2021 yil uchun fuqarolar byudjeti nashr etildi

2021 yil uchun fuqarolar byudjeti nashr etildi

Moliya vazirligi 2021 yil uchun tasdiqlangan byudjetga bag‘ishlangan navbatdagi “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashrini taqdim etdi.

Asosiy bo‘limlar 2021 yil uchun byudjet hamda Davlat byudjetining daromadlari va xarajatlariga asos bo‘lib hisoblangan makroiqtisodiy ko‘rsatkichlar prognozlariga bag‘ishlangan. 2021 yilda iqtisodiy faollikning tiklanishi, iqtisodiyotning o‘sishi hamda soliq siyosatidagi o‘zgarishlar hisobiga daromadlarning barcha turlari bo‘yicha (yer qa’ridan foydalanganlik uchun soliq va boshqa soliqlardan tashqari) o‘sish prognoz qilinmoqda. Sezilarli ravishda o‘sishi kutilayotgan daromad moddalari bo‘lib, qo‘shilgan qiymat solig‘i, foyda solig‘i, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va aksiz solig‘i xizmat qildi.

Davlat byudjetining xarajatlari tarkibida ijtimoiy soha va aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga xarajatlar salmoqli bo‘lib qolmoqda. Ushbu xarajatlar umumiy xarajatlarning 52 foizini tashkil etadi. Koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq bo‘lgan xatarlarning saqlanib qolayotganini e’tiborga olgan holda 2021 yilda 3 trln so‘m koronavirusga qarshi kurashish tadbirlari va vaksinalar harid qilishga yo‘naltiriladi.

Shuningdek, “Davlat byudjeti” bo‘limida byudjet taqchilligi va uning qoplash manbalari to‘g‘risida ma’lumotlar ham keltirilgan. Prognoz qilinayotgan daromadlar va xarajatlarning tasdiqlangan parametrlarini hisobga olgan holda 2021 yilda Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi yalpi ichki mahsulotga nisbatan 5,4 foiz miqdorida prognoz qilinmoqda. Alohida bir bo‘limda davlat qarzining holati va dinamikasi to‘g‘risidagi ma’lumotlar yoritilgan bo‘lib, davlat qarzi o‘sishiga qaramasdan makroiqtisodiy barqarorlik darajasiga xavf solmaydigan darajada qolmoqda. Mazkur maqsadlar uchun 2020 yildan boshlab tashqi qarzlarni O‘zbekiston Respublikasi nomidan yoki O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilishga cheklovlar kiritildi.

2020 yilda milliy iqtisodiyotning o‘sish sur’ati inqiroz sharoitida sezilarli ravishda pasaydi (1,6%gacha).

Iqtisodiyotni qo‘llab-quvvatlash maqsadida hukumat tomonidan iqtisodiy o‘sishni tiklash va tarkibiy islohotlarni davom ettirish yuzasidan amaliy harakatlar rejasi qabul qilindi. Mazkur harakatlar rejasi hukumat, vazirliklar, idoralar, xo‘jalik birlashmalari, mahalliy davlat hokimiyati organlarining sa’yharakatlarini muvofiqlashtirishni, tizimli islohotlarni davom ettirish maqsadida sharoit yaratishni va iqtisodiyotni rivojlanishiga yanada turtki beruvchi yangi imkoniyatlarni va zaxiralarni aniqlashni («o‘sish nuqtalari») nazarda tutadi.

2021 yilda makroiqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirish va tizimli tarkibiy islohotlarni davom ettirish chora-tadbirlarini hisobga olgan holda, iqtisodiy o‘sish 5,1 foizni tashkil etishi kutilmoqda.

2021-2023 yillarda iqtisodiyot tarmoqlarining o‘sish sur’atlarini inqiroz davrigacha bo‘lgan miqdorlarga bosqichma-bosqich tiklanishi prognoz qilinmoqda.

2021 yilda va kelgusi ikki yilda inflyasiya darajasi 7-11% darajada bo‘lishi prognoz qilinmoqda.

Jahon iqtisodiyoti bosqichma-bosqich tiklanishi va tashqi savdo operatsiyalarining yangilanishi hisobiga 2021 yilda tashqi savdo hajmining 2019 yildagi inqiroz davrigacha bo‘lgan miqdorlarga yetkazish prognoz qilinmoqda.

2021-2023 yillarda jalb qilinayotgan investitsiyalar hajmini sanoat, qishloq xo‘jaligi sohalaridagi va yirik infratuzilma loyihalarini amalga oshirishga qaratilgan ustuvor yo‘nalishlarni saqlab qolgan holda inqirozgacha bo‘lgan davr ko‘rsatkichlariga yetkazish prognoz qilinmoqda.

2021 yilda Davlat byudjeti daromadlarining tarkibida byudjetga tushayotgan umumiy tushumlarning 42,4 foizini ta’minlovchi bilvosita soliqlar ulushi oshib bormoqda.

Bilvosita soliqlar tushumining asosiy qismi (75,1%) QQS va aksiz solig‘i tushumlarining ortishi hisobiga ta’minlanadi. QQS bo‘yicha tushumlar 47,0 trln so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda, o‘sish sur’ati joriy yil kutilayotgan tushumga nisbatan 50,6% ni tashkil etadi.

2021 yilda Davlat byudjeti xarajatlari 165 879 mlrd so‘m miqdorida tasdiqlangan, bu YaIMning 24,1 foizi miqdori tashkil etib, 2020 (20,1 foiz) yilga nisbatan qariyb 4 foizga ko‘p.

Sog‘liqni saqlash sohasiga – 19 648 mlrd so‘m ajratilgan.

2021 yilda koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish va vaksina sotib olish uchun.

COVID-19 pandemiyasi inqirozi barcha mamlakatlarda ijtimoiy himoya muammolarini kuchaytirdi. Aholini qo‘llab-quvvatlash choralarida ijtimoiy zaif toifalarni qo‘llabquvvatlash byudjet xarajatlarining dolzarb masalalariga aylandi. Ijtimoiy himoya xarajatlari – 10 244,7 mlrd so‘m.

2021 yilda oilalarni ijtimoiy nafaqalar bilan qamrab olishning o‘sishi davom etadi. Ijtimoiy nafaqa oladigan kam ta’minlangan oilalar soni 2020 yil boshiga nisbatan 2 baravarga ko‘payadi.

Birinchi marta byudjetda chin etimlarni uy-joy bilan ta’minlash maqsadida 50 mlrd so‘m ajratilishi ko‘zda tutilgan. Shu munosabat bilan, chin yetimlarni uy-joy bilan ta’minlashning yangi tartibi ishlab chiqiladi va unga murojaat yetuvchilar ro‘yxati tuziladi.

2021 yilda iqtisodiyotni bosqichma-bosqich tiklanishi Konsolidatsiyalashgan byudjet taqchilligi 37 534,2 mlrd so‘m miqdorida prognoz qilinmoqda (YaIMga nisbatan 5,4%).

Jami davlat qarzi 2021 yil yakunida 28,3 mlrd AQSh dollari miqdorida bo‘lishi prognoz qilinmoqda (YaIMga nisbatan 45,3%). O‘sish dinamikasiga qaramay davlat qarzi mo‘’tadil bo‘lib, makroiqtisodiy barqarorlikka xavfsiz darajada qolmoqda.

2021 yil yakuniga davlat tashqi qarzi 25,7 mlrd AQSh dollari hisobida prognoz qilinmoqda, shundan 18,6 mlrd AQSh dollari – O‘zbekiston Respublikasi nomidan (O‘zbekiston Respublikasi Hukumati) va 7,1 mlrd AQSh dollari – O‘zbekiston Respublikasi kafolati ostida jalb qilingan.

“2021 uchun tasdiqlangan byudjet bo‘yicha Fuqarolar uchun byudjet” nashrining to‘liq matni bilan quyidagi ilova orqali tanishishingiz mumkin.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar