2019 yil 4 dekabr kuni Toshkent davlat sharqshunoslik institutida yaponshunoslik fakultetining rasmiy ochilish marosimiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Jahon miqyosida yetakchi o‘rinni egallab turgan kunchiqar o‘lka – Yaponiya bilan O‘zbekiston o‘rtasidagi muhim siyosiy-iqtisodiy jarayonlar kechayotgan davrda yaponshunoslik sohasida mutaxassis kadrlar tayyorlash va yetishtirish kabi dolzarb vazifani amalga oshirishda ToshDShIda maxsus yaponshunoslik fakultetining ochilishi alohida ahamiyat kasb etadi.
Shu munosabat bilan, yangi fakultetning ochilish marosimida O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari A.A.Abduhakimov, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri I.U.Madjidov, Yaponiyaning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Fudjiyama Yoshinori janoblari va boshqa fan-ta’lim doiralari vakillari ishtirok etdi.
Bugungi kunda yapon tilini o‘rganish bo‘yicha dunyodagi eng faol davlatlardan biri sanalmish O‘zbekistonda yaponshunoslik sohasini rivojlantirish bo‘yicha Toshkent davlat sharqshunoslik instituti yetakchi o‘rinni egallaydi. 1992 yilda Toshkent davlat sharqshunoslik institutida tashkil etilgan Yapon filologiyasi kafedrasi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun O‘rta Osiyoda yapon tilini o‘qitish bo‘yicha ochilgan birinchi o‘quv maskani sanaladi.
Izoh qoldirish