Hokim yordamchilari – xalq orasida ("Shovana" mahallasi)

Hokim yordamchilari – xalq orasida (

– Kasbiy faoliyatingiz haqida qisqacha gapirib bersangiz, bu lavozimga qanday kelgansiz? Oldin nima ish bilan shug‘ullangansiz? Qaysi ko‘nikmalaringiz sizga yuklangan vazifalarni samarali bajarishga yordam bermoqda?

– 2023 yil 28 mart sanasidan beri Qo‘shrabot tumani Shovana mahallasi hokim yordamchisi bo‘lib ishlab kelmoqdaman. Bundan avval Payariq tuman hokimiyatida ishlaganman. Shuningdek, xususiy buxgalteriya markazida ham ish tajribasiga egaman. Aynan buxgalteriya sohasida ishlaganim bugungi kunda vazifalarni samarali bajarishimda menga katta yordam bermoqda. Chunki hisob-kitoblarning to‘g‘ri bo‘lishi har qanday yo‘nalishdagi ishlarning samaradorligiga ijobiy ta’sir qiladi. Hokim yordamchisi lavozimiga ochiq tanlov asosida test va suhbatlardan o‘tgan holda ishga qabul qilindim.

– Mahallangizning joylashuvi, aholini ish bilan ta’minlash imkoniyatlari haqida to‘liqroq gapirib bersangiz? 2022 yilda mahallabay ishlash tizimi joriy etilganidan buyon o‘tkazilgan so‘rovlar natijasida aholining ijtimoiy tarkibi va farovonligi bo‘yicha qanday ma’lumotlar olindi?

– Bizning Shovana mahallamiz Qo‘shrabot tumanida joylashgan. Mahalla iqtisodiyotining asosiy drayveri uzumchilik hisoblanadi va aholining 90 foizining shaxsiy tomorqasida uzum mavjud bo‘lib, asosan, uzumni quritib mayiz holiga keltirgan holda sotish bilan shug‘ullanadi. Shuningdek, katta yo‘l yoqasida joylashganligi sababli xizmat ko‘rsatish sohasi ham yaxshi rivojlangan. Mahallamizda 4 ta umumta’lim maktabi, 1 ta davlat va 3 ta oilaviy maktabgacha ta’lim muassasasi, 1 ta oilaviy shifokorlik punkti va 3 ta sanoat korxonasi mavjud.

– So‘rovlar davomida aniqlangan ma’lumotlarga ko‘ra, mahallangiz rivojining asosiy drayveri va ustuvor vazifalari nimalardan iborat edi? Bu lavozimda ishlaganingizning birinchi yilida aholining turmush sharoiti va farovonligini oshirish borasida nimalarga erishdingiz?

– Yuqorida aytib o‘tilganidek, mahallaning asosiy rivojlanish drayveri uzumchilik hisoblanadi. Uy xo‘jaliklarining 90 foizida uzumzorlar mavjud. Ishga kelgan birinchi yilimda aholining turmush darajasini oshirish uchun yana nimalar qilish mumkinligi borasida bosh qotirdim. Hududni har tomonlama atroflicha o‘rganish, mahalla faollari bilan, shuningdek, tadbirkorlar bilan suhbatlar natijasida mahallaga tadbirkorlikning boshqa turlarini ham olib kirish mumkinligiga amin bo‘ldim. Shu maqsadda yo‘l bo‘yida xizmat ko‘rsatish shoxobchalarini tashkil etish, mavjudlarini zamonaviy ko‘rinishga keltirish uchun harakat qildik. Shuningdek, hududga parrandachilikning go‘sht yo‘nalishi va asalarichilikni ham olib kirib, uni rivojlantirishga erishdim.

– 2024 yildagi faoliyatingiz natijalari, uning yo‘nalishlari – ishsizlarni ish bilan ta’minlash, kasbga o‘qitish, tadbirkorlikni, aholining kam ta’minlangan qatlamini qo‘llab-quvvatlash, mahallalarni obodonlashtirish bo‘yicha qanday yutuqlarga erishilgani haqida batafsil gapirib bersangiz. O‘tgan yil mahalla va o‘zingiz uchun qilgan qaysi ishni eng muhimi deb bilasiz?

– 2024 yil bizning olis Qo‘shrabot tumanidagi Shovana mahallamiz aholisi va shaxsan mening faoliyatim uchun unutilmas yil bo‘ldi. Chunki, yakuniga yetgan yilda mahallamiz “Obod mahalla” dasturiga kiritilib, og‘ir hudud toifasidan chiqarish, infratuzilmani yaxshilash va aholi turmush darajasini oshirish maqsadida keng ko‘lamli obodonlashtirish va bunyodkorlik ishlari bajarildi. Dasturni amalga oshirish doirasida 1000 ga yaqin xonadon ta’mirlandi, 500 ta yaroqsiz simyog‘och temir beton ustunga almashtirildi. Shuningdek, 18 km elektr simlari tortildi, yaroqsiz holga kelgan 4 ta transformator yangisiga almashtirilib, 9 tasi qayta mukammal ta’mirlandi. Mahalla o‘rtasidan o‘tuvchi 4R-55 Mitan-Qo‘shrabot-Nurota yo‘lining 9-15 kilometrlari oralig‘iga yangi asfalt qoplamalari yotqizildi. Mana shu yo‘l chetlariga tungi yoritish chiroqlari o‘rnatildi va piyodalarning xavfsiz harakatlanishi uchun 4 km piyodalar yo‘lagi qurildi. Shuningdek, eski mahalla binosi o‘rniga zamonaviy shaklda yangisi qad rostladi va yangi kutubxona tashkil etildi. Qurilish-bunyodkorlik ishlari davomida mahalladagi oilaviy poliklinika, 12 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 8, 9, 16, 35-maktab binolari ta’mirlandi. Nuroniylar maskani, tikuvchilik xonasi, shuningdek, mahalla markazida kichik bozorcha tashkil etildi.

Aholining kam ta’minlangan qatlamlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 8 ta eng nochor ahvoldagi oilaning uy-joylari to‘liq qayta ta’mirlandi. 50 nafar kam ta’minlangan oilaning har biriga 50 tadan jami 2500 ta tuxum yo‘nalishiga asoslangan tovuq homiylar hisobidan tarqatildi.

Mahallada istiqomat qiluvchi aholini doimiy daromad manbai bilan ta’minlash maqsadida 20 gektar dehqon xo‘jaligi yer maydoni 40 nafar ishsiz fuqaroga dehqon xo‘jaligi sifatida berilib, u yerdan 2 ta artezian quduq ham qazib berildi va 40 ta oilaning dehqonchilik bilan shug‘ullanishi uchun sharoit yaratildi. Katta yo‘l yoqasida 15 ta xizmat ko‘rsatish va savdo shoxobchasi barpo etilib, 30 ta yangi ish o‘rni yaratildi. Bundan tashqari, 150 nafar fuqaroga chorvachilik, parrandachilik, tikuvchilik, xizmat ko‘rsatish, qishloq xo‘jaligi, kasanachilik va boshqa sohalar bo‘yicha jami 3,5 mlrd so‘m imtiyozli kredit mablag‘lari berilib, ularning tadbirkorlik faoliyatlarini boshlashlarida yaqindan yordam berildi.

– 2024 yilda hokim o‘rinbosarlari faoliyatiga oid qator qarorlar qabul qilindi. Mahallalarning reytingi joriy etildi, yakka tartibdagi dasturlar amaliyoti joriy etildi, mahallalarning faol a’zolari soni 5 nafardan 7 nafarga oshirildi, mahallalarni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha kengashlar tashkil etildi. Ushbu qarorlar munosabati bilan mahallangizda qanday ishlar amalga oshirildi, yangi tarkibdagi faollarning ishi qanday va bu qarorlar faoliyatingiz samaradorligiga qanday ta’sir ko‘rsatdi?

Albatta, bu qaror va farmonlar mahallaga bo‘lgan e’tiborni yanada kuchaytirdi, shuningdek, ijtimoiy xodim va soliq inspektorining qo‘shilishi natijasida endi aholi bilan yanada individual ishlash jarayoni kuchayadi, deb o‘ylayman. Ijtimoiy xodim orqali mahalladagi ijtimoiy ko‘makka muhtoj oilalar holidan xabar olish, ularga yordam berish imkoniyati yaratilgan bo‘lsa, soliq inspektori qo‘shilishi natijasida mahalliy byudjetga tushumlar ko‘payib, yangi-yangi tadbirkorlik sub’yektlari barpo bo‘lishi, legallashtirish ishlari amalga oshirilishi faoliyatimizga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda.

Joriy yilda mahallani rivojlantirish bo‘yicha qanday ustuvor vazifalar belgilandi? Bu yo‘nalishda yana qanday rejalaringiz bor? Hozirgacha nimaga erishildi va kelgusida nimalar qilish kerak?

– Bu yilgi ustuvor vazifalarimizning asosiysi – aholini kambag‘allikdan chiqarish, mahallani ishsizlikdan xoli hududga aylantirish va tadbirkorlikni yanada rivojlantirish, tadbirkorlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlashdan iborat. Bu boradagi belgilagan maqsad-rejalarimizni amalga oshirish uchun har bir kambag‘al oila uchun individual reja ishlab chiqqanmiz. Mana shu reja asosida bugungi kunda 61 ta kambag‘al oilaning 10 tasini doimiy ish bilan ta’minladik, yana 12 tasiga imtiyozli kredit mablag‘lari berdik. 5 nafar oila vakilini kasb-hunar va tadbirkorlikka o‘qitishga erishdik va reja asosida ishlarni davom ettiryapmiz.

– Hokim yordamchisi sifatidagi tajribangizga tayangan holda ayting-chi, mahallangizda kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi asosiy sabab va omillar nimada? Hududingiz aholisi o‘rtasida kambag‘allik darajasini yanada samarali kamaytirish uchun qo‘shimcha nima ishlar qilish kerak?

– Kambag‘allik holatlarini keltirib chiqaruvchi sabablar bir nechta bo‘lib, ulardan biri hududimizda dehqonchilik qilish uchun oqar suvning mavjud emasligidir. Ko‘p oilalar o‘zlari uchun artezian quduqlar qazib olgan bo‘lishiga qaramay, bunga hammaning ham moliyaviy imkoniyati yetmaydi, shu sababli ekinlar suvsizlikdan kutilgan hosilni bermaydi. Kuzatuvim natijasida kambag‘allikni keltirib chiqaruvchi yana bir muhim omil – bu ayrim insonlarda uchraydigan dangasalik. O‘sha kambag‘al oilaga kirib borganingizda ularning katta qismi hech qanday ish, foydali mehnat qilishga xohishi yo‘qligini ko‘rishingiz mumkin. Bunday oilalarni kambag‘allikdan chiqarish uchun, avvalambor, ularning fikrlash doirasini o‘zgartirish lozim bo‘ladi, chunki harakat qilgan inson bu mahallada, bu sharoitda kambag‘al bo‘lishi mumkin emas.

– Hokim yordamchisi sifatida faoliyat yuritgan davringizda mahallangizda tadbirkorlikni rivojlantirish borasida amalga oshirilgan ishlar haqida batafsil ma’lumot bersangiz. Shu vaqt ichida nechta yangi korxona barpo etilib, nechta yakka tartibdagi tadbirkor ish bilan ta’minlandi? Qanday qo‘llab-quvvatlash choralari va innovatsion usullar qo‘llanildi? Muvaffaqiyatli tadbirkorlik tashabbuslariga misollar keltirsangiz.

– Ishga kelgan birinchi kunimdanoq tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash, ularning muammolarini hal qilishga katta e’tibor berib kelyapman. Tadbirkorlarga yer kerak bo‘lsa yer, kredit kerak bo‘lsa kredit, agar faoliyatida biror bir to‘siqqa uchrasa uni hal qilish choralarini ko‘rish ustida tizimli ishlayapmiz. Bugungi kungacha 20 dan ziyod yangi korxona, 50 ga yaqin yakka tartibdagi tadbirkorlik bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqarolarga o‘z faoliyatlarini yo‘lga qo‘yishda amaliy yordam ko‘rsatdik.

Misol uchun, parrandachilikning go‘sht yo‘nalishi asosida tadbirkorlikni yo‘lga qo‘ygan Shovana Olmosi korxonasi eng muvaffaqiyatli tadbirkorlik sub’yektlarimizdan biri hisoblanib, bugungi kunda u yerda 8000 dona jo‘ja boqilmoqda. Har 40-45 kunda tayyor bo‘luvchi ushbu jo‘jalarning har partiyasidan 50-80 mln so‘mgacha daromad olish imkoniyati mavjud. Qisqacha aytganda, mahalladagi mavjud imkoniyatlardan unumli foydalanishga harakat qilyapmiz.

– Sizning mahallangizda tajribali tadbirkorlar bormi va ular bilan qanday ishlayapsiz? Bunga misollar keltira olasizmi?

– Bizning mahallada tajribali tadbirkorlar anchagina, ulardan biri Sartoqchi marmari XK hisoblanadi. Faoliyati marmar toshlar ishlab chiqarish bo‘lgan ushbu korxona bilan aloqalarimiz juda yaxshi. Ko‘plab ishsiz fuqarolarni u yerga ishga joylashtirganmiz, shuningdek, kam ta’minlanganlarga yordam ko‘rsatishda ham shu korxona o‘zining munosib yordamini berib kelmoqda.

– Xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlash, ularni Vatanga qaytishga undash borasida mahallangizda qanday ishlar amalga oshirilmoqda? Bu insonlarga o‘z bizneslarini boshlashi va mahalliy iqtisodiyotga muvaffaqiyatli integratsiyalashuviga yordam berish uchun nima ishlar qilinmoqda?

– Shovana mahallasida 84 nafar xorijga ishlash maqsadida ketgan fuqaro mavjud bo‘lib, biz doimiy ravishda ular bilan aloqada bo‘lib, gaplashib turamiz. Biror muammo tug‘ilsa, uni hal qilish choralarini ko‘ramiz. Agarda xorijda yaxshi daromad topmayotganini sezsak, ularni vataniga qaytarib, shu yerdan ish topib berishga yoki tadbirkorlik bilan shug‘ullanishga sharoit yaratib beramiz.

– Hokim yordamchisi sifatida amaliy tajribangizdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini oshirish bo‘yicha qanday takliflar bera olasiz? Hokim yordamchisi sifatida sizga qanday yordam kerak?

– Barcha hokim yordamchilari yetarlicha qo‘llab-quvvatlanmoqda, kerakli imkoniyatlar berilmoqda. Biz ushbu imkoniyatlardan unumli foydalanishimiz va tinimsiz o‘z ustimizda ishlashimiz zarur, deb hisoblayman. Hokim yordamchilari tadbirkorlik asoslarini chuqur o‘zlashtirib olishi zarur, chunki boshqalarni tadbirkorlikka jalb etish va o‘rgatish uchun o‘zi mukammal darajada bilim va tajribaga ega bo‘lishi lozim. O‘z tajribamdan kelib chiqib, O‘zbekistonda hokim yordamchilari faoliyatini yanada takomillashtirish va ish samaradorligini ko‘tarish uchun ularning dunyoqarashini kengaytirish, fikrlash darajasini, dunyoviy bilim va tajribasini oshirish lozim deb o‘ylayman. Bundan tashqari, ish jarayonida hamon qog‘ozbozlik, ortiqcha rasmiyatchilik holatlari ham uchrab turadi. Bu ham ish samaradorligiga ta’sir qilmasdan qolmaydi. Shuning uchun ortiqcha rasmiyatchilikdan voz kechish zarur. Hokim yordamchilariga bugungi kunda o‘ziga tegishli va tegishli bo‘lmagan topshiriqlar haddan ziyod ko‘p, agar ish faoliyati davomida yuklamalar aniq belgilab berilsa, hokim yordamchilarining ish samaradorligi yanada oshgan bo‘lar edi.

Bugungi kunda mamlakatimizda korrupsiyaning har qanday ko‘rinishiga qarshi ayovsiz kurash olib borilmoqda. Siz o‘z faoliyatingizda korrupsiya holatlariga yo‘l qo‘ymaslik uchun nima ishlar qilmoqdasiz?

– Davlatimiz tomonidan berilayotgan ish haqi va oilamdagi to‘kinchilik korrupsiyaga hojat qoldirmaydi. Shuningdek, mahallabay ish tizimi doirasida amalga oshiriladigan barcha ishlar jamoatchilik oldida, shaffof tarzda amalga oshiriladi. Bu ham korrupsiya holatlarining oldini olishda muhim rol o‘ynaydi.

– Mahallangiz aholisining amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati qanchalik o‘zgardi? Yaqin kelajakda o‘z oldingizga qanday yangi maqsad va rejalar qo‘ygansiz?

– Mahallamizda amalga oshirilgan keng ko‘lamli bunyodkorlik ishlaridan keyin insonlarning davlatga bo‘lgan munosabati ham keskin o‘zgardi, hammaning kayfiyati yaxshi, davlat idoralari xodimlaridan xursand. Demak, insonlarga haqiqatdan sharoit yaratib berilsa va biz qilayotgan ishlar ko‘zga ko‘rinsa, ular, albatta, rozi bo‘lar ekan. Yaqin kelajakda ham xalqimizga shunday xizmat qilishda davom etib, uning og‘irini yengil qilish ishlariga munosib hissa qo‘shish niyatidaman.

Jamoliddin Turdimov, Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

"Iqtisodiy sharh" jurnali №6/2025

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar