Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi (Markaz) tomonidan choraklik Makroiqtisodiy sharh tayyorlandi.
Makroiqtisodiy sharh Markazning muntazam nashri hisoblanadi. Unda O‘zbekistondagi makroiqtisodiy vaziyatning tezkor tahlili taqdim etilib, qisqa muddatli istiqboldagi rivojlanishi bo‘yicha baholashlar keltiriladi.
Nashrda yalpi ichki mahsulot, sanoat, investitsiyalar, iste’mol xarajatlari, inflyasiya, foiz stavkalari, kreditlash, ichki va tashqi savdo kabi ko‘rsatkichlar tahlil qilingan.
Sharh milliy iqtisodiyot rivojlanishining holati va asosiy tendensiyalarining monitoringi, shu jumladan, qisqa muddatli iqtisodiy istiqbollarini shakllantiruvchi pul-kredit va fiskal sohalardagi davlat siyosati masalalarini qamrab oladi.
Sharhning maqsadi makroiqtisodiy barqarorlikni saqlash va milliy iqtisodiyotning barqaror ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishiga ko‘maklashish shartlarini ta’minlash bo‘yicha iqtisodiy siyosat sohasidagi rivojlanish istiqbollarini baholashdan iborat.
O‘zbekiston YaIM o‘sishi 2024 yil yanvar-mart oylarida 6,2%ni tashkil qildi. Investitsiyalar 1,7 barobarga o‘sib, 8,6 mlrd dollarga yetdi va o‘sish drayveri sifatida xizmat qildi. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, YaIMga nisbatan tashqi savdo balansining manfiy saldosi 15,7%ni tashkil qildi.
Markaz hisob-kitoblariga ko‘ra, O‘zbekistonda 2024 yilda iqtisodiy o‘sish 6,5% atrofida bo‘lishi prognoz qilinmoqda. Bunda investitsiyalar 38 mlrd dollarga yetib, YaIMga nisbatan 37,5%ni tashkil qilishi kutiladi.
Sharhining asosiy xulosalari:
- Investitsiyalar o‘sishining tezlashishi iqtisodiy o‘sishning asosiy drayverlaridan biri bo‘ldi. Xususan, joriy yilning I choragida jami 107,1 trln so‘m (8,6 mlrd doll) investitsiyalar amalga oshirilgan bo‘lib, real hisobda 1,7 barobarga o‘sdi.
- sohalar kesimida xizmatlar va sanoat asosiy drayverlar sifatida iqtisodiy o‘sishning mos ravishda 3,5 foiz bandi (f.b) va 1,7 f.bni tashkil qildi (qishloq xo‘jaligi – 0,4 f.b, qurilish – 0,4 f.b va sof soliqlar – 0,2 f.b).
- soliq tushumlari yillik hisobda 6,5%ga, bojxona tushumlari 20,3%ga, tovarlar eksporti 5,8%ga, tadbirkorlik uchun kreditlar 0,2%ga, birja savdolari 50,1%ga o‘sdi.
- pul massasining yillik o‘rtacha o‘sishi 18%ni tashkil qilib, nominal YaIM o‘sishi (20%) atrofida shakllandi. Yil boshiga nisbatan keng ma’nodagi pul massasi 0,5%ga ko‘paydi.
- tashqi savdo aylanmasi 15,8 mlrd dollar - eksport 6,4 mlrd va import 9,4 mlrd dollarni tashkil etdi. 2023 yilning mos choragiga nisbatan tashqi savdo aylanmasi 6,2%ga, bunda eksport 10%ga va import 4,0%ga o‘sdi.
- asosiy savdo hamkorlari kesimida Xitoy va Qozog‘istonga eksport ko‘paygan bo‘lsa, Rossiya va Turkiyaga eksportda pasayish kuzatildi. Shuningdek, Xitoy va Rossiyadan import ko‘paygan bo‘lsa, Qozog‘iston va Turkiyadan import kamaydi.
- mamlakat savdo shartlarida o‘sish kuzatilib, ushbu ko‘rsatkich 2023 yilning I choragiga nisbatan 1,9%ga, yil boshiga nisbatan esa 4,2%ga o‘sgan.
- so‘mning real samarali almashuv kursi yil boshiga nisbatan 1,2%ga qadrsizlandi.
2023 yilning yanvar-iyun oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2023 yilning yanvar-sentyabr oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2023 yilning yanvar-dekabr oylari uchun Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
2024 yilning I chorak yakuni bo‘yicha Makroiqtisodiy sharhni yuklab olish
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi
Izoh qoldirish