2020 yilda jismoniy shaxslarga qancha ipoteka kreditlari ajratilgan

2020 yilda jismoniy shaxslarga qancha ipoteka kreditlari ajratilgan

2020 yilda tijorat banklari tomonidan 77 274 nafar jismoniy shaxslarga 9,1 trln. so‘m miqdorida (2019 yilga nisbatan 1,1 trln. so‘mga ko‘p) ipoteka kreditlari ajratilgan. Bu haqda Markaziy bank matbuot xizmati xabar qildi.

Ta’kidlanishicha, 2020 yilda ajratilgan ipoteka kreditlari 2019 yilga nisbatan Toshkent shahrida 87,4 foizga (o‘tgan yilga nisbatan 1 484,6 mlrd. so‘mga ko‘p), Navoiy viloyatida 81,9 foizga (152,1 mlrd. so‘mga ko‘p), Sirdaryo viloyatida 63,2 foizga (122,8 mlrd. so‘mga ko‘p), Samarqand viloyatida 34,8 foizga (225,0 mlrd. so‘mga ko‘p) o‘sdi.

Ipoteka kreditlarining 5,1 trln. so‘mi (jami ajratilgan kreditlarning 56,1 foizi) “Qishloq qurilish invest” IK hamda “O‘zshahar qurilish invest” IK tomonidan qurilgan uylarni, 3,7 trln. so‘mi (40,8 foizi) birlamchi bozordagi uylarni (jumladan, 1,7 trln. so‘mi yangi tartib doirasida ajratilgan), 0,3 trln. so‘mi (3,1 foizi) ikkilamchi bozordagi uylarni sotib olish uchun ajratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 28 noyabrdagi “Ipoteka krediti mexanizmlarini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi PF-5886-sonli Farmoni asosida joriy etilgan yangi tartibga muvofiq, 2020 yilda 7 927 nafar fuqarolarga umumiy qiymati 1747,0 mlrd. so‘m miqdordagi ipoteka kreditlari ajratildi.

Ipoteka kreditlarining 749,0 mlrd. so‘mi (42,9 foizi) 1 va 2 xonali xonadonlarni, 998,0 mlrd. so‘mi esa (57,1 foizi) 3 va undan ko‘p xonali xonadonlarni sotib olish uchun berilgan. Ajratilgan mazkur ipoteka kreditlarining eng yuqori ulushlari Samarqand viloyati (422,1 mlrd. so‘m), Toshkent shahri (343,5 mlrd. so‘mi), Farg‘ona viloyati (174,1 mlrd. so‘m) hamda Surxondaryo viloyatlari (163,1 mlrd. so‘mi) hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.

Ta’kidlab o‘tish joizki, yangi tartib doirasida uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj, subsidiya mablag‘lari ajratilgan 2192 nafar fuqaroga 503,8 mlrd. so‘m miqdorida ipoteka kreditlari ajratilgan. Hududlar kesimida hisoblaganda bunday kreditlarning 49,6 foizi (249,9 mlrd. so‘m) Samarqand, 9,8 foizi (49,3 mlrd. so‘m) Surxondaryo, 7,6 foizi (38,4 mlrd. so‘m) Farg‘ona, 8,5 foizi (42,6 mlrd. so‘m) Buxoro viloyatlariga ajratilgan.


Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar