hududlarda qo‘shma qayta ishlash korxonalarini tashkil etish bo‘lishi mumkin. Bu, avvalo, qishloq xo‘jaligi xom ashyosini qayta ishlash va agrologistika markazlarini rivojlantirish bilan bog‘liq.

Asadov ta’kidlashicha, transport infratuzilmasini yanada rivojlantirish va Markaziy Osiyoning tranzit imkoniyatlarini kengaytirish ham iqtisodiy hamkorlikni chuqurlashtirishga qo‘shimcha turtki berishi mumkin.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi direktor o‘rinbosari ta’kidlaganidek, O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasida shakllangan ittifoqchilik munosabatlarining hozirgi darajasi iqtisodiy hamkorlikning yanada chuqurroq modeliga o‘tish uchun mustahkam asos yaratadi. Bu model qo‘shma investitsiyalar, ishlab chiqarish kooperatsiyasi va mintaqaviy infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgan bo‘lib, u Markaziy Osiyoda iqtisodiy bog‘liqlikni mustahkamlash va mintaqaning barqaror rivojlanishida muhim omil bo‘lishi mumkin.

Ma’lumot uchun: “O‘zbekiston – Tojikiston: ittifoqchilik va mintaqaviy hamkorlikning yangi istiqbollari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya Markaziy Osiyo xalqaro instituti tomonidan tashkil etildi. Tadbirda ikki mamlakatning davlat idoralari, diplomatik korpus, ekspert va ilmiy doiralari vakillari ishtirok etdi. Ishtirokchilar O‘zbekiston va Tojikiston o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikning hozirgi holati hamda uni rivojlantirish istiqbollarini muhokama qildilar.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar