Surxondaryo viloyati respublikaning janubi-sharqida, Surxon-Sherobod vodiysida joylashgan. Janubdan Amudaryo bo‘ylab Afg‘oniston, shimol, shimoli-sharq va sharqdan Tojikiston, janubi-g‘arbdan Turkmaniston, shimoli-g‘arbdan Qashqadaryo viloyati bilan chegaradosh.
Tog‘ zonasi va adirlarda, asosan, g‘alla yetishtiriladi, chorva uchun yozgi yaylov. Surxon-Sherobod tekisligida paxta ekiladi, bog‘ tokzorlar barpo qilingan. Janubiy qismi keng qumliklar bilan qoplangan.
Markaz ekspertlari viloyatda so‘nggi yillarida yuz bergan faol islohotlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishidagi asosiy o‘zgarishlarini taqdim etdi.
2017-2020 yillar davomida viloyatning yalpi hududiy mahsuloti (YaHM) 17% ga oshib, 12 trln. so‘mdan 24,9 trln so‘mga yetdi.
Shu davr mobaynida YaHMning xizmatlar sohasi 37,1 %dan 34,5 %ga, sanoat va qurilish sohasi 12,6 %dan 15,5 %ga o‘sdi.
Bozor xizmatlari 37% ga ko‘payib, 3,8 trln. so‘mdan 8 trln so‘mni tashkil etdi.
So‘nggi besh yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish 2,2 trln so‘mdan 5,3 trln so‘mga yetib, 19% ga oshdi.
Qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish 11% ga o‘sib, 2016 yildagi 8,9 trln. so‘mdan 2020 yilda 19,9 trln. so‘mni tashkil etdi.
Viloyatda faoliyat ko‘rsatayotgan korxonalar soni 2016 yildagi 18,8 ming donadan 2020 yilda 29,1 ming donagacha 55 % ko‘paydi.
Infratuzilmani rivojlantirish sohasida 2016-2020 yillarda 32 km gaz quvurlari, 41 km avtomobil yo‘llari va 893 km suv ta’minoti tarmoqlari yotqizildi.
Shu davr mobaynida 138 mingga yaqin yangi ish o‘rni yaratildi.
O‘tgan besh yil davomida viloyatda 5 560 ming kvadrat metr uy-joy foydalanishga topshirildi, maktabgacha ta’lim muassasalarida 12,7 ming o‘rin, maktablarda 41,1 ming o‘rin, shifoxonada 2,9 ming o‘ringa mo‘ljallangan koyekalar joylashtirildi.
Viloyat ulkan iqtisodiy imkoniyatlari, geografik va transport salohiyati bilan mamlakatimiz hayotida muhim o‘rin tutadi. Surxondaryoning tabiiy iqlim sharoiti boshqa hududlardan farq qilib, vohada ikki-uch marta hosil olish, issiqsevar o‘simliklar yetishtirish imkoniyati mavjud. Zamonaviy korxonalar tashkil etilib, yangi ish o‘rinlari yaratilmoqda. Qishloq xo‘jaligi, kichik biznes izchil rivojlanmoqda.
Bundan tashqari viloyatda foydali qazilmalardan neft va gaz, toshko‘mir, polimetall, osh tuzi konlari bor. Gips, granit, argillit kabi qurilish materiallari, mineral suvli buloq ko‘p.
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish