O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Markaziy Osiyo va Ozarbayjon davlat rahbarlarining sakkizinchi Maslahat uchrashuvidagi nutqi

Hurmatli Serdar Gurbanguliyevich!

Hurmatli davlat rahbarlari!

Avvalo, samimiy qabul va uchrashuvimizni a’lo darajada tashkil etgani uchun Turkmaniston Prezidenti, hurmatli Serdar Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga bildirilgan minnatdorlik so‘zlariga qo‘shilaman.

Biz yana Kaspiy sohilida, Avazada yig‘ildik.

Bugungi uchrashuvimiz alohida ahamiyatga ega bo‘lib, birinchi marta qardosh Ozarbayjon bilan birgalikda o‘tkazilmoqda.

Turkmanistonning raisligini alohida e’tirof etmoqchiman. Biz yil davomida mintaqaviy hamkorlik borasida sezilarli yutuqlarga va ko‘plab muhim masalalar bo‘yicha aniq kelishuvlarga erishdik.

Ko‘p yillardan buyon mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va yaxshi qo‘shnichilikni mustahkamlashga ulkan shaxsiy hissa qo‘shib kelayotgan turkman xalqining Milliy Yetakchisi, hurmatli Gurbanguli Myalikguliyevich Berdimuhamedovga alohida minnatdorlik bildiraman.

Hurmatli delegatsiyalar rahbarlari!

So‘nggi yillarda Markaziy Osiyoda katta o‘zgarishlar bo‘ldi. Mamlakatlarimiz o‘rtasidagi munosabatlarning muhiti o‘zgardi. Biz tez-tez uchrashib, masalalarni ochiq muhokama qilib, yechimlar topib, bir-birimizni qo‘llab-quvvatlay boshladik.

Bunda bizning Maslahat uchrashuvlarimiz katta rol o‘ynadi. Ushbu formatni yaratar ekanmiz, biz oddiy tushunchadan kelib chiqib ish tutgan edik: Markaziy Osiyoning farovonligi va xavfsizligi to‘g‘ridan-to‘g‘ri mamlakatlarimiz o‘rtasidagi ishonchga bog‘liqdir.

XXI asrda Markaziy Osiyoni rivojlantirish maqsadida Do‘stlik, yaxshi qo‘shnichilik va hamkorlik to‘g‘risidagi shartnomani tuzish jarayonlarining yakunlanishi tarixiy voqea bo‘ldi.

Bunda biz ulkan va murakkab tuzilmalarni tuzishga intilmaymiz. Bizga kuchli, suveren va mustaqil davlatlar o‘zaro hurmat, ishonch va sog‘lom pragmatizm asosida hamkorlik qiladigan moslashuvchan va tushunarli format kerak.

Aynan ana shunday yondashuv allaqachon o‘z natijasini berdi. Mintaqamiz xalqaro maydonda ancha ishonchli va sezilarliroq tarzda namoyon bo‘lmoqda. “Markaziy Osiyo plyus” formatlariga bo‘lgan qiziqish tobora ortib borayotgani, shuningdek, tashqi hamkorlarimiz doirasi doimiy ravishda kengayayotgani ham buni tasdiqlaydi.

Hurmatli hamkasblar!

Bizning yaqinlashuvimiz murakkab bir davrda yuz bermoqda. Dunyo tez o‘zgarmoqda, keskinlik ortmoqda, savdo va transport aloqalari qayta qurilmoqda, yangi xavf-xatarlar paydo bo‘lmoqda. Bunday vaziyatda o‘z harakatlarimizni yanada yaqinroq muvofiqlashtirish muhimdir.

Biz kelgusidagi birgalikdagi faoliyatimiz uchun muhim, deb hisoblaydigan bir nechta yo‘nalishga to‘xtalib o‘tmoqchiman.

Birinchi. Markaziy Osiyo va qo‘shni mintaqalar o‘rtasidagi hamkorlikning navbatdagi bosqichini belgilab olishimiz kerak.

Amalda biz tarixiy, iqtisodiy va transport aloqalariga ega bo‘lgan yagona hamkorlik makonini shakllantirishimiz mumkin. Bugun ularni yanada mustahkamlash va aniq mazmun bilan boyitish imkoniyati paydo bo‘lmoqda. Bu yerda so‘z mamlakatlarimiz birgalikda savdo, transport, energetika, sanoat va yangi texnologiyalarni rivojlantirishi mumkin bo‘lgan ulkan makon haqida bormoqda.

Ushbu masalalarni biz kelgusi yilda Toshkentda o‘tkazadigan “Tinchlik va barqaror o‘zaro bog‘liqlik yo‘lidagi mintaqalararo muloqot: Markaziy Osiyo yondashuvi” deb nomlangan xalqaro konferensiyada batafsil muhokama qilishni taklif etamiz.

Ikkinchi. Mintaqaviy muloqotimiz quriladigan asosni mustahkamlashimiz kerak.

Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvlari faoliyatini tartibga soladigan normativ-huquqiy bazani takomillashtirish bo‘yicha ishlarni davom ettirishni taklif etamiz.

Bunda faqat hujjatlar soni o‘z-o‘zidan hech narsani hal qilmaydi. Eng muhimi, qabul qilingan qarorlar bajarilishi va natija berishi kerak.

Uchinchi. Iqtisodiy hamkorlik yangi darajaga ko‘tarilishi kerak.

Biz o‘zaro savdo va investitsiyalar hajmining o‘sishi bo‘yicha o‘z oldimizga jiddiy maqsadlar qo‘yganmiz. Endi bu o‘sish nimaning hisobiga ta’minlanishini belgilab olish zarur.

So‘z, birinchi navbatda, yirik loyihalarni tezroq ishga tushirish imkonini beradigan qo‘shma sanoat va texnologik zanjirlar, umumiy raqamli xizmatlar va investitsiya mexanizmlari haqida gap bormoqda. Bunda Savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha 2035 yilgacha mo‘ljallangan keng qamrovli mintaqaviy dastur muhim o‘rin tutadi. Ushbu hujjat mintaqaning asosiy ustunligi – umumiy geografiyamizdan foydalanishda yordam beradigan amaliy vositaga aylanishi kerak.

Buning uchun savdo-sotiq yo‘lidagi to‘siqlarni izchil bartaraf etish, sanoat kooperatsiyasini kengaytirish va qo‘shma loyihalarni ko‘proq ishga tushirish zarur.

Biz bir-birimiz bilan odatdagi savdo-sotiq qilish endi yetarli bo‘lmagan davrga yetib kelganmiz. Birgalikda yakuniy mahsulot yaratish lozim.

“Olti iqtisodiyot – bitta mahsulot” formulasi biz qanday marraga intilishimiz kerak ekanini yaxshi ifodalaydi.

Bir nechta mamlakat korxonalari yagona ishlab chiqarish zanjirida ishtirok etganida, mahsulotlar birgalikda yaratilganida mamlakatlarimiz iqtisodiyoti o‘rtasida butunlay boshqa – odatiy tovar ayirboshlashga qaraganda ancha mustahkam – aloqalar paydo bo‘ladi.

Bu boradagi ishlarni rivojlantirish uchun 2027 yilda qadimiy Xiva shahrida Markaziy Osiyo va Ozarbayjon biznes forumini o‘tkazishni taklif etamiz.

Ayni paytda qo‘shma investitsiya loyihalarini moliyaviy-texnik jihatdan qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha maxsus platformani yaratishni muhim, deb hisoblayman. Yirik g‘oyalar ko‘pincha nafaqat investitsiyalarni, balki jiddiy tayyorgarlik, ekspertiza, tushunarli moliyaviy vositalar va qo‘llab-quvvatlashni ham talab qiladi.

Savdo va investitsiyalar vazirlari kengashiga Ashxobodda o‘tkaziladigan navbatdagi majlisda bu masalani atroflicha ko‘rib chiqishni topshirishni taklif etaman.

To‘rtinchi. Mamlakatlarimizni zamonaviy transport va logistika tarmog‘i bilan bog‘lashimiz zarur.

Mintaqamiz global savdoning quruqlikdagi eng muhim yo‘nalishlaridan biriga va ayni paytda iqtisodiy faollikning yirik markaziga aylanishi mumkin. Ammo buning uchun faqat yo‘l va temir yo‘llar qurishnng o‘zi yetarli emas.

Transport infratuzilmasini rivojlantirish bo‘yicha umumiy mantiq zarur. Yo‘nalishlar bir-birini davom ettirishi va yagona tizim sifatida ishlashi uchun yirik loyihalarni o‘zaro muvofiqlashtirish zarur.

Yangi transport yo‘laklari bo‘ylarida ishlab chiqarish, logistika va xizmat ko‘rsatish ob’yektlari, sanoat zonalari paydo bo‘lishi kerak. Ana shunda transport yo‘nalishlari o‘z atrofida iqtisodiy tizim yaratadi va ushbu yo‘llar o‘tgan har bir davlatga ancha katta samara keltiradi.

Bunday muvofiqlashtiruv uchun Infratuzilmaviy rivojlanish bo‘yicha kengashni tuzishni tezlashtirishni taklif etamiz. Kengashning birinchi majlisini O‘zbekistonda o‘tkazishga tayyormiz.

Energetika umumiy kun tartibimizda alohida o‘rin tutadi.

Mintaqamiz turli resurslarga ega. Uglevodorodlarning katta zaxiralari va gidroenergetika, quyosh hamda shamol energiyasi bo‘yicha ulkan salohiyat mavjud. Aynan mana shu xilma-xillik mamlakatlarimizga bir-birini to‘ldirish imkonini beradi. Bundan oqilona foydalanib, mintaqada energetikani rivojlantirishga kompleks yondashish zarur.

Bu borada “yashil” energetika tobora katta rol o‘ynaydi.

Kam uglerodli energetika salohiyati bo‘yicha qo‘shma konsepsiyani tayyorlashni taklif etamiz. U yangi ishlab chiqarish quvvatlarini qurish, energiyani saqlashning zamonaviy tizimlarini rivojlantirish va yangi energetika yo‘laklarini yaratishni yaxshiroq muvofiqlashtirish imkonini beradi.

Suv va iqlim masalalari birgalikdagi yechimlarni talab qiladigan yana bir yo‘nalishdir.

Suv resurslari taqchilligi Markaziy Osiyo taraqqiyoti uchun tobora jiddiy to‘siqqa aylanmoqda. Iqlim o‘zgarmoqda, aholi soni o‘smoqda, qishloq xo‘jaligi va infratuzilmaga tushayotgan bosim ortmoqda.

Shuning uchun bizda qancha suv borligi va undan qanday foydalanilayotganini aniqroq tushunib olishimiz zarur. Zamonaviy raqamli monitoring tizimlari, irrigatsiya tarmoqlarini modernizatsiya qilish va suvni tejaydigan texnologiyalarni keng joriy etish kerak.

Bugungi kunda katta suv yo‘qotishlari mintaqamiz uchun juda qimmatga tushmoqda. Aynan shu bois Markaziy Osiyoda suvdan oqilona foydalanish bo‘yicha amaliy harakatlar o‘n yilligi haqidagi umumiy tashabbusimizni to‘liq amalga oshirish muhim.

Kelgusi yildan boshlab, O‘zbekiston Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasida raislikni qabul qilib oladi. Biz bu missiyaga katta mas’uliyat sifatida qaraymiz.

Raisligimiz davridan Jamg‘arma ishini yanada samarali tashkil etish, yangi ekologik loyihalarni ishga tushirish va qo‘shimcha moliyaviy mablag‘larni jalb qilish uchun foydalanish niyatidamiz.

Suv resurslaridan foydalanish masalalari bo‘yicha Afg‘oniston bilan muloqotga alohida e’tibor qaratish lozim. Bu muloqot doimiy va aniq mazmunga ega bo‘lishi, mintaqadagi barcha mamlakatlarning manfaatlarini hisobga olishi shart.

Havoning ifloslanishi shaharlarimiz uchun eng dolzarb muammolardan biri bo‘lib qolmoqda.

Yaqinda O‘zbekiston “Markaziy Osiyo toza havosi” xalqaro konsorsiumini tashkil etishni taklif etdi. Uning faoliyatini aniq qo‘shma loyiha: mamlakatlarimiz sanoat zonalari, agroklasterlari va transport bog‘lamalarini ekologik jihatdan modernizatsiya qilish bo‘yicha pilot dasturidan boshlash mumkin. Bu muammoni muhokama qilishdan, atrof-muhitga bosim ayniqsa katta bo‘lgan joylarda amaliy ishga o‘tish imkonini beradi.

Muhim minerallar – ahamiyati tez o‘sib borayotgan yana bir mavzudir.

Mamlakatlarimiz zamonaviy sanoat, energetika va yangi texnologiyalar uchun zarur bo‘lgan xomashyoning katta zaxiralariga ega. Bu borada birgalikda harakat qilishimiz muhim. O‘zbekistonning Muhim minerallar bo‘yicha mintaqaviy alyansni tashkil etish borasidagi tashabbusi bo‘yicha ishlarni faollashtirishni taklif qilamiz.

Markaziy Osiyoning muhim minerallar zaxiralarining yagona raqamli xaritasini yaratish bu borada birinchi qadamlardan biri bo‘lishi mumkin. Bunday resurs mintaqa salohiyati haqida to‘liqroq tasavvur beradi va xalqaro investorlarga mamlakatlarimiz bu yo‘nalishni birgalikda rivojlantirishga tayyor ekanini ko‘rsatadi.

Masalalarning navbatdagi katta bloki texnologik rivojlanish bilan bog‘liq.

Sun’iy intellekt va katta hajmdagi ma’lumotlar bilan ishlash allaqachon sanoat, transport, energetika, qishloq xo‘jaligi, ta’lim, davlat boshqaruvini o‘zgartirmoqda.

Mamlakatlarimiz iqtisodiyotining ishlab chiqarish samaradorligi va kelajakda raqobatlasha olish qobiliyati ko‘p jihatdan shu texnologiyalarga bog‘liq bo‘ladi. Shu bilan birga, raqamli loyihalar ko‘pincha yirik infratuzilmaviy qurilishga qaraganda tezroq natijaga erishish imkonini beradi.

Shu bois, mamlakatlarimiz imkoniyatlarini birlashtirish va Umumiy hisoblash infratuzilmasini yaratishni boshlashni taklif qilamiz. Milliy ma’lumotlar markazlarining o‘zaro bog‘langan tarmog‘i uning asosi bo‘lishi mumkin. Bu hisoblash quvvatlaridan samaraliroq foydalanish, o‘zimizning raqamli mahsulotlarimizni rivojlantirish va sun’iy intellekt sohasida yirik loyihalar uchun sharoit yaratish imkonini beradi.

Biroq faqat infratuzilmaning o‘zi yetarli emas. Biz uchun bir vaqtning o‘zida mutaxassislar, ilmiy tadqiqotlar va kuchli texnologik kompaniyalar kerak. Shu bois, tarmoq uchun kadrlarni tayyorlash bo‘yicha qo‘shma dasturlarni ishga tushirish, ilmiy loyihalarni qo‘llab-quvvatlash va texnologik tadbirkorlik uchun ko‘proq imkoniyatlar yaratishni taklif qilamiz.

Va nihoyat, mintaqamiz kelajagi uchun eng muhim masalalardan biri – bu inson resurslari.

Mamlakatlarimiz katta demografik salohiyatga ega. Aholi soni oshmoqda, yoshlar ko‘paymoqda va mintaqa iqtisodiyoti o‘n, yigirma, o‘ttiz yildan keyin qanday bo‘lishi ko‘p jihatdan aynan ularning ta’limi va kasbiy tayyorgarligi sifatiga bog‘liq bo‘ladi.

Shu bois, ta’lim va yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamkorligimizda alohida o‘rin egallashi lozim. Biz kelgusida mamlakatlarimiz iqtisodiyotiga qanday mutaxassislar kerak bo‘lishini yaxshiroq tushunib olishimiz kerak. Buning uchun talab yuqori bo‘lgan kasblar va kompetensiyalarning mintaqaviy atlasini ishlab chiqishni taklif qilamiz. Unda bugungi kunda mutaxassislar tanqisligi sezilayotgan va yaqin yillarda talab o‘sib boradigan yo‘nalishlar bo‘yicha mamlakatlarimizning prognoz ma’lumotlarini birlashtirish mumkin.

Bu universitetlar va kasb-hunar ta’limi muassasalariga iqtisodiyotning real ehtiyojlarini oldindan hisobga olish imkonini beradi.

Istiqbolda biz mintaqaning bir nechta mamlakatida bir vaqtning o‘zida amalga oshirilayotgan aniq yirik loyihalar uchun ham kadrlar tayyorlay olamiz. Shu tariqa, ta’lim sanoat, transport, energetika, raqamli texnologiyalar va boshqa tarmoqlar rivoji bilan bevosita bog‘liq bo‘ladi.

Muhtaram davlat rahbarlari!

So‘nggi yillarda biz ko‘p narsaga erishdik. Endi bu o‘zgarishlarni mustahkamlash va hamkorligimizni kelgusi o‘n yilliklar davomida barqaror qilish muhimdir.

Formula oddiy: taraqqiyot va xavfsizlik yo‘lida birdamlik va ishonch.

Biz kelgusi avlodlarga qanday mintaqa qoldirishimiz uchun javobgarmiz. U tinch, xavfsiz, iqtisodiy jihatdan kuchli bo‘lishi va odamlarga munosib yashash, mehnat qilish, o‘qish hamda farzandlarni voyaga yetkazish imkoniyatlarini berishi kerak.

Ozarbayjonni Maslahat uchrashuviga raislikni qabul qilib olgani bilan tabriklaymiz.

Ishonchimiz komilki, Ozarbayjon rahbarligida formatimiz doirasidagi ishlar qo‘shimcha sur’atga ega bo‘ladi, qardoshlik hamkorligi esa birlik, ishonch va birdamlikni mustahkamlashga xizmat qiladi.

So‘zimning yakunida hurmatli Sardor Gurbanguliyevich Berdimuhamedovga mehmondo‘st Turkmaniston zaminidagi samimiy qabul va uchrashuvimiz ajoyib tashkil etilgani uchun yana bir bor samimiy minnatdorlik bildiraman.

E’tiboringiz uchun rahmat.

Maqolani ulashing

O'xshash yangiliklar