Qashqadaryoda dizel yoqilg‘isi, avia kerosin, suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan zavod quriladi

Qashqadaryoda dizel yoqilg‘isi, avia kerosin, suyultirilgan gaz ishlab chiqaradigan zavod quriladi

“O‘zbekneftegaz” aksiyadorlik jamiyatining Investitsiya loyihalarini amalga oshirish departamenti ma’lumotiga ko‘ra, “Sho‘rtan gaz kimyo majmuasining tozalangan metan asosida suyultirilgan sintetik yoqilg‘i ishlab chiqarish” investitsiya loyihasi amalga oshirilyapti. Loyiha bo‘yicha tabiiy gazni qayta ishlash quvvatlarini kengaytirish, uglevodorod xomashyosi importini qisqartirish, ichki bozorda sifatli va ekologik toza yoqilg‘iga bo‘lgan talabni qondirish, bozorni mahalliy xomashyodan ishlab chiqariladigan strategik mahsulotlar bilan ta’minlash ko‘zda tutilgan.

Umumiy narxi 3,6 milliard AQSh dollari atrofida baholanayotgan davlat kafolati ostidagi loyiha Janubiy Koreya va Xitoyning xalqaro moliya institutlari, xorijiy tijorat banklari kredit mablag‘lari, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Tiklanish va taraqqiyot jamg‘armasi hamda “O‘zbekneftgaz” aksiyadorlik jamiyati mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmoqda.

Zavod ishga tushgach, yiliga 1,5 million tonna yuqori sifatli va ekologik toza sintetik yoqilg‘i ishlab chiqaradi. Jumladan, 724,6 ming tonna dizel yoqilg‘isi, 307,3 ming tonna avia kerosin, 437,3 ming tonna nafta, 53,4 ming tonna suyultirilgan gaz ishlab chiqarilishi rejalashtirilmoqda.

Zavod dunyoning neft va gaz kimyosi sohasida yetakchi hisoblanadigan “Sasol” (Janubiy Afrika), “Haldor Topsoe” (Daniya) va “Chevron” (AQSh) kabi kompaniyalar texnologiyalari asosida loyihalashtirilgan bo‘lib, bu yerda 808 ta yangi ish o‘rni yaratiladi.

Bu yerda ishlaydigan mutaxassislar hozirda “Sho‘rtan”, “Ustyurt” gaz kimyo majmualari, Buxoro neftni qayta ishlash zavodi hamda Qatar davlatidagi ishlab chiqarish zavodlarida ish o‘rganmoqda.

Bugungi kunda loyiha doirasida shartnomaning 86 foizdan ziyodi bajarilgan bo‘lib, qurilish maydonida 9 ming nafardan ortiq mutaxassis va ishchi, 900 dan ortiq qurilish va maxsus texnika jalb qilingan.

Zavodning qurilish-montaj ishlarini joriy yilning dekabr oyiga qadar tugatish rejalashtirilgan.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar