2019 yil 12 dekabr kuni Xalqaro press-klub sessiyasida “O‘zbekistonda suvga munosabatning yangi davri: tejamkorlik, innovatsion texnologiyalar va muhim vazifalar tahlili” mavzuida muloqot bo‘lib o‘tadi. Unda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etishga mas’ul vazirlik, qo‘mita va agentliklar, tijorat banklari rahbarlari, viloyat hokimlarining qishloq va suv xo‘jaligi masalalari bo‘yicha o‘rinbosarlari, agroklasterlar va fermer xo‘jaliklari rahbarlari, suv tejovchi texnologiyalarni loyihalovchi, quruvchi pudrat tashkilotlari mutaxassislari ishtirok etadi.
2019 yilda mamlakatimizda 33,8 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 1,1 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 2,2 ming gektarda pulsar sug‘orish, jami 36,6 ming gektarda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalari joriy qilindi. Birgina paxtachilik sohasida 12 ming gektar maydonda 193 mlrd. so‘mlik tomchilatib sug‘orish texnologiyasi qo‘llanildi. Bunda davlatimiz rahbarining o‘tgan yil 27 dekabrda qabul qilingan “Paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish tizimini keng joriy qilish uchun qulay sharoit yaratish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori muhim ahamiyatga ega bo‘ldi. Qarorga asosan, mamlakatimiz tarixida ilk bor qishloq xo‘jaligi ekinlarini sug‘orishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini joriy etganlarga davlat byudjetidan subsidiyalar ajratish mexanizmi yo‘lga qo‘yildi.
Bu yilgi mavsumda paxta maydonlariga tomchilatib sug‘orish texnologiyasini o‘rnatgan agroklaster va fermer xo‘jaliklariga gektariga 8 mln. so‘mdan jami 84,6 mlrd. so‘m subsidiya hamda tijorat banklaridan olingan 88,3 mlrd. so‘mlik kreditlar foiz stavkasining 10 foizini qoplash uchun 3,6 mlrd. so‘m taqdim etildi.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, joriy yilda paxta xom ashyosini yetishtirishda tomchilatib sug‘orish texnologiyasini qo‘llash natijasida gektariga o‘rtacha:
- suv sarfi 40- 50 % ga tejaldi;
- yonilg‘i 60 % ga iqtisod qilindi;
- mineral o‘g‘itlar samaradorligi 30 % ga ortdi;
- mehnat resurslari, ish haqiga xarajatlar tejaldi;
- g‘o‘zaning biologik pishish muddati 12-15 kunga tezlashdi;
- hosildorlik 20-30 sentnerga ortdi.
Shu paytga qadar mamlakatimizda faqat paxtachilik, uzumchilik va bog‘dorchilik sohasida tomchilatib sug‘orish texnologiyalarini joriy etganlarga davlat subsidiyalari bo‘lib, g‘alla, sabzavot, poliz va ozuqabop ekin yetishtiruvchilariga bunday imtiyoz ko‘zda tutilmagan edi. Barcha turdagi suv tejovchi texnologiyalardan foydalanuvchilarni qo‘llab-quvvatlash, bu borada so‘nggi bir yilda amalga oshirilgan ishlarni izchil davom ettirish maqsadida 2019 yil 25 oktyabr kuni Prezidentimizning “Qishloq xo‘jaligida suv tejovchi texnologiyalarni joriy etishni rag‘batlantirish mexanizmlarini kengaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi.
Qarorga binoan, suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish bo‘yicha xarajatlarning bir qismini qoplash uchun ajratiladigan subsidiya miqdori qishloq xo‘jaligi ekin turi, sug‘orish texnologiyasi va yerning bonitet ballidan kelib chiqib hisoblanadi. Kelgusi yildan tomchilatib sug‘orish tizimini joriy etganlik uchun gektariga 8 mln. so‘m, yomg‘irlatib sug‘orish tizimlari uchun 4 mln. so‘m, diskretli (pulsar) sug‘orish uchun 1 mln. so‘m davlat subsidiyasi beriladi.
Yaratilgan imtiyozlardan foydalangan holda, 2020 yilda respublikamizda 38 ming gektarda tomchilatib sug‘orish, 1,8 ming gektarda yomg‘irlatib sug‘orish, 4 ming gektarda diskretli (pulsar) sug‘orish, jami 43,8 ming gektarda suv tejovchi sug‘orish texnologiyalarini joriy etish mo‘ljallanmoqda.
Izoh qoldirish