O‘zbekiston va Koreya Respublikasi strategik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi

O‘zbekiston va Koreya Respublikasi strategik sheriklikni kengaytirish bo‘yicha qator kelishuvlarga erishdi

Marosimdan so‘ng ikki davlat rahbarlari tor doirada hamda rasmiy delegatsiyalar ishtirokida muzokaralar o‘tkazdi. Unda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni yanada rivojlantirish, savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, texnologik va sanoat kooperatsiyasini chuqurlashtirish masalalari muhokama qilindi.

Muzokaralar yakunlari bo‘yicha hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari belgilab olindi. Joriy tashrif doirasida umumiy qiymati qariyb 12 mlrd dollarlik istiqbolli investitsiya loyihalari portfeli tayyorlandi. Shuningdek, Koreya Eksimbanki bilan Strategik hamkorlik dasturi qabul qilindi.

Iqtisodiy sheriklikni kengaytirish bo‘yicha beshta ustuvor yo‘nalish belgilandi. Ular savdo aloqalarini kengaytirish, investitsiyalar hajmini oshirish, muhim minerallar sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish, transport va infratuzilma loyihalarini ilgari surishni qamrab oladi.

Texnologik hamkorlik doirasida Koreyaning ilg‘or texnologiyalari va O‘zbekistonning resurs hamda sanoat salohiyatini birlashtiruvchi innovatsion va texnologik alyansni shakllantirish taklif etildi. Uning faoliyatini axborot texnologiyalari va kiberxavfsizlik, shuningdek, tibbiyot, sog‘liqni saqlash va farmatsevtika sanoatida yuqori texnologik va raqamli yechimlarni joriy etishga yo‘naltirish nazarda tutilmoqda.

Muzokaralarda harbiy-texnik hamkorlikni rivojlantirish masalalari ham ko‘rib chiqildi. Tomonlar idoralararo aloqalarni kengaytirish, qo‘shma tadbirlar tashkil etish va harbiy mutaxassislarni o‘qitishga tayyor ekanini bildirdi.

Hududlararo aloqalarni davom ettirish bo‘yicha ham kelishuvga erishildi. Tashrif arafasida ikki mamlakat hamkorligi tarixida birinchi marta o‘tkazilgan Hududlararo forum natijalari yuqori baholandi. Keyingi forumni Samarqand shahrida o‘tkazish belgilandi.

Ta’lim va kadrlar tayyorlash sohasida hamkorlikni chuqurlashtirishga alohida e’tibor qaratildi. Bugun O‘zbekistonda Janubiy Koreya universitetlarining to‘rtta filiali faoliyat yuritib, pedagogika, axborot texnologiyalari, muhandislik, raqamli texnologiyalar va boshqa yo‘nalishlarda kadrlar tayyorlamoqda. Shuningdek, KOICA ko‘magida tashkil etilgan 5 ta kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kadrlar tayyorlash bo‘yicha tajriba almashishda ikki mamlakat oliy ta’lim muassasalari rektorlari forumining imkoniyatlaridan keng foydalanish muhimligi qayd etildi.

Madaniy-gumanitar hamkorlik bo‘yicha 2027 yilni “Madaniyat va o‘zaro almashinuvlar yili” deb e’lon qilish hamda uning doirasida qo‘shma madaniy va gumanitar tadbirlar o‘tkazishga kelishib olindi. Ko‘p sonli koreys diasporasining O‘zbekiston va Koreya xalqlari o‘rtasidagi do‘stlik va o‘zaro anglashuvni mustahkamlashdagi o‘rni alohida qayd etildi.

Shuningdek, parlamentlar, vazirlik va idoralar, hududlar rahbarlari hamda ishbilarmon doiralar o‘rtasidagi aloqalarni faollashtirish zarurligi ta’kidlandi. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik masalalar yuzasidan ikki tomon pozitsiyalarining yaqinligi tasdiqlandi.

Erishilgan kelishuvlar O‘zbekiston va Koreya Respublikasi o‘rtasidagi alohida strategik sheriklikni savdo, investitsiyalar, muhim minerallar, transport va infratuzilma, yuqori texnologiyalar, xavfsizlik, ta’lim va madaniy-gumanitar hamkorlik yo‘nalishlarida yanada kengaytirishni nazarda tutadi.

Iqtisodiy tadqiqotlar va islohotlar markazi

Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar