Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi tomonidan O‘zbekiston sanoatining 2024–2025 yillardagi rivojlanish ko‘rsatkichlari o‘rganilib, ishlab chiqarish hajmi, korxonalar soni va bandlik dinamikasi tahlil qilindi. Markaz tomonidan tayyorlangan infografikada sanoat ishlab chiqarishining o‘sish sur’atlari, korxonalar va bandlikning tarmoqlar bo‘yicha taqsimoti, shuningdek, qayta ishlash sanoatining umumiy sanoat tarkibidagi ulushi aks ettirilgan.
2025 yilda sanoat mahsulotlari ishlab chiqarish hajmi 1 163,2 trln so‘mga yetdi. 2024 yilda ushbu ko‘rsatkich 958,1 trln so‘mni tashkil etgan. Yillik real o‘sish sur’ati 6,8 foiz bo‘ldi.

Ishlab chiqarish bilan bir qatorda sanoat korxonalari soni ham ko‘paydi. 2025 yilda faoliyat yuritayotgan korxonalar soni 59,5 mingtaga yetib, o‘tgan yilga nisbatan 7 foizga yoki qariyb 3,9 mingtaga oshdi. Sanoatda band aholi soni esa 1,89 mln nafarni tashkil etib, bir yilda 160,5 ming nafarga yoki 9,3 foizga ko‘paydi.
Qayta ishlash sanoati tarmoqning asosiy qismini tashkil etmoqda. 2025 yilda jami sanoat mahsulotlarining 84,5 foizi ushbu soha hissasiga to‘g‘ri keldi. Elektr, gaz ta’minoti va havoni konditsiyalash sohasining ulushi 8,4 foizni, tog‘-kon sanoatining ulushi 6,6 foizni, suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni boshqarish sohasining ulushi 0,5 foizni tashkil etdi.

Qayta ishlash sanoatining ustunligi korxonalar tarkibida yanada yaqqol ko‘rinadi. Jami faoliyat yuritayotgan sanoat korxonalarining 92,7 foizi aynan ushbu tarmoqda jamlangan. Tog‘-kon sanoatiga 4,3 foiz, suv ta’minoti va chiqindilarni boshqarish sohasiga 1,9 foiz, elektr va gaz ta’minoti hamda havoni konditsiyalash sohasiga 1,1 foiz to‘g‘ri keldi.

Bandlik tarkibida ham qayta ishlash sanoati yetakchilik qilmoqda. 2025 yilda sanoatda ishlovchilarning 89,9 foizi mazkur tarmoqda mehnat qildi. Qolgan qismi elektr, gaz ta’minoti va havoni konditsiyalash (3,7 foiz), tog‘-kon sanoati (3,5 foiz), suv ta’minoti, kanalizatsiya va chiqindilarni boshqarish (2,8 foiz) sohalari hissasiga to‘g‘ri keldi.

Umuman, 2025 yil yakunlari sanoatda ishlab chiqarish, korxonalar soni va bandlik bir vaqtning o‘zida o‘sganini ko‘rsatadi. Qayta ishlash sanoati mahsulot ishlab chiqarishning 84,5 foizini ta’minlagan holda, sanoat korxonalarining 92,7 foizini va bandlikning 89,9 foizini qamrab oldi. Ushbu ko‘rsatkichlar qayta ishlash sanoatining mamlakat sanoat faoliyatidagi ustun o‘rnini tasdiqlaydi.
Ruslan Abaturov
Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi
Izoh qoldirish