O‘zTMK va sun’iy intellekt: Texnologik metallarda kelajakni yaratuvchi hamkorlik

O‘zTMK va sun’iy intellekt: Texnologik metallarda kelajakni yaratuvchi hamkorlik

Forum davomida 100 dan ortiq davlatlardan kelgan mutaxassislar, sanoat yetakchilari va siyosatchilar ishtirokida mineral resurslar va metall sanoatini rivojlantirishga bag‘ishlangan keng tarmoqli uchrashuvlar tashkil etildi.

O‘zbekiston texnologik metallar kombinati (O‘zTMK) delegatsiyasi forumda faol ishtirok etib, InfraVia, Toronto Stock Exchange, Trafigura, Beacon, Ximei Resources, Traxys va shu kabi xalqaro miqyosdagi 50 ga yaqin yirik kompaniyalar bilan muzokaralar olib borib, istiqbolli hamkorlik aloqalarini yo‘lga qo‘ydi.

Qolaversa, konferensiya davomida O‘zTMK vakillari tog‘-kon sanoati uchun sun’iy intellektga ixtisoslashgan “Intellisense.io” yetakchi kompaniyasi bilan memorandum imzolashga erishdi. Bu sun’iy intellektni texnologik metallar sohasi hamda ishlab chiqarish jarayonlariga joriy etish bo‘yicha mamlakatimizda muhim o‘zgarishlarni boshlab berishdagi muhim qadamlardan biridir. Ushbu kelishuv mineral resurslarni qidirish va qazib olish jarayonlarini yanada aniqroq va samarali qilish, ishlab chiqarish jarayonlarini avtomatlashtirish, atrof-muhitni muhofaza qilish uchun samarali monitoring tizimlarini joriy qilishga ko‘mak beradi.

“O‘zbekiston biz uchun alohida qiziqish uyg‘otadigan strategik hudud. Ushbu mamlakatning izchil taraqqiyoti, tog‘-kon sanoatidagi ulkan salohiyati e’tirofga loyiq. O‘zbekiston texnologik metallar kombinati bilan imzolangan sheriklik shartnomasi ham bizning ushbu sohada hamkorlikka bo‘lgan ishonchimizni yana bir bor tasdiqlaydi va bu qadamni birgalikdagi muvaffaqiyatlarning boshlanishi sifatida baholaymiz”, – deydi “Intellisense.io” kompaniyasining asoschisi va bosh direktori Sem Boz.

Shuningdek, kombinat vakillari Markaziy Osiyo yetakchilari uchun ““EIT RawMaterials” hududlararo markazi tomonidan tashkil etilgan davra suhbatida ham ishtirok etdi. Unda tog‘-kon sanoati, qayta tiklanadigan energiya manbalari, infratuzilmani integratsiyalash hamda shu kabi qator masalalar ko‘rib chiqildi.

2024 yilda Prezident Shavkat Mirziyoyevning tashabbusi bilan tashkil etilgan O‘zbekiston texnologik metallar kombinati tog‘-kon va texnologik metallar sohasini rivojlantirish yo‘lida xalqaro darajadagi yirik kompaniyalar bilan muvaffaqiyatli hamkorlikni kengaytirishni davom etadi.

Reklama huquqi asosida


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar