O‘zbekiston va Turkmaniston havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston va Turkmaniston havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklashni rejalashtirmoqda

O‘zbekiston Investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Sardo Umurzakov Ashxobod shahrida Turkmaniston Vazirlar Mahkamasi raisi o‘rinbosari, savdo-iqtisodiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy hamkorlik bo‘yicha Hukumatlararo komissiyaning turkman tomonidan raisi Esenmurad Orazgeldiyev bilan muzokaralar o‘tkazdi.

Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar qildi.

Muzokaralar chog‘ida yaqin vaqt ichida Hukumatlararo komissiyaning O‘zbekistondagi navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazish bo‘yicha kelishuvga erishildi. Shuningdek, Hukumatlararo komissiya doirasida O‘zbekiston-Turkmaniston Ishbilarmonlar kengashi ikkinchi yig‘ilishi ham tashkil etiladi.

Bo‘lajak tadbirlar kun tartibini shakllantirish va yangi investitsiyaviy loyihalar hamda savdo bitimlarini ishlab chiqishga qaratilgan ikki mamlakat tegishli vazirlik va idoralarining hamkorlikdagi sa’y-harakatlari faollashtiriladi.

Tomonlar transport va logistika sohalarida hamkorlikni rivojlantirish istiqbollariga alohida e’tibor qaratdilar. Ikki mamlakat Transport vazirliklari tomonidan sanitariya-epidemiologiya talablariga rioya etgan holda, to‘g‘ridan to‘g‘ri havo transporti hamda xalqaro avtomobil qatnovlarini qayta tiklash masalalari ustida ish borilishiga kelishib olindi.

Shuningdek, chegara o‘tish nuqtalari o‘tkazuvchanlik qobiliyatini oshirish, o‘zaro savdo o‘sishi uchun tarif va notarif to‘siqlarni bartaraf etish hamda ikki mamlakat transport quvvatlari va tranzit salohiyatidan foydalanish samaradorligini oshirish bo‘yicha qo‘shma chora-tadbirlarni ishlab chiqish ishlari amalga oshiriladi.

Ishlab chiqilgan chora-tadbirlar va takliflar O‘zbekiston va Turkmanistonni bog‘lovchi transport yo‘laklarini yanada rivojlantirish uchun tegishli “Yo‘l xaritasi”da birlashtiriladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar