Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi

Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi

Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish bo‘yicha 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan milliy strategiya tasdiqlandi. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasini amaliyotga tatbiq etish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi kengash O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki tomonidan ishlab chiqilgan “2021-2023 yillarga mo‘ljallangan Moliyaviy xizmatlar ommabopligini oshirish milliy strategiyasi”ni (Milliy strategiya) tasdiqladi. Mazkur hujjat Xalqaro moliya korporatsiyasining mamlakatda moliyaviy savodxonlik va moliyaviy ommaboplik darajasini kompleks hamda xolisona baholash maqsadida aholi bilan o‘tkazgan so‘rovnomasi natijalarini inobatga olgan holda Jahon banki ekspertlari ko‘magida tayyorlangan.

Milliy strategiyada belgilangan vazifalar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 2 martdagi PF-5953-sonli Farmoni bilan tasdiqlangan “2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ga muvofiq bo‘lib, uning bosh maqsadi aholining barcha qatlamlari, shu jumladan, yetarli darajada moliyaviy xizmatlar bilan qamrab olinmagan kam daromadga ega, qishloqlarda istiqomat qilayotgan fuqarolar hamda kichik biznes sub’yektlari uchun sifatli moliyaviy mahsulot va xizmatlardan foydalanish imkoniyati mavjud bo‘lgan dinamik, innovatsion va inklyuziv moliya tizimini yaratishdan iborat.

Milliy strategiya doirasida kelgusi yillarda quyidagi islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan:

- banklarning xizmat ko‘rsatish nuqtalarini kengaytirish, bank xizmatlarini yetkazishning muqobil yo‘llarini joriy etish va bank agentlari tarmog‘ini yaratish orqali bazaviy moliyaviy xizmatlar qamrovini oshirish;

- bozorga yangi fintex kompaniyalarning kirib kelishiga qulay shart-sharoitlar yaratish, masofadan identifikatsiya qilish tizimini yo‘lga qo‘yish, milliy to‘lov tizimini modernizatsiya qilish orqali raqamli moliyaviy xizmatlarni rivojlantirish;

- tadbirkorlar loyihalarini moliyalashtirishga mo‘ljallangan turli moliyaviy vositalarni rivojlantirish va nobank kredit tashkilotlari faoliyatini rivojlantirish orqali kichik tadbirkorlik sub’yektlarini moliyalashtirishni kengaytirish;

- moliyaviy mahsulot va xizmatlar to‘g‘risidagi ma’lumotlarning ochiqligi va shaffofligini ta’minlash, shikoyatlar va nizolarni hal qilishning samarali mexanizmlarini joriy etish orqali moliyaviy xizmatlar iste’molchilari huquqlarining himoyasini kuchaytirish;

- OAV orqali aholining moliyaviy xizmatlardan xabardorligini oshirish, umumta’lim muassasalarida va noiqtisodiy yo‘nalishdagi ta’lim muassasalarida “Moliyaviy savodxonlik” o‘quv dasturini joriy etish, shuningdek, moliyaviy savodxonlikni oshirish bo‘yicha o‘quv dasturlarini ishlab chiqish kabilar orqali aholi va tadbirkorlarning moliyaviy savodxonligini oshirish belgilangan.

Mazkur islohotlar aholining moliyaviy savodxonligini oshirish, bazaviy moliyaviy xizmatlar ommabopligi hamda ulardan foydalanish imkoniyatlarini kengaytirish, aholining kredit va to‘lov tashkilotlariga bo‘lgan ishonchini mustahkamlash orqali aholi farovonligi, moliyaviy tizim va iqtisodiy o‘sishning barqarorligini ta’minlashga hamda mamlakatda yashirin iqtisodiyot ulushining qisqarishiga xizmat qiladi.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar